platina.uz
Jamiyat

“Mening birinchi uyim” dasturi boʻyicha arzon uylar qurish boshlanadi

Quriladigan uy-joylar aholiga imtiyozli va bozor shartlarda realizatsiya qilinadi. 

“Mening birinchi uyim” dasturi boʻyicha arzon uylar qurish boshlanadi

Oʻzbekiston Prezidentining “Mening birinchi uyim” dasturining birinchi bosqichini tajriba-sinov tariqasida boshlash haqidagi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha dastlab Zangiota tumanidagi Turkiston mahallasi hududida boshlanadi.

Davlat rahbari mazkur yangi ipoteka dasturi haqida 2022 yil 20 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida maʼlum qilgan va Dastur doirasida, birinchi navbatda turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar qurilishini aytgan edi.

Jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan hujjat loyihasiga koʻra, qurilish ishlarini muvofiqlashtirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish direksiyasi tashkil etiladi.

Qayd etilishicha, Dasturning amalga oshirilishida Turkiya Respublikasi davlat uy-joy boshqarmasi (TOKI) bilan hamkorlik qiliinadi. TOKI Turkiyada kam va oʻrta daromadli oilalar uchun ijtimoiy uylar qurish boʻyicha katta tajribaga ega.

Bundan tashqari, Dastur doirasida:

• koʻp kvartirali uy-joylar, yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilma obʼektlarini samarali joylashtirish, loyihalashtirish hamda qurish ishlarini tashkil etish Direksiya tomonidan amalga oshiriladi;

• koʻp kvartirali uy-joylar, yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilma obʼektlarini loyihalashtirish va qurish ishlarini amalga oshiradigan tadbirkorlik subʼektlari tender savdolari asosida aniqlanadi;

• Dastur doirasida quriladigan uy-joylar aholiga imtiyozli va bozor shartlarda realizatsiya qilinadi;

• imtiyozli uy-joylar oxirgi 5 yil davomida mulk huquqi asosida uy-joyga ega boʻlmagan oilalarga, 15 foiz miqdorda boshlangʻich toʻlov asosida 20 yil muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash shartlarida realizatsiya qilinadi;

• uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga imtiyozli uy-joylar boʻyicha boshlangʻich toʻlovining bir qismini qoplash uchun – qatʼiy belgilangan 32 million soʻm miqdorida, oylik toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun – besh yil davomida har oylik qatʼiy belgilangan 1 million soʻm miqdorida Davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar beriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid