platina.uz
Jamiyat

Piyoda odam oʻldirmaydi — bloger YHXBning samarasiz targʻibotlariga eʼtiroz bildirdi

Hozirgi yoʻl xavfsizligi siyosati, ayniqsa, amaliyoti piyodani yurakni hovuchlab yurishga, chorrahadan mina dalasidan oʻtgandek oʻtishga, kamiga piyoda yurgani uchun aybdor qilishga qaratilgan, xolos.

Piyoda odam oʻldirmaydi — bloger YHXBning samarasiz targʻibotlariga eʼtiroz bildirdi

Mustaqil jurnalist, Telegramdagi Davletovuz kanali maʼmuri Qobil Xidirov yoʻl harakati xavfsizligiga oid samarasiz targʻibotlarni qoralab chiqdi.

"Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, mana necha kundirki, koʻchada piyodalarni ovlashga chiqqan. Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni oʻnlab videolar joylashtirishyapti, hatto Toshkent shahar bosh "GAI"si aholiga murojaat qilib, piyodalarga dagʻ-dagʻa qilibdi.

Bu xuddiki zoʻravon bilan emas, potensial jabrdiyda bilan ishlashdek gap. Oʻldiradigan bilan emas, oʻladigan bilan ishlash. Messejlar shunaqaki, iloji boʻlsa - piyoda koʻchaga chiqmasa, ota-ona hech qachon bolaning qoʻlini qoʻyib yubormasa. Bola uchun, piyoda uchun xavfsiz muhit haqida hech kim oʻylamoqchi emas. Bu Yoʻl harakati xavfsizligi siyosati va tizim xodimlari bilan kelasi yil ham, undan keyin ham yana yoʻllardagi oʻlimlar haqida gapiramiz. Quruq gap, maʼnosiz, samarasiz targʻibot, avariyalar oʻsha-oʻsha. Hech narsa oʻzgarmaydi.

Piyoda odam oʻldirmaydi. Agar tezlik nazorati boʻlsa, infrastruktura ikkita dumbul-amaldorning tasavvuridagidek emas, balki piyoda uchun moslashtirilgan, uni qiynamaydigan, xato qilishga undamaydigan boʻlsa — piyodaga zaril kelgani yoʻq — mashina yoʻliga chiqib olishga. Shahar va yoʻllar mashina uchun qulay boʻlishi kerak emas, odamlar uchun avvalo. Ikkita temir-tersak odamdan, odamning hayotidan ustun emas. Hozirgi yoʻl xavfsizligi siyosati, ayniqsa, amaliyoti piyodani yurakni hovuchlab yurishga, chorrahadan mina dalasidan oʻtgandek oʻtishga, kamiga piyoda yurgani uchun aybdor qilishga qaratilgan, xolos. Afsus", deb yozgan bloger.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid