Qoʻshtepa kanali: muammoga yechim bormi? Siyosatshunos Hamid Sodiq bilan suhbat

Mazkur kanal toʻla quvvat bilan ishga tushsa, Oʻzbekistonda shundoq ham ogʻir boʻlib turgan suv muammosini battar murakkablashtirib yuborishi kutilmoqda.

Intervyu
1-noyabr 2023 yil

Yon qoʻshnimiz Afgʻoniston transchegaraviy daryo boʻlmish Amudaryo suvining deyarli yarmini olib qoʻyishga qodir Qoʻshtepa kanalini qazishni boshladi. Loyihaning birinchi bosqichi yakunlandi ham. Mazkur kanal toʻla quvvat bilan ishga tushsa, Oʻzbekistonda shunday ham ogʻir boʻlib turgan suv muammosini battar murakkablashtirib yuborishi kutilmoqda. Xoʻsh, bunday sharoitda Oʻzbekiston qanday yoʻl tutishi kerak? Qanday vositalarni ishga solib, muammoni hal qilish mumkin?

Biz “Xalqona” dasturi loyihasida ana shu savollarga javob topish maqsadida siyosatshunos Hamid Sodiq bilan suhbatlashdik.

- Afgʻonistonning Qoʻshtepa kanalini qurayotgani qanchalik xavotirli va Oʻzbekiston uchun qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin?

- Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilganidan keyin, 2021 yilda ikkinchi tolibon hukumati hokimiyat tepasiga kelgan edi. U maʼlum bir resurslarga ehtiyoj sezadi. Masalan, suv resurslaridan foydalanishga harakat qiladi. Birinchi tolibon hukumatini oladigan boʻlsak, u oʻz resurslarini shakllantira olmadi. Aslida ham davlat deb, resurslarni qidiradigan, topadigan va taqsimlash uchun legitim kuch ishlatadigan siyosiy tashkilotga aytiladi. Davlatning resursi boʻlmasa u odamlarni boshqara olmaydi. Shu nuqtai-nazardan, Tolibon ham, taʼkidlaganimizdek, maʼlum bir resurslarni topish va boshqarishga harakat qilyapti. Lekin Afgʻonistonda oxirgi 50 yil davomida bunday katta loyihalar bajarilmagan edi. Chunki xalq urush bilan mashgʻul boʻlgan. Katta-katta gidroinshootlarni ham yoki sobiq SSSR, yoki AQSh qurib bergan.

Bugun esa Tolibon eng sodda resurslarni oʻzlashtirishi mumkin. Bu - suv. Toʻgʻri, Afgʻonistonda oltin ham koʻp. Balki uran ham bordir. Lekin oltin ishlab chiqarish yoki uran ishlab chiqarish uchun juda katta investitsiya kerak boʻladi. Buning uchun Afgʻonistonda yetarlicha toʻliq infrastruktura va hokazolar boʻlishi kerak. Shu bois ular eng sodda, kavlab olinmaydigan, qayta ishlov berilmaydigan va bugungi kunda urushlarning asosida yotadigan, keyinchalik neftdan ham qimmat boʻladigan suvga eʼtibor qaratib, undan ham resurs sifatida, ham geosiyosiy dastak sifatida foydalanyapti. Afgʻoniston bu kanalni qurmagan taqdirda ham, Oʻzbekistonda suv muammosi mavjud edi va bu muammo yanada oʻtkirlashib boraveradi. Bu ham kamlik qilgandek, Afgʻoniston mana shunday katta loyihani amalga oshiryapti. Bu kanalning uzunligi deyarli 300 kilometr, eni 100 metr, chuqurligi 8 metrdan 12 metrgacha boʻladi. Amudaryoning deyarli 50 foiz suvini oʻtkazish imkoniyati bor. Shu nuqtai-nazardan, uni geosiyosiy loyiha desak boʻladi. U Chirchiq daryosidan 3 baravar katta boʻladi. Chirchiq daryosi atrofidagi infrastrukturani tasavvur qilib koʻring. Masalan, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, uning atrofidagi ekin maydonlari, gidroinshootlar va hokazo. Lekin Qoʻshtepa kanalining atrofida bu narsalar yoʻq. Odatda 100 yillar davomida shakllanadi bunday infrastruktura.

