Haqiqat va yolgʻon chegarasi: urush sharoitida faktcheking muammolari
Ayniqsa Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan soʻng, keyinroq Falastin-Isroil mojarolarida faktcheking yanada dolzarblashdi.
Urush oʻz nomi bilan urush. Urush sharoitida Nikola Makiavilliga taʼalluqli deb koʻriladigan “Maqsad – vositalarni oqlaydi” naqliga amal qilgan holda har qanday vositalar, jumladan yolgʻon maʼlumot tarqatish usuli ham ishga solinadi.
Urush paytida taraflar oʻzlarining asl kuch-qudratlarini, qurbonlar soni hamda talofatlar koʻlamini yashirish, dushman askarlari va aholi orasida oʻz manfaatiga xizmat qiluvchi maʼlumotlarni tarqatishga harakat qiladi. Qolaversa, dushman tarafning tarafdorlari va xayrixohlarini chalgʻitish va adashtirish, oʻz tarafdorlarini koʻpaytirish, oʻzini haq deb koʻrsatish uchun ham axborot urushidan faol foydalaniladi. Dezinformatsiya uslublari keng qoʻllaniladi. Ayniqsa OAV hamda internet rivojlanib borgani sari bunday maʼlumotlar juda koʻpayib, ularning qay biri yolgʻonu, qay biri rostligini ajratish mushkul ishga aylanadi. Ayniqsa Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan soʻng, keyinroq Falastin-Isroil mojarolarida faktcheking yanada dolzarblashdi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, fakt - bu haqiqatda sodir boʻlgan va ishonchli dalillar bilan tasdiqlangan voqea. Garchi turli odamlarning bir hodisaga oʻz qarashlari boʻlishi mumkin boʻlsa-da, faktlar haqiqat yoʻriqnomasi boʻlib qolaveradi, ular bilan bahslashish mumkin emas. Shuning uchun, haqiqat shunchaki boʻlmasligi kerak. Hatto tasodifiy faktlarni buzib koʻrsatish ham xolislik va aniqlik pozitsiyasini buzish hisoblanadi. Ammo bundan ham yomoni, jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish maqsadida voqelikni ongli, noxolis, qasddan qurishga urinishadi.
Zamonaviy ommaviy va ijtimoiy aloqada "faktoid" tushunchasi ham tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Bu faktoid, yaʼni faktga oʻxshash maʼlumotlar deganidir. Yaʼni ishonchli xabar “poʻstini” kiydirilgan va ishonchli maʼlumot sifatida taqdim etilgan ishonchsiz yoki yolgʻon bayonot (tasdiqlanmagan yoki aniq yolgʻon)lar shular jumlasidandir.
Avvalo urush sharoitida axborot kurashi qanday tamoyillar asosida yaratilishi anglab olinsa, axborotlarni saralash birmuncha osonlashadi. Buning uchun tariximizdagi eng soʻnggi yirik mojaro - Ikkinchi jahon urushida axborot kurashi va ijtimoiy fikrni shakllantirish uchun nisbatan yangi va samarali usullarni qoʻllagan fashistlar Germaniyasining propaganda mashinasi faoliyatiga nazar solish mumkin. Fashistlar propagandasining yetakchisi – Germaniyaning 1933-1945 yillardagi xalq taʼlimi va propaganda boʻyicha vaziri – reyxsministr Paul Yozef Gebbels (1897-1945) “Menga ommaviy axborot vositalarini bersangiz, hara qanday xalqni choʻchqalar toʻdasiga aylantira olaman” degan soʻzlari bilan mashhur.
Quyidagi olti asosiy tamoyilni Gibbels propagandasiga taʼalluqli deb koʻrishadi:
1) Propaganda koʻp, juda koʻp boʻlishi kerak. Uni kechayu kunduz, bir vaqtning oʻzida barcha hududiy punktlarda doimiy ravishda odamlarga havola qilish lozim. Propagandaning ortiqchasi boʻlmaydi, chunki odamlar faqat minglab marta takrorlanadigan maʼlumotlarni oʻzlashtira oladi. Koʻp takrorlangan yolgʻon kuni kelib haqiqatga aylanadi.
Misol: Demak bitta xabar tez-tez qayta-qayta berib turilishi, uning maʼlum maqsadga yoʻnalganligidan darak beradi. Bunday axborotga tanqidiy qarash lozim.
