platina.uz
Jamiyat

DXX “Bek Baraka” bozori direktori oʻrinbosarini pora bilan ushladi

U bozor balansidagi yangi tipda qurilgan yengil konstruksiyali savdo doʻkonini sotmoqchi boʻlgan. 

DXX “Bek Baraka” bozori direktori oʻrinbosarini pora bilan ushladi

DXX “Bek Baraka” bozori direktori oʻrinbosarini qoʻlga oldi.

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan “Bek Baraka ixtisoslashgan savdo kompleksi” MChJ direktori oʻrinbosari firibgarlik yoʻli bilan bozor balansidagi yangi tipda qurilgan yengil konstruksiyali savdo doʻkonini sotmoqchi boʻldi.

U oʻzining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga olib berish evaziga 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Departamentning shahar boshqarmasi bilan oʻtkazilgan faol tadbirda ushlandi.

Davlat kadastrlari palatasining Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumani filiali xodimi va 1981 y.t. shaxs oʻzaro til biriktirib, dehqonchilik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga tumandagi fermer xoʻjaliklaridan biriga tegishli 17 gektar yer maydonini ijaraga olib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Ular soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan jinoyat ustida qoʻlga olindi.

Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi shaxs aldov yoʻli bilan oʻzganing ishonchiga kirib, unga tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 55 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali olib berish evaziga 55 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻidan 11 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʻona tumanida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs bogʻdorchilikka ixtisosolashgan fermer xoʻjalikning 13 gektar yer maydonini xaridorga 20 ming AQSh dollariga sotishga va hokimiyatdagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishga kelishib, oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi dehqon xoʻjalik rahbari tuman hokimining 2019 yildagi qarori bilan dehqon xoʻjaligi tashkil etish hamda vaqtincha foydalanish uchun ajratilgan 2 gektar yer maydonini xaridorga 300 mln. soʻmga sotishga kelishadi.

DXX Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda dehqon xoʻjalik rahbari talab qilingan pul mablagʻidan 8200 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid