Makron Gʻazodagi oʻlimlar haqida keskin gapirdi, Isroil javob qaytardi
Fransiya prezidenti Isroilni "bas qilish"ga chaqirdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron BBC bilan suhbatda Isroilni tinch aholisi oʻlayotgan Gʻazo sektorini bombardimon qilishni bas qilishga chaqirdi. Shu bilan birga, Makron Fransiya HAMAS tomonidan sodir etilgan harakatlarni keskin qoralashini aytgan.
"De-fakto - bugun tinch aholi bombalanmoqda - de-fakto. Bolalar, ayollar, qariyalar bombardimon qilinmoqda va oʻlmoqda. Buning uchun hech qanday sabab va qonuniy asos yoʻq. Shuning uchun biz Isroilni toʻxtashga chaqiramiz”, — dedi Makron Gʻazo urushi va gumanitar yordam boʻyicha xalqaro konferensiyadan soʻng Yelisey saroyida bergan intervyusida.
Isroil xalqaro huquqni buzyaptimi, degan savolga Makron bu uning hukm qilish joyi emasligini aytdi.
Makron Isroilning oʻzini himoya qilish huquqini tan oladi, biroq ayni paytda oʻt ochishni toʻxtatish isroilliklarning oʻziga ham foyda keltirishiga ishonadi. "Shuning uchun biz ularni bu portlashlarni toʻxtatishga chaqiramiz", dedi Fransiya prezidenti.
Oʻz navbatida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Makronga javob qaytardi.
Netanyaxuning aytishicha, jahon hamjamiyati Isroilni emas, HAMASni qoralashi kerak. Bosh vazir hozirgi qarama-qarshilik chogʻida Gʻazo sektori tinch aholining oʻlimi uchun toʻliq javobgarlikni HAMAS harakati zimmasiga yukladi.
Netanyahuning iddaosiga koʻra, Isroil armiyasi tinch aholiga zarar yetkazmaslikka harakat qiladi va ularni janglar ketayotgan hududlarni tark etishga undaydi, HAMAS esa ulardan “qalqon” sifatida foydalanadi.
Netanyaxu oʻz bayonotida "HAMASning Gʻazodagi jinoyatlari" tez orada Parij, Nyu-York va butun dunyoda takrorlanishi mumkinligi bilan tahdid qildi.