Shu bilan birga, bir tarafdan Afgʻoniston bugun alamzada. Chunki ular yarim asr davomida urushdi. Bir paytlar oʻzbeklar SSSR tarkibida boʻlsa ham ularga qarshi urush qilgan. Bundan tashqari, mustaqillikdan keyin ham, Tolibonga qarshi kuch boʻlgan dala qoʻmondoni, oʻzbek millatiga mansub Abdurashid Doʻstumni Oʻzbekiston qoʻllab turgan. Bir paytlar Oʻzbekiston hududida AQSh harbiy bazasi ham boʻlgan. Bularning hammasi baribir Tolibon hukumati va toliboncha tafakkurga taʼsir qiladi. Shuning uchun tolibonchilar hech narsani oʻylab oʻtirmaydi. Ular harbiy konfliktga ham tayyor. Chunki ular yillar davomida urushdi, urushdan boshqa narsani bilishmaydi. Siyosati ham, iqtisodiyoti ham, tafakkur tarzi ham, sanʼati ham, madaniyati ham urush bilan bogʻlanib ketgan.

Bugun Oʻzbekiston oldida oʻtkir suv muammosi turibdi. Shu bois Afgʻoniston bilan muloqot qilish zarur. Afgʻoniston atrofimizdagi boshqa davlatlarga oʻxshamaydi. Biz uning parlamenti yoki davlat rahbari qanday, yoki hukumati qanday ishlashi haqida tasavvurga ega emasmiz. Yaʼni u odatiy dunyoviy standartlar qolipidagi davlat emas. Shuning uchun bugun Oʻzbekiston diplomatiyasi oʻrtaga chiqib, bu narsalarni hal qilishi kerak. Va shu narsani unutmaslik kerakki, Afgʻonistonning suvdan foydalanishga haqqi bor. Lekin uni geosiyosiy dastak sifatida qoʻllamasligi kerak.

- Nega Tolibon aynan hozir bunday loyihaga qoʻl urdi? Endigina davlatchiligini shakllantirayotgan bu guruh uchun boshqa zarurroq masalalar yoʻq edimi? Yoki qandaydir bir tashqi kuchlarning taʼsiri bor, deb oʻylaysizmi?

- Aslini olganda, Qoʻshtepa kanali bundan 20-30 yil oldin tayyorlangan loyiha. Bu loyihani AQSh mutaxassislari chizib bergan. Yerlarni oʻzlashtirish va dehqonchilikni rivojlantirish maqsadida qilingan. Hozirgi kanalni qazish ana shu reja asosida amalga oshirilyapti. Bundan tashqari, bu loyihaning eng katta investorlaridan biri – bu katta ehtimol bilan Xitoy. Xitoy bugungi kunda nafaqat Afgʻonistonning, balki Markaziy Osiyoning barcha hududlariga judayam katta investitsiyalar kirityapti. Bu yerda AQShning strategik maqsadi, XXRning esa iqtisodiy manfaatlari bor. Afgʻoniston narkotik oʻsimliklarini yetishtirmasligi uchun madaniy oʻsimliklarga oʻtishi kerak. Bu - bugʻdoy. Bugʻdoyga esa suv kerak. Yoki sholi. Sholiga ham suv kerak. Agar Afgʻonistonda tinchlik boʻlishini istasak ham, ular suv oʻzlashtirishiga koʻnishimiz kerak. Narkotik oʻsimliklar lalmi yerlarda ham oʻsaveradi. Lekin madaniy oʻsimliklarni yetishtirish uchun suv kerak. Demak afgʻonlar tinch yashashining ham bir sharti - suvdan foydalanish hisoblanadi. Koʻpchilik tahlilchilar muammoning faqat geosiyosiy tomoniga urgʻu berishmoqda. Lekin shuni unutmaslik kerakki, tinchlik boʻlishi uchun afgʻonlar tinchlik ekinlari ekishlari ham kerak. Ularda togʻli hududlarda dehqonchilik qilish imkoniyati yoʻq. Yoki urushadi, yoki yana nasha yoki biror zararli ekin yetishtiradi. Lekin, bugungi Tolibon hukumatining oldida shunday vazifa borki, ular xalq ongi-shuuridagi urush koʻnikmalarini ketkizishi kerak. Urushmaydigan boʻlsang, dehqonchilik bilan shugʻullanishing kerak-da! Shuning uchun bu ulkan kanalni qurishayotganidan maqsad –  bir tarafdan geosiyosiy maqsad boʻlib, atrofdagi davlatlarga noqulaylik tugʻdiradi. Ikkinchi tarafdan, bu harakatlarni tinchlikni saqlash uchun va resurs qidirish uchun qilinayotgan harakatlar sifatida qabul qilishimiz kerak.

