Ukraina bosh qoʻmondoni frontdagi vaziyatni "ogʻir" deb atadi
Rossiya tomoni Ukraina qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga ishonch bildirmoqda.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Valeriy Zalujniy AQSh shtab boshliqlari qoʻmitasi raisi, general Charlz Braun bilan telefon orqali suhbatda jangovar hududlardagi vaziyatni “murakkab, ammo nazorat qilish mumkin” deb atadi.
Uning soʻzlariga koʻra, Avdiyivka, Kupyansk va Marinsk yoʻnalishlari "eng ogʻir" boʻlib qolmoqda.
“Biz qishki rejalarimizni ham muhokama qildik va Ukraina armiyasining favqulodda ehtiyojlariga alohida eʼtibor qaratdik. Gap birinchi navbatda snaryadlar, havo mudofaa tizimlari va uchuvchisiz moslamalar haqida bormoqda. Biz harbiy xizmatchilarimizni tayyorlash va boʻlinmalarning jangovar samaradorligini tiklash masalalarini muhokama qildik”, — deb yozdi Zalujniy oʻzining telegram-kanalida.
Amerika rasmiylariga koʻra, Ukrainadagi mojarolar chogʻida Ukraina Qurolli kuchlarining oʻrnini tiklab boʻlmaydigan yoʻqotishlari 70 ming kishini tashkil etgan, 120 mingga yaqin kishi jarohatlangan, deb yozgan The Economist noyabr oyida. Avgust oyida The New York TImes gazetasi Gʻarb rasmiylari va tahlilchilarining hisob-kitoblariga tayanib, Ukraina armiyasining yoʻqotishlari 150 ming harbiy xizmatchi halok boʻlgan va yaralangani haqida yozgan edi.
Oʻtgan dekabr oyida Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak harbiy harakatlar boshlanganidan beri 10 mingdan 13 minggacha harbiy halok boʻlganini ma]lum qilgandi. Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Aleksey Reznikov joriy yilning aprel oyida qurolli kuchlarning jangovar harakatlar boshlanganidan beri yoʻqotishlari Turkiyadagi zilzila qurbonlari sonidan kamroq ekanligini aytdi ( Turkiyada qurbonlar soni 50 ming kishidan oshdi).
Rossiya tomonining maʼlumotlariga koʻra, faqat iyun oyida qarshi hujum boshlanganidan beri Kiyev 90 mingdan ortiq harbiy xizmatchini yoʻqotdi va yarador boʻlgan.
Rossiya tomoni Ukraina hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga ishonch bildirmoqda.
Kiyev qarshi hujumdagi qiyinchiliklarni tan oladi. Podolyak buni qurol-yarogʻ yetkazib berishdagi kechikishlar tufayli "rejadan tashqarida" ekanligini tushuntirdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevning bu yil va kelgusi yil uchun hujum rejasi borligini va Ukraina Qurolli kuchlari joriy yil oxirigacha “natija koʻrsatishga” harakat qilishini taʼkidladi.