Dunyo boylari bir oyda 50 milliard dollar yoʻqotdi
Jumladan, Ilon Mask 35 milliard dollardan mahrum boʻldi.

Dunyoning eng boy oʻn kishisi oʻtgan bir oyda qariyb 50 milliard dollar mablagʻ yoʻqotdi. Bu haqda Forbes xabar bermoqda.
Jumladan, dunyoning eng boy odami, Tesla va Space X asoschisi Ilon Mask 35 milliard dollar yoʻqotdi, bu uning boyligining 14 foizini tashkil etadi. Bu Tesla aksiyalarining 20 foizga tushishi tufayli sodir boʻldi.
Oʻz navbatida, Fransiyaning hashamatli tovarlar ishlab chiqaruvchisi LVMH (LVMH Moet Hennessy — Louis Vuitton) egasi, reytingning ikkinchi pogʻonasini egallab turgan Bernard Arno oktabr oyida biznes ulushining besh foizga kamayishi tufayli 10 milliard dollarga qashshoqlashdi.
Dasturiy taʼminot boʻyicha magnat Larri Ellisonning boyligi ham kamaydi. Oracle korporatsiyasi yaratuvchisi eng boy odamlar reytingida toʻrtinchi oʻrinni saqlab qolgan boʻlsa-da, soʻnggi bir oy ichida aksiyalarning uch foizga kamayishi tufayli besh milliard dollar yoʻqotdi. Hozirda Fobes uning boyligini 131 milliard dollarga baholamoqda.
Ayni paytda, ekspertlarning qayd etishicha, Meta asoschisi va bosh direktori Mark Sukerbergning boyligi qariyb 300 million dollarga oshgan va 106,9 milliard dollarga baholangan. Sukerberg Facebook, Instagram va Whats Appga egalik qiluvchi Meta Platforms aksiyalari oʻsishi hisobiga reytingda sakkizinchi oʻrindan yettinchi oʻringa koʻtarildi.