Goʻdaklar oʻldirilishini nohaqlik deb bilamiz — Abdulla Aripov
Oʻzbekiston bosh vaziri Saudiya Arabistonida oʻtgan arab va musulmon mamlakatlari davlat hamda hukumat rahbarlarining navbatdan tashqari sammitida qatnashdi.
Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Saudiya Arabistonida oʻtgan arab va musulmon mamlakatlari davlat hamda hukumat rahbarlarining navbatdan tashqari sammitida Oʻzbekiston Falastin bilan birga ekanini yana bir bor qatʼiy bildirdi.
“Goʻdaklar oʻldirilishini qabul qilib boʻlmaydigan nohaqlik deb bilamiz. Biz qurolli toʻqnashuvlarda halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga samimiy taʼziyamizni izhor qilamiz”, dedi Abdulla Aripov.
Shuningdek, Abdulla Aripov Oʻzbekiston Falastinning BMT va Islom hamkorlik tashkilotining muqaddam qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq oʻz mustaqil davlatini barpo etishga boʻlgan huquqini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
Bundan tashqari, Aripov barcha aʼzo davlatlarni muqaddas Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa tabarruk maskanlarning daxlsizligini taʼminlash uchun oʻz imkoniyatlarini safarbar etishga chaqirdi.