- Amudaryo transchegaraviy daryo hisoblanadi. Transchegaraviy daryolardan foydalanishning esa oʻziga xos qonun-qoidalari bor, turli kelishuvlar bor. Afgʻoniston bu daryodan boshqalar bilan bahamjihatlikda foydalanmaslik uchun mazkur kelishuvlarga qoʻshilmayaptimi yoki Afgʻonistonning oʻzi hali "de-yuri" huquqiy subʼekt emasligi uchun shunday yoʻl tutyaptimi?

- Toʻgʻri, transchegaraviy daryolardan foydalanish toʻgʻrisida konvensiya bor. Va bu konvensiyani Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmaniston ratifikatsiya qilgan. Lekin suv boshida turgan davlatlarning birortasi ham ratifikatsiya qilgan emas. Yaʼni Tojikiston, Qirgʻiziston ratifikatsiya qilmagan. Sirdaryoning yuqori oqimida Qirgʻiziston oʻtiribdi. Amudaryoning yuqori oqimida esa Afgʻoniston bilan Tojikiston oʻtiribdi. Bu davlatlar mazkur konvensiyani ratifikatsiya qiladigan boʻlsa, maʼlum bir qoidalarga rioya etishiga toʻgʻri keladi. Demak bu masalada Afgʻoniston yolgʻiz emas. Davlatchiligining aniq chegaralari bor boshqa qoʻshnilarimiz ham bu konvensiyani ratifikatsiya qilmagan. Lekin konvensiya bor, Markaziy Osiyo davlatlarining suvdan foydalanishi boʻyicha komissiya bor. Endi shunga Afgʻonistonni ham aʼzo qilish, unga suvni oʻzlashtirish boʻyicha amaliy yordam berish masalalarini oʻylash kerak. Misol uchun, Afgʻonistonning oldida judayam katta muammo bor. Amudaryo – soniyasiga 600 metr kub hajmdagi suv oʻtkazadigan ulkan daryo. Bu kanalni qurish - judayam katta hududlarni oʻzlashtirish kerak, degani. Ularga yuzlab, hattoki minglab irrigatorlar kerak boʻladi. Afgʻonistonning oʻzida bunday mutaxassislar deyarli yoʻq. Mavjud mutaxassislar ham AQSh bilan hamkorlik qilgani uchun Tolibondan xavfsirab, mamlakatdan chiqib ketgan. Ularning deyarli barchasi oliy maʼlumotli, bilimli insonlar edi. Keyin, eng oson narsa – daryoni kavlash. Shuning oʻziga ham 100 million dollar ketadi. Lekin atrofida infrastruktura vujudga kelishi uchun milliardlab dollar pul kerak. Tafakkur tarzi kerak, bilim kerak, mutaxassislar kerak. Tolibonda bu narsalar yoʻq. Yerni oʻzlashtirmoqchi ekan, bu hududlarning ekotizimini oʻzbeklardan, tojiklardan, turkmanlardan yaxshiroq biladigan mutaxassislar yoʻq. Mana shunday noqulay bir qoʻshnimiz bor. Va unga yordam berishimiz kerak. Aks holda Afgʻonistonning qoʻlida ikkita dastak bor. Birinchisi suv, ikkinchisi urush. Agar suv masalasini hal qila olmasa, yana urushishi kerak boʻladi. Chunki urush orqali unga pul kelgan. Urushayotgan paytida AQSh yoki undan oldin SSSR maʼlum bir mablagʻ kiritib turgan. Yoki gumanitar yordam kirib turgan. Bugun Afgʻoniston Rossiya-Ukraina urushi yoki Falastin-Isroil urushi fonida, umuman kun tartibida toʻrtinchi-beshinchi oʻringa tushib qoldi. Ular bilan hech kim qiziqayotgani yoʻq. Yana ular oldida qish turibdi. Yaqinda judayam katta zilzila boʻldi. Minglab insonlar oʻldi. Tolibonlarni ham bir tarafdan hokimiyat egalari sifatida tushunish kerak. Shuning uchun bugun diplomatiya, iqtisodiy yordam, koʻmaklashish boʻlmasa, atrofidagi davlatlar bir-birini tushunishga harakat qilmasa, bu muammo asta-sekin boshi berk koʻchaga kirib qoladi.