2) Har qanday xabar oʻta sodda, xalq uchun tushunarli boʻlishi lozim. Bu hatto eng aqli past va qoloq odam uchun ham tushunarli boʻlishi kerak. Oddiy farrosh tushuna olgan narsani maktab oʻqituvchisi yanada koʻproq anglab, hazm qila oladi. Ammo qancha koʻp odamlar nimanidir qabul qilsa, qolganlari bilan kurashish shunchalik oson boʻladi: hatto eng ilgʻor ozchilik ham, koʻpchilikka ergashishga majbur boʻladi.
Misol: Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa Youtube’da blogerlar tomonidan atayin xato yozilgan xabarlarni koʻp uchratish mumkin. Materialda koʻtarilgan mavzu shov-shuvli va jiddiy, ammo sarlavhalar ataylab sodda tilda, hatto shevada va imloviy xatolar bilan yoziladi. Bu bir tarafdan, oddiy odamlarni ham oʻziga tortish uchun boʻlsa, ikkinchi tarafdan, bu xabar rasmiy guruh yoki davlat tarafidan emas, oddiy aholi tomonidan tarqatilyapti, degan tasavvur uygʻotish uchun qilinadi.
3) Aniq, qisqa, oʻtkir va bir xil xabarlar muntazam berib borilishi lozim. Gʻoyalarni turli jihatlaridan tarqatishimiz shiorimizni turli tomonlardan targʻib qila olamiz va targʻib qilishimiz kerak, lekin natija bir xil boʻlishi kerak va shior har bir nutq, har bir maqola oxirida doimo takrorlanishi kerak”.
Misol: Ukraina borasida Rossiya propaganda mashinasi tarqatayotgan xabarlar bunga misol boʻla oladi. Deyarli har bir xabar yoki bayonot “Ukrainaning davlat sifatida mavjud boʻlishga haqqi yoʻqligi” va “Gʻarb Ukrainadan qoʻgʻirchoq sifatida foydalanayapti” kabi fikrlar bilan tugaydi.
4) Targʻibot shubhaga, ikkilanishga yoki turli xil variantlar va imkoniyatlarni koʻrib chiqishga yoʻl qoʻymasligi kerak. Odamlarda tanlov boʻlmasligi kerak, chunki bu allaqachon ular uchun qilingan va ular maʼlumotni tushunishlari va keyin qabul qilishlari kerak, keyin esa oʻzlariga yuklangan gʻoyalarni oʻz fikrlari kabi qabul qilishlari kerak.
Misol: Sovet Ittifoqi davrida shu kabi xabarlar berilar edi. Faqat bitta va toʻgʻri haqiqat bor va uni faqat Partiya hukumat aytadi va qolganlar uni takrorlaydi, deya uqdirilar edi.
Hozirda esa avtoritar davlatlarda propaganda maʼlumotlari va xabarlari ham shunday yoʻsinda yoziladi: materialda muammo va mojaroning boshqa taraflarining fikri va oʻzini oqlashi aslo koʻrsatilmaydi. Faqat bir taraf yaxshilanib, boshqa taraf “balchiqqa bulgʻab” yomonlanadi.
5) Asosan his-tuygʻularga taʼsir qiling va faqat qalbga va miyaga murojaat qiling. Propaganda fan emas. Ammo u minglab olomonning his-tuygʻularini oshkor qilishga yordam beradi va bu olomonni qoʻgʻirchoq kabi oʻynatish uchun kerak.
Misol: Ayni paytda Isroilning Falastinni qirgʻin qilayotgani yetmagandek, yana HAMASni yovuz qilib koʻrsatuvchi turli karikatura, mem, dramatik videoroliklar, turli ommaviy performanslar ishlab chiqilib, tarqatilmoqda. Buning uchun Isroil hukumati davlat byudjetidan millionlab dollar sarflayotgan boʻlishi ehtimoldan holi emas. Oʻz navbatida HAMAS ham Isroilning qonxoʻrligini koʻrsatish uchun mavjud oʻlganlar va yarador boʻlganlarning surat va videolarini tarqatmoqda. Bu kabi harakatlarning barchasi odamlarning his-tuygʻusiga va qalbiga taʼsiri qilish, pirovardida oʻz hukumatlarining bu mojaro borasidagi qarorlarini oʻzgartirish maqsadida amalga oshiriladi.
6) Shok va yolgʻon - bu mukammal propaganda turadigan ikkita ustun. Odamlarni u yoki bu fikrga asta-sekin, shoshilmasdan olib kelinsa, kutilgan natija boʻlmaydi. Shuning uchun maʼlumot hayratlanarli boʻlishi kerak, chunki faqat hayratlanarli xabarlar ogʻizdan ogʻizga tez tarqaladi. Adekvat maʼlumot eʼtibordan chetda qoladi.
