Bayden XXR rahbarini oʻzaro uchrashuvdan soʻng "diktator" deya atadi
16 noyabr kuni ikki davlat rahbarlari San-Fransiskoda uchrashdi.
AQSh prezidenti Jo Bayden XXR yetakchisi Si Szinpin bilan muzokaralardan soʻng uni “diktator” deya atab, fikrini oʻzgartirmaganini aytdi.
Baydenning uchrashuvdan soʻng, jurnalistlarga maʼlum qilishicha, Si Szinpin aynan shunday.
“Hukumati biznikidan mutlaqo farq qiladigan kommunistik mamlakatni boshqarayotgan yigit diktatordir”, - deydi u.
Eslatib oʻtamiz, 16 noyabr kuni AQSh prezidenti Jo Bayden va XXR raisi Si Szinpin oʻrtasidagi ikki tomonlama uchrashuv yakunlangan. Ikki davlat rahbarlarining muzokaralari 2,5 soatdan sal kamroq davom etdi.
Tomonlar xalqaro munosabatlarga oid fikrlar almashgan. Jumladan, Xitoy rahbari ikki davlat oʻrtasidagi mojaro ulkan va tuzalmas oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. Si shuningdek, AQSh Tayvanga qurol-yarogʻ bilan yordam berayotganini tanqid ostiga olgan.
Eslatib oʻtamiz, Bayden avval ham Si Szinpinni diktator, Ukraina voqealaridan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putinni "qotil" deya atagandi.