Ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari ushlandi
Buxoroda xodim ayblanuvchini hibsdan chiqarish uchun 10 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati oʻtkazgan tezkor reydlar natijasida ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari qoʻlga olindi.
Jumladan, Buxoro viloyatida kuzatilgan holatda esa oʻzini ichki ishlar idoralari xodimi deb tanishtirgan shaxs mahalliy fuqarodan uning tanishiga nisbatan Ichki ishlar organi tomonidan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan mazkur shaxsni tergov hibsxonasidan chiqarish va unga nisbatan yuritilgan jinoyat ishini harakatdan tugatishni hal qilib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs oldindan 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Milliy Gvardiya Xorazm viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi Shovot tumani qoʻriqlash boʻlimi texnik qoʻriqlash markazi boshligʻi firibgarlik yoʻli bilan 1400 AQSh dollari hamda 1,2 mln soʻm pullarni olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, u mahalliy fuqaroni Milliy Gvardiya tizimiga ishga joylashtirib qoʻyishni vaʼda qilgan.
Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamentining shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda advokatlik byurosi advokati firibgarlik yoʻli bilan fuqarodan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. Maʼlum boʻlishicha, advokat oʻzining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida ishlovchi tanishlari orqali fuqarolik ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudining 2023 yil oktabr oyidagi hal qiluv qarorini sudning appellyatsiya instansiyasi jarayonida fuqaro (sudlanuvchi) foydasiga oʻzgarishsiz qoldirish masalasini hal qilib berishni vaʼda qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Kecha DXX tezkor tadbirda "Bek Baraka" bozori direktori oʻrinbosarini pora bilan ushlagandi.