- Demak siz konsensus tarafdorisiz?

- Albatta, boshqa iloji ham yoʻq. Ayrim mutaxassislar tolibon hech narsani tushunmaydi, deyishyapti. Bu notoʻgʻri. Tolibon tushunadi, faqat tolibonning oldida hal qilinishi kerak boʻlgan jiddiy masalalar bor, unga resurs kerak. Resursni oʻzlashtirish kerak. Lekin Tolibonga hech kim ishonmaydi. Kim Tolibon oldiga borib, ruda qazib oladigan yoki oltin qazib oladigan zavod ochadi? Hech kim! Hech qaysi investor bormaydi. Oʻzbekistondan ham hech kim bormaydi. Ularning oldida yagona muammo - suvdan foydalanish masalasi turibdi. Ular “va-bank”ka boryapti. Birdaniga juda katta loyihani boshlab yuborishdi. Chunki oʻzlashtirgan joyini oʻzlashtiradi, boʻlmasa Oʻzbekistonga nisbatan geosiyosiy dastak boʻladi. Masalan, Oʻzbekiston elektr quvvati bermay qoʻysa, Afgʻoniston suv bermay qoʻyadi. Shuningdek, Afgʻonistonga deyarli 60-70 foiz oziq-ovqat mahsulotlari va gumanitar yordam Ayritom koʻprigi orqali Oʻzbekistondan oʻtadi. Eronni oladigan boʻlsak, uning ham katta shaharlari Afgʻoniston atrofida joylashmagan. Hozir Tolibonning Eron bilan ham munosabatlari yaxshi emas, Pokiston bilan ham munosabatlari yaxshi emas. Shu bois, agar ular shunday boshi berk koʻchaga kirib boraversa, atrofidagi davlatlar bilan urushishga harakat qiladi. Boyagi aytganimdek, ularning tafakkurida urushdan boshqa narsa yoʻq. Lekin ular ham normal odamlar. Borib gaplashiladigan boʻlsa, nimalarnidir taklif qilib, konstruktiv yechimlar topiladigan boʻlsa, muammo albatta hal boʻladi, deb oʻylayman.

- Oʻzbekistonda boshqa dastaklar ham bormi? Ayrim fikrlarga koʻra, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Tojikiston kelishib olishsa, Amudaryoning tepa oqimida, Tojikiston hududidan oʻtadigan joylarda qandaydir damba yoki plotinalar qurish yoʻli bilan ularga kontrjavob qilish mumkin emish. Bunga qanday qaraysiz?

- Albatta Oʻzbekistonning dastaklari bor. Bu, birinchidan, elektr energiyasi yetkazib berish bilan bogʻliq. Afgʻoniston poytaxti Qobulni elektr bilan faqat Oʻzbekiston taʼminlaydi. Ikkinchidan, oziq-ovqat mahsulotlarining kirib borishi Oʻzbekistonga bogʻliq – bu ikkinchi dastak. Uchinchi dastak esa oʻzbek diasporasi. Afgʻonistonda taxminan 5 millioncha oʻzbek yashaydi. Yaʼni, bularning hammasi yumshoq kuch. Buniyam deylik juda oʻtkir usullarini emas, diplomatiya bilan qoʻllash maqsadga muvofiq boʻladi.

Bundan tashqari, men koʻp taʼkidlayman, Oʻzbekiston oʻz qurolli kuchlarini rivojlantirishi ham kerak. Afgʻoniston bilish kerakki, oʻzbeklar bilan urushib boʻlmaydi. Aniq bilishi kerak. Oʻzbekiston bu deyarli 40 millionlik katta bir qudratli davlat ekanini tushunib yetishi kerak.

