Migratsiya agentligi Rossiyadagi oʻzbekistonliklarni qattiq ogohlantirdi
Rossiya qonunchiligiga koʻra, narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada ishlayotgan oʻzbekistonliklarni qattiq ogohlantirdi.
"Soʻnggi vaqtlarda Rossiyada ishlayotgan yurtdoshlarimiz orasida Internet orqali katta pul evaziga mahsulotlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish haqidagi eʼlonlar boʻyicha muammolar yuzaga kelmoqda.
Murojaatlardan maʼlum boʻlmoqdaki, norasmiy kurerlik xizmatlarida narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish (zakladka) taklif qilinmoqda va buning oqibatida politsiya xodimlari tomonidan ular ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.
Shu munosabat bilan, yurtdoshlarimizdan norasmiy kurerlik xizmatlarida ishlamaslikni, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni albatta tekshirishni soʻraymiz" deyiladi agentlik xabarida.
Rossiya qonunchiligiga koʻra, narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan.
Eslatib oʻtamiz, soʻnggi vaqtlarda OAVda Rossiyada ishlayotgan migrantlar turli ayblovlar bilan qamalib, Ukrainadagi urushga joʻnatib yuborilayotgani haqida xabarlar bot-bot eʼlon qilinmoqda.