Misol: Isroil armiyasi HAMAS hujumi davrida 40 ta yahudiy chaqaloqning kallasi olingani haqida dalil isboti yoʻq yolgʻon xabar tarqatdi. Bu shok xabarni xoʻjayinlari yahudiy boʻlgan Gʻarb OAVlari jon deb tarqatishdi, qayta qayta gapirishdi. Keyinchalik Isroil hukumatining oʻzi bu xabar yolgʻon ekanini tan oldi. Biroq maqsad amalga oshdi: dunyoda Falastinga achinish va rahm tuygʻulari biroz susaydi, Isroilning qonxoʻrliklari va zulmini oqlash, ularning xunrezliklarini “oqlash”ga urinish boshlandi. Bir maqolda aytilganidek, haqiqat poyabzalini kiyaman deguncha, yolgʻon dunyoni aylanib chiqadi.
Feyklarning asosiy turlari
Feyk xabarlarlar quyidagicha boʻladi:
1. Batamom yolgʻon materiallar. Shov-shuv koʻtarish va jamoatchilikni chalgʻitish maqsadida boshdan-oyoq toʻqib chiqariladigan axborotlar. Ammo ularning umri qisqa va tez fosh boʻladi. Isroil armiyasi HAMAS hujumi davrida 40 ta yahudiy chaqaloqning kallasi olingani haqida dalil-isbotsiz yolgʻon xabar tarqatgani bunga misol boʻladi.
2. Taxminlarga asoslangan xabarlar. Ularda manba bor, ammo ishonchli yoki vakolatli emas. Ertaga zilzila boʻlishi mumkinligi haqida biror choʻponning fikrini ham yozib olib tarqatib yuboriladi. Manba tekshirilmagan holda koʻpchilik uni rost deb qabul qilishi mumkin.
3. Rost material qoʻshib, yolgʻon aralashtirib tayyorlangan materiallar. Ularning taʼsiri kuchliroq boʻladi. Bunday materiallar asosan mantiqiy xulosa qoidalarini buzish va psevdojurnalistika tamoyillariga asoslanib tayyorlanadi.
Yoki boʻlmasam, cherry picking (inlizcha “olcha terish”) uslubi, yaʼni faktlarni tanlab taqdim etish usuli ham keng qoʻllaniladi. Bu ham notoʻgʻri mantiqiy xulosa yasashga tayanuvchi uslubdir. Unda maʼlum bir faktlar yoritiladi, qolganlariga koʻz yumiladi. Rossiya OAV bundan keng foydalanadi. Masalan, 2-3 jinoyat qilgan migrantlarni koʻrsatib, demak hamma migrantlar jinoyatchi, degan xulosa yasaladi. Goʻyoki ulardan boshqa odam jinoyat qilmagandek koʻrsatiladi. Migrantlarning intizomli va arzon ishchi kuchi sifatida Rossiyaga keltirayotgan foydasi, migrantlar orasida mashhur biznesmenlar, shifokorlar, sportchilar va umuman yaxshi odamlar koʻpligi aytilmaydi. Bunday cherry picking ataylab yoki vaziyatdan toʻla xabarsizlik ortidan amalga oshirilishi mumkin.
3. Rost, ammo notoʻgʻri talqin qilingan yoki qaysidir jihatiga urgʻu berilgan, yoki kontekstdan uzib olingan maʼlumotlar. Masalan HAMAS asirligidan ozod qilingan yahudiy ayol HAMAS harbiylari bilan qoʻl siqib doʻstona xayrlashdi. Intervyu berganda ham unga yaxshi munosabatda boʻlishgani, oʻzlari nima yesa, shu ovqatni baham koʻrishganini xolis aytdi. Biroq u HAMAS tunnellaridan oʻtgani haqida gapirib, u yerdagi ogʻir sharoitni nazarda tutib, “men doʻzax darvozalaridan oʻtgandek boʻldim” dedi, Biroq sionist va isroilparast OAV darrov uning “men doʻzax darvozalaridan oʻtgandek boʻldim” degan soʻzlarini ushlab olib, shunga urgʻu berishdi, materiallarning sarlavha va lidlariga olib chiqishdi. Hatto HAMASchilar bilan qoʻl siqib, kulib xayrlashgani aks etgan fotosurat ham deyarli eʼlon qilinmaydi.
