Prezident Surxondaryoga bordi
Dastlab Hakim at-Termiziy maqbarasi ziyorat qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 noyabr kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif dasturi keng koʻlamli. Iqtisodiy yoʻnalishda gazni qayta ishlash, gidroenergetika, charm sanoati, qishloq xoʻjaligi, tadbirkorlik loyihalari koʻzdan kechiriladi. Ijtimoiy sohalarda ichimlik suvi taʼminoti, mahalla tizimi, sogʻliqni saqlash, yoshlar masalalariga eʼtibor qaratiladi.
Dastlab olim Hakim at-Termiziy maqbarasi ziyorat qilindi. Qurʼon oyatlari tilovat etilib, Allohdan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duo oʻqildi.
Ulamolar bilan suhbatda bugun dunyoda turli nizo va urushlar boʻlayotgani, begunoh insonlar qoni toʻkilayotgani afsus bilan qayd etildi. Bu yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik qadrini yanada teran anglatib, insonda shukronalik ruhini uygʻotadi. Bu neʼmatlar ahamiyatini, Termiziy kabi bobolarimiz ilm-maʼrifatini yoshlarga yetkazish muhimligi taʼkidlandi. Shu masalalar boʻyicha Termizda ilmiy konferensiya oʻtkazish taklifi bildirildi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.