Sanʼatkorlarga uy sotib olishlari uchun subsidiya berilishi mumkin
Madaniyat va sanʼat sohasi xodimlariga ipoteka krediti asosida sotib olayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya berilishi mumkin. Bu boʻyicha Madaniyat vazirligi ishlab chiqqan hukumat qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Madaniyat vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida sanʼatkorlarga subsidiya asosida uy berish taklifi ilgari surildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar ishlagan madaniyat va sanʼat sohasi vakillariga hamda yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi PF-33-son Farmoniga muvofiq belgilangan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori boʻlmagan miqdorda subsidiya berilishi nazarda tutilmoqda.
Belgilanishicha:
- har yili mahalliy byudjetdan shahar va qishloq joylarida qurilgan koʻp qavatli uylardan birlamchi va ikkilamchi bozorda kvartiralar sotib olishda ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badalning bir qismini qoplash maqsadida ajratiladigan subsidiyalar tegishli moliya yili uchun tasdiqlangan parametrlar doirasida amalga oshiriladi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va sanʼat sohasi vakillariga hamda isteʼdodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar uchun 192,5 mln. soʻmdan hamda Toshkent shahri uchun 245 mln. soʻmdan yuqori boʻlmagan miqdorda bir martalik subsidiya beriladi;
- cubsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi tavsiyanoma olgan shaxslar ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng boʻlgan qismini oʻz mablagʻlari hisobidan shakllantiradi;
- subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham inobatga olinadi;
- yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun ipoteka kreditlari Toshkent shahridan tashqari barcha hududlar uchun ajratiladi.
- sotib olinadigan kvartiraning narxi xabarnomada koʻrsatilgan uy-joyning yuqori qiymatidan oshib ketgan taqdirda, qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan shakllantiriladigan boshlangʻich badal summasini oshirish orqali qoplanadi.
Ushbu qaror loyihasining muhokamasi 22 noyabrga qadar davom etadi.