Bundan materiallarga klikbeyt uchun sarlavhalarni oʻzgartirish yoki 2 xil maʼno beradigan soʻz va jumlalardan foydalanish ham kiradi.
4. Faktlarni yoʻqqa chiqarish uchun tayyorlangan feyklar
Urush sharoitida mojaroning har bir tomoni oʻz maqsadi yoʻlida yolgʻondan foydalanishini zikr qildik. Bunday vaziyatlarda diskreditatsiya, yaʼni toʻgʻri xabarlarni goʻyoki rad etuvchi dalil va guvohlar topilib, toʻgʻri faktlar qadrsizlantiradi, bu xabarni tarqatgan manbalar obroʻsizlantiriladi. Masalan, rus armiyasining Ukrainadagi Bucha shahrida qilgan jinoyatlari va koʻchalarda oʻliklar sochilib yotgan haqida xabarlar tarqatildi va dunyo odamlarini hayrat va gʻazabga soldi. Keyinroq esa har doimgidek Rossiya tomoni buning yolgʻonligini isbotlashga urindi. Koʻchadagi oʻliklar maneken boʻlgan degan maʼlumotlar tarqatib, oʻzlari yolgʻondan manekenlarni koʻchaga tarqatayotgan odamlar videolarini suratga olib, koʻrsatishdi.
Yoki Isroil tomoni ham deyarli har kuni “Falastinda oʻlayotgan aholi soni boʻrttirib koʻrsatilmoqda, HAMAS tarqatayotgan maʼlumotlar soxta”, degan bayonot beradi. Hatto Ahli arab kasalxonasiga tushgan raketa portlashi natijasida 500 ga yaqin tinch aholi oʻlgan boʻlsada, “aslida raketa hovliga tushgan, 500 kishi oʻlmagan va umuman bu raketani biz otmaganmiz” deya bayonot berdi.
5) Legallashtirish maqsadida OAVga chiqarilgan materiallar. Masalan biror davlat yoki uning maxsus xizmatlari qandaydir maʼlumotni oʻzlari oshkor eta olmaydi. Bunga davlatlar oʻrtasidagi qandaydir kelishuv va shartnomalar sabab boʻlishish mumkin. Yoki bunday rasmiy bayonot katta minbarlardan aytilsa, oʻzaro diplomatik aloqalarga rahna solishi mumkin. Bunday chogʻda hukumatga tegishli tashkilotlar va maxsus xizmatlar maʼlumotni boshqa odamlar nomidan, hattoki oʻylab topilgan odamlar nomidan OAVda eʼlon qilishadi. Keyin esa oʻsha manbalarga havola qilib, “biz buni aytmadik, hamma bilib boʻlibdiku, butun dunyo shu haqda gapiryapti” deyishadi.
Masalan, Rossiyada Aleksey Navalniy tadqiqotlar oʻtkazib, koʻplab amalldorlar, hatto Putinning ham kirdikorlarini fosh qildi. Ammo Putin buni tan olmadi. “Bu maʼlumotlarni Aleksey Navalniy tashkiloti topmagan, shunchaki AQSh va Gʻarb maxsus xizmatlari yolgʻon maʼlumotlarni Navalniy orqali legalizatsiya qilishdi xolos” degan edi.
Nega feyk xabarlar koʻpaymoqda?
Feyk xabarlarning koʻpayishiga bir sabab - avval foto, video va audiomateriallarni montaj qilish sabab boʻlsa, endi yangi texnologiyalar – sunʼiy aqlga, turli “dipfeyk” yaratish texnologiyalariga ham murojaat etishmoqda. Masalan, yaqinda “BiBiSi” HAMAS tarqatgan, goʻyoki Falastindagi qurbonlar aks etgan suratlarning sunʼiy aql yordamida generatsiya qilinganini isbotlab berdi. Bunday vaziyat faktcheking uchun axborot texnologiyalaridan xabardor boʻlish yoki bu boradagi mutaxasislarga murojaat qilish zaruriyatini yaratadi.
Rossiya tomoni ham Ukrainaga qarshi yolgʻon maʼlumotlar tayyorlashda “dipfeyk” axborot texnologiyalaridan keng foydalanmoqda. Bu ham montajning bir turi boʻlib, mutaxassis boʻlmagan odamga haqqoniydek tuyuladi.
