Izmir 2024 yil uchun eng yaxshi sayohat yoʻnalishlari roʻyxatidan joy oldi

Lonely Planet maʼlumotlariga koʻra, Izmirning dengiz qirgʻogʻida joylashganligi uning katta ustunligidir.

Jamiyat
1-noyabr 2023 yil
Izmir 2024 yil uchun eng yaxshi sayohat yoʻnalishlari roʻyxatidan joy oldi

Turkiyaning Egey mintaqasidagi eng goʻzal shaharlaridan biri boʻlgan Izmir, mashhur Lonely Planet sayohat qoʻllanmasi turkumi tomonidan "2024 yilning eng yaxshi shaharlari" roʻyxatiga kiritildi.

1973 yildan buyon butun dunyo boʻylab sayohat yoʻnalishlari borasida qimmatli maʼlumotlarni taqdim etib kelayotgan Lonely Planet, navbatagi “Best in Travel 2024” tashrif buyurish tavsiya etilgan sayohat yoʻnalishlarining oʻn toʻqqizinchi nashri reytingini eʼlon qildi. Sayohat boʻyicha mutaxassislar guruhi tomonidan tuzilgan ushbu roʻyxat besh toifaga boʻlingan: mamlakat, mintaqa, shahar, barqarorlik va qiymat. Qoʻllanmaning "Eng yaxshi shaharlari"dan biri deb tanlangan Izmir qadimiy manzilgohlari, taniqli sohillari, betakror manzaralari, antiqa taomlari va jozibasi bilan maqtovga sazovordir.

Lonely Planet maʼlumotlariga koʻra, Izmirning dengiz qirgʻogʻida joylashganligi uning katta ustunligidir. Nashrning yozishicha, Izmirning tarixiy bozorlari, madaniyat va sanʼat maskanlari, uzumzorlari, goʻzal sohillari va qadimiy manzilgohlari mintaqaga tashrif buyurish uchun jiddiy sababdir. Lonely Planet, har yili iyun-iyul oylari orasida oʻtkaziladigan turli konsert va raqs namoyishlarini oʻz ichiga olgan Xalqaro Izmir festivaliga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Izmir Turkiyaning uchinchi yirik shahri boʻlsada, yuqori hayot sifatiga hissa qoʻshadigan qulay muhitga ega. YuNESKOning Jahon merosi roʻyxatida boʻlgan Efes qadim shahri har yili millionlab sayyoh tomonidan ziyorat qilinadi. Bu shahar binolari yashash uchun qurilgan boʻlib, deyarli ikki kilometrlik qirgʻoq chizigʻiga ega. Uning qulay joylashgani hamda dengiz boʻyidagi goʻzal shahar va sohillarga oson erishuvi Izmirning jozibadorligini oshiradi. Izmirning gʻarbiy qirgʻogʻi Fochadan Urlagacha, Karaburundan Cheshme yarim oroliga qadar koʻplab shinam qishloqlar va mashhur sohil aholi punktlari bilan toʻla. Uzumzorlari va turk vinolari bilan mashhur Urlada mehmonlar mahalliy tamaddixonalarda mazali taomlardan bahramand boʻlishlari mumkin. Shu bilan birga, Egey oʻtlari va dengiz mahsulotlari isteʼmoli Cheshme yarim orolining yuragi boʻlmish Alachatida keng tarqalgan. Bundan tashqari, Izmirning bu yil Michelin GUIDE roʻyxatiga kiritilgani ham undagi oziq-ovqat va ichimliklar sifatini belgilovchi yirik omillardandir.

Turkiyadan Euro Velo 8 - Oʻrta Yer dengizi yoʻnalishi uchun tanlangan ilk shahar boʻlgan Izmir, shuningdek, velosiped yoʻllari va "Bicycle-Friendly" sertifikatiga ega mehmonxonalari bilan mintaqani ikki gʻildirakda kashf qilishni istagan sayohatchilar uchun ham qulay yoʻnalishdir.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+