Toshkent viloyatida amaldor jinoyat ustida ushlandi
U bir fuqaroni rahbar sifatida ishga joylashtirishda koʻmaklashish evaziga 50 ming dollar talab qilgan.
“Koʻmir taʼminot” MChJ Toshkent viloyati filiali boshligʻi, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan shaxs mazkur korxonaning hozirgi kunda vakant hisoblangan Sirdaryo viloyati filialiga rahbar sifatida ishga qabul qilinishida koʻmaklashish evaziga fuqarodan 50 ming dollar talab qildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan departamentning viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur rahbar soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, 1964 va 1982 yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs firibgarlik yoʻli bilan qurilish ishlari bilan shugʻullanuvchi tadbirkordan 20 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.
Maʼlum boʻlishicha, ular Samarqand viloyatida joylashgan qishloq vrachlik punktlari va poliklinikalarni joriy taʼmirlash uchun hukumat qarorlari asosida byudjet mablagʻlari ajratilishini aytib, oʻzlarining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 34 mlrd. soʻmlik pudrat shartnomasini tadbirkorga tegishli MChJga toʻgʻridan-toʻgʻri olib berishni vaʼda qilishgan. Keyinchalik esa mazkur pudrat shartnomasi qiymatidan 8 foizini ulush sifatida berishini talab etishgan.
Hozirda ikkala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.