Endi siz aytgan nazariya - Tojikistonning togʻli hududida bunday katta gidroinshoot qurishni texnik jihatdan judayam qiyin masala deb hisoblayman. Rogʻun GESini qurishga 80-yillardan beri harakat qilyapti. Butun kuchini shunga tashlagan. Butun byudjet shunga qaratilgan. Endi yana bir plotina koʻtarish - bu ekologik nuqtai-nazardan ham, xavfsizlik nuqtai-nazaridan ham maqsadga muvofiq emas. Oʻzbekistonning ham bunga imkoniyati yoʻq. Chunki bunday inshootlarni qurish, birinchidan, judayam murakkab, muhandislik va texnik tadbirlarni, togʻlarni koʻchirishni talab qiladi va hokazo. Ikkinchidan, milliardlab pul kerak boʻladi.

- Sizning shaxsiy fikringizga koʻra, hozir Oʻzbekiston qaysi usulni rejalashtiryapti-yu, qaysi usulni qoʻllamoqchi?

- Agar Oʻzbekistonda oʻtkir suv taqchilligi kuzatiladigan boʻlsa, yaʼni bu muammoni oʻz tanasida his qilib boshlasa, yuqorida aytilgan dastaklardan foydalanishga harakat qiladi. Birinchidan, harbiy jihatdan kuchlanish kerak. Chunki Tolibon - bu bir jangari tuzilma, doimo urushib kelgan bir siyosiy bir qatlam hisoblanadi. Ikkinchidan, elektr energiyasisi bilan taʼminlash dastagi hamda Afgʻonistonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish masalasi shular jumlasidandir. Oʻzbekiston chegarasiga yaqin joyda Afgʻoniston aholisining juda katta qismi yashaydi. Shu boisdan ham Oʻzbekiston suv taqchilligini jiddiy his qila boshlasa mazkur dastaklardan foydalanishga harakat qiladi. Boshqa iloji ham yoʻq. Urush – bu eng istalmagan narsa. Chunki suv tufayli urush boshlanib ketadigan boʻlsa, ikki davlat uchun ham yaxshi boʻlmaydi. Chetdagi boshqa davlatlar uchun yaxshi boʻlishi mumkin, lekin Markaziy Osiyo uchun bu istalmagan holat hisoblanadi. Shuning uchun Oʻzbekiston oldida, takror aytyapman, juda katta suv muammosi turibdi. Va bu judayam chigal muammo. Buni faqat Tolibonning geosiyosiy maqsadi deya olmaymiz. Ularga suv kerak. Yana ular “har qancha suv olishga haqqimiz bor”, deyapti. “Chunki 50 yil davomida hali ulushimizni olmadik”, deyapti. Va judayam tahlikali qadam bosyapti. Shuningdek, ekologik oʻzgarishlar xavfi ham bor. Masalan, afgʻonlar suv yoʻnalishini nazorat qila olishmasa, Afgʻonistonning kamida 7-8 million aholisi yashaydigan hududini suv bosib ketishi mumkin. Tasavvur qiling, bu Amudaryoning 50 foiz suvi boʻladi. Uni toʻxtatib boʻlmaydi. Koʻramiz endi buyogʻini.

- Balki qandaydir kuchlar shu loyiha bahona Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasiga ataylab nifoq solishga harakat qilayotgandir?

- Aynan hozirgi paytda hech kimga urush kerak emas. Ikkita joyda deyarli urush holati boʻlib turibdi. Rossiya Ukraina bilan urushyapti, buyoqda Isroil-Falastin masalasi keskinlashgan. Aynan hozir hech kimga urush kerak emas. Lekin bu xohlagan paytda oʻt oldiriladigan bir vaziyat. Chunki suv, boya suhbatimiz boshida eslatib oʻtilganidek, bundan keyin insoniyatning oʻtkir muammolaridan biri boʻlib qolaveradi. Lekin oʻzbek xalqi va afgʻon xalqi bu masalani urushgacha yetib bormasdan hal qila oladi, men bunga ishonaman. Oʻzbekistonning siyosati biroz yumshaganidan keyin, butun atrofdagi davlatlarga ijobiy taʼsir koʻrsatib boshladi. Albatta bu muammoni ham urushsiz hal qilishga salohiyatimiz yetadi.

Abulfayz Sayidasqarov suhbatlashdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+