Avval oʻzingizga boqing…
Bu gaplar bir qulogʻimga quloqchin taqib olgan menga ham tegib ketdi. Qulogʻimdagini oldim-da, ularning boʻlgʻusi maroqli suhbatlarini eshitishga qaror qildim.
Metro doimgidek tiqilinch. Hamma bir amallab chiqib olsa boʻldi. Ur-sur, baqir-chaqir, yigitlarning qoʻli sochiga tegib ketgani uchun yuz burishtirgan qizlar, joy bermay oʻtirib olgani uchun yoshlarga yovqarash qilib turgan "keksalar".
Men chiqqan poyezdning bekatiga oʻrta yoshdagi ikki erkak chiqdi. Chiqar-chiqmasidan yoshlarning qoʻlidan telefon, qulogʻidan quloqchin tushmasligini bir nechta fahsh soʻzlar bilan aytib shikoyat qilishni boshlashdi.
— Eh, bu yoshlar qulogʻiga naushnikni tiqib oladi-da, gapirsang ham eshitmaydi.
Bu gaplar bir qulogʻimga quloqchin taqib olgan menga ham tegib ketdi. Qulogʻimdagini oldim-da, ularning boʻlgʻusi maroqli suhbatlarini eshitishga qaror qildim.
— Gapirmang, kecha bir teatrga borgan edim, yoshlar uchun juda ajoyib spektakl qoʻyilyapti. Orqa oʻrindiqlarga qarasam, bir olam maktab oʻquvchilari oʻtiribdi. Hammasining qoʻlida telefon. Hoy, xudobexabarlar, spektakl koʻrsang boʻlmaydimi, degingiz keladi.
— Ha, nima deysiz? Majburlab olib kelishgandir-da.
Qoʻldan telefon, quloqdan naushnik... Ha, keyin boshimizga oʻtishdi.
— Bular yoʻlda ham boshini telefondan koʻtarmaydi. Hatto chorrahadan oʻtayotganda ham. Bir marta jarima toʻlasang, koʻrasan.
“Chilonzor bekati. Eshik oldida turgan yoʻlovchilar vagon oʻrtasiga oʻtishingizni soʻraymiz. Kirayotgan va chiqayotgan yoʻlovchilarga xalaqit bermang.”
Metro toʻxtadi. Kimlardir tushdi, kimlardir chiqdi. Vagon eshiklari yopilish arafasida ikki suhbatdoshdan biri gapirayotgan joyida toʻxtadi-da, soʻradi:
— Chilonzormi? Mening bekatim-ku. Tushaman, — dedida, yoʻlidagi barcha odamlarni urib-surib chiqib ketdi.
Sherigi esa atrofdagilarga birrov qaradi-da, telefonini qoʻliga olib baland ovozda Feysbukdan video koʻrib ketdi.
Eh, hammasiga kulib qoʻydim. Shuncha payt gʻiybat emas, qoʻshiq eshitib ketganimda har holda miyam dam olardi, dedim-da, bir quloqli naushnigimni quloqqa tiqib, bekatimda tushib qoldim.
Odinaxon Dehqonova