Shavkat Mirziyoyevga Turkiy davlatlar tashkilotining oliy mukofoti berildi
Tashkilot davlatlari rahbarlari nomidan mukofotni Qozogʻiston Prezidenti topshirdi.

Turkiy davlatlar tashkiloti Davlatlar rahbarlari kengashi yigʻilishi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot – “Turkiy dunyoning oliy ordeni”ni tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toqayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.
Tashkilot davlatlari rahbarlari nomidan mukofotni Qozogʻiston Prezidenti topshirdi.
– Bu mukofotni men birinchi navbatda chinakam birodarlik rishtalari asosida yangidan yuksalayotgan yaqin doʻstligimiz va hamkorligimiz ramzi, deb bilaman, - dedi marosimda Shavkat Mirziyoyev, hamkasblarga minnatdorlik bildirib.
Oxirgi davrda Turkiy dunyoning nufuzi va salohiyati har qachongidan ham koʻproq yuksalayotgani alohida qayd etildi. Oʻzbekiston 2019 yilda TDTga aʼzo boʻlib kirganidan buyon mamlakatimiz tomonidan turkiy mamlakatlar oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan 50 dan ortiq taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Avvalroq Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotida temir yoʻl boʻyicha kengash tuzishni taklif qilgandi.