Shuningdek senzura ham feyk xabarlarni urchitishga xizmat qilishi mumkin. Masalan AQSh prezidenti Bayden ham HAMASdan koʻra Isroil tarafining maʼlumotlariga koʻproq ishonishini bildirdi. Shuningdek, ayrim siyosatchilar “Aljazira” telekanalidan Isroilning xunrezliklari aks etgan materiallarni bermaslikni soʻradi. Isroilning sobiq bosh vaziri Yair Lapid ham “Agar xalqaro OAV xolis boʻlishsa – HAMASga xizmat qilishadi. Agar mojaroning har ikki tarafini koʻrsatishsa ham – HAMASga xizmat qilishadi” deya bayonot berdi va OAVlar xolis ishlasa Isroilga zarar keltirishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Avvalroq esa Isroil prezidenti Itsxak Gersog Buyuk Britaniya bosh vaziridan britaniya OAVlarini Isroil foydasiga senzura qilishga chaqirgan edi. “Bu mojaroda nima xolis va nima xolis ekanligini men aytaman, - degan Gersog, - shuni ochiq aytamanki, “BiBiSi” XAMASni tasvirlayotgan uslubi – faktlarni notoʻgʻri talqin qilishdir”.
Mark Sukerbergga tegishli Facebook tarmogʻi ham Falastinda oʻlayotgan yosh bolalarga aza tutilgan postlarni ham, Isroilning vahshiyliklarini qoralovchi postlarni ham tap tortmasdan oʻchirmoqda. Ijtimoiy fikrning faqat Isroil istagan tarzda, Isroilga moyillik uygʻotish yoʻnalishida shakllanishi uchun harakat qilmoqda.
Rossiya va Ukraina mojrosida, “biz haqiqat va mazlumlar tarafidamiz” deya koʻkragiga urgan taniqli shaxslar va OAVlar ham bugun Isroil bombalari ostida oʻlayotgan begunoh bolalarga rahm tuygʻularini namoyon etmayapti. “Isroil haq, chunki Xolokostni boshidan kechirgan” qabilida ish tutmoqda. Eng qizigʻi, Yevropa shaharlarida Qurʼon yoqilishini oqlagan va himoya qilgan, jurnallarda Muhamada paygʻabmlar masxara qilingnan karikaturalarni oqlagan, buni soʻz erkinligi, deya oqlagan Gʻarb medialari Isroil Falastin mojarolarida Isrolning jinoyatlariga koʻz yumish deyishdan uyalishmayapti.
"Biz demokratik davlatmiz, inson huquqlari va soʻz erkinliklarini qadrlaymiz" deya maqtanayotgan Isroil Falastinga rahmi kelgani uchun mashhur ekologiya faoli Greta Tunbergni Isroildagi darsliklardan olib tashlamoqchi, “Falastinni koʻp yoritib yuborgani” uchun “Aljazira” resurslarini bloklab qoʻydi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Avstriya va boshqa ayrim Yevropa mamlakatlarida Xolokostga – yahudiylarning fashistlar tomonidan qiynalgani haqidagi gaplarga shunchaki soʻzda shubha bildirsangiz ham, jinoiy javobgarlikka tortilib, ozodlikdan mahrum etilasiz.
Faktlarni qanday tekshirish va feyklarni aniqlash mumkin?
Feyklarni aniqlash usullari haqida OAVda koʻp materiallar berilgan va berib borilmoqda.
Eng avvalo faktlarni tekshirib beradigan turli tashkilot saytlari va internet servislarga murojaat qilish mumkin.
Masalan, AQShning Florida shtatida joylashgan Poynter media tadqiqotlar instituti, Hindistonning Alt News faktcheking servisi, Rossiyadagi mustaqil “Provereno.Media” faktcheking sayti, iqlim oʻzgarishi borasidagi faktlar tekshiriladigan Climate Feedback faktcheking resursi, Rossiyaning propaganda va dezinformatsiyasiga qarshi turish uchun yaratilgan Yevropadagi East StratCom Task Force (Strategik kommunikatsiyalar boʻyicha tezkor ishchi guruh) xizmati, turli mish-mishlarni fosh qiluvchi Snopes.com sayti (AQSh), turli faktlarni tekshirib, nega feyk ekanligini asoslab beruvchi StopFake internet loyihasi (Ukraina) shular jumlasidandir.
Shu oʻrinda ayrim faktcheking saytlarining oʻzi feyk xabarlarni tasdiqlovchi “qoʻy terisini yopingan boʻrilar” ekanini unutmaslik lozim. Masalan, aslida Rossiya hukumatiga tegishli, lekin goʻyoki Rossiyaga aloqasi yoʻq shaxs va tashkilotlar tomonidan boshqa davlatlarda tashkil etilgan servislar mavjud boʻlib, ular Rossiya propagandasi tarqatgan maʼlumotlar toʻgʻriligini, Ukraina va Gʻarb tarqatgan maʼlumotlarning esa yolgʻonligini feyk faktlar bilan goʻyo isbotlab beradi.
Oʻzbekistonda ham faktchekingga yordamlashuvchi bir qancha loyihalar mavjud. Masalan, Mass Media fondining fakt cheking xizmati, Kovid paytida pandemiya bilan bogʻliq faktlarni tekshiruvchi infodemictoolkit.org servisi, Factchecking.uz faktcheking loyihasi ham ancha nom qozongan.
Oʻzbek tilidagi fakt cheking servislaridan biri - Factchecking.uz loyihasi asoschisi Ixtiyor Rahmon faktcheking borasida bir necha maslahatlar ishlab chiqqan.
Jumladan, sarlavhalarga tanqidiy munosabatda boʻlish, havolalarga eʼtibor berish, manbalarni tekshirish, matnda xatolar bor-yoʻqligiga eʼtibor qilish (xato bilan yozilgan xabarlar shoshib yozilgan va yolgʻon boʻlishi mumkin), foto va video kontentni tekshirish (masalan avval eʼlon qilingan va boshqa mavzuga aloqador surat boʻlsa Google kabi qidiruvchi va indeksatsiya saytlari orqali aniqlash mumkin) tavsiya etiladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, feyk deganda faqat ataylab tarqatilgan soxta maʼlumot va simulyatsiyani tushunmaslik kerak. Ommaviy ongga taʼsir etib, «yolgʻon haqiqat»ga aylanadigan tipografik va texnik xatolar ham soxta axborot sanaladi. Shuning uchun matndagi shaxslarning ismlari, kasblari, unvonlari, sanalar, nomlar, manzillar va hokazolarni jiddiy tekshirish juda muhim, deydi muallif.
Storyful.com, FactCheck.org, PolitiFact.com yoki The Fact Checker kabi maxsus loyihalar va xizmatlar faktlarni tekshirish uchun juda qulay. Afsuski, ular koʻproq ingliz tilida soʻzlashuvchi auditoriyaga moʻljallangan. Ammo koʻp funksiyali vositalar ham mavjud. Mediakritika.by veb-sayti «Oʻquvchilarga internetdagi kontentning haqiqiyligini tekshirishga yordam beradigan 5 ta yangi dastur va ilova» maqolasida bu boradagi foydali xizmatlarni tavsiya qilgan: Trooclick, Truth Goggles, Lazy Truth, Skeptive, Genius.
Faktcheking jarayonida xabar berilgan sanaga ham eʼtibor qilish lozim. Feyk materiallarda aksariyat hollarda sana va hatto geografik joylashuvi aniq koʻrsatilmaydi. Faktlarni tekshirishda muallif xabarni nimadan boshlaganiga ham eʼtibor berish lozim.
Agar maqolada favqulodda muhim voqea haqida soʻz yuritilsayu, lekin muallif birlamchi manbalarga havola berishdan bosh tortgan boʻlsa, ism-familiyasi oshkor etilmagan mutaxassislarning tadqiqotlaridan iqtibos keltirsa yoki «Bu oddiy haqiqatni hamma biladi» kabi umumiy gaplardan foydalansa, demak, feykni fakt sifatida koʻrsatishga harakat qilinmoqda. Bu materialga muallifning shunchaki fantaziyasi mahsuli deb qarash kerak.
Shu bilan bir qatorda, oʻxshash yangilikni boshqa nashrlardan ham qidiring. Agar boshqa yirik OAVlarda shunga yaqin mazmundagi xabarlar uchramasa, feyk boʻlishi ehtimoli yuqori. Siz ishonadigan nufuzli saytlar yozgan boʻlsa, unda qanoat hosil qilish mumkin.
Odatda yirik nashrlarning xabaridan keyin boshqa saytlar ham birinchi manbaga havola bergan holda axborot tarqatadi. Yaʼni dastlabki maʼlumot feyk boʻlsa, turli ommaviy axborot vositalarining biridan ikkinchisiga koʻchib yuraveradi. Shu sabab faqat turdosh nashrlarni kuzatish bilan cheklanmay, mavzu yuzasidan mutaxassislarning fikri bilan qiziqish ham hech qachon ortiqchalik qilmaydi.
Feyklarni tekshirishning bu kabi usul va uslublari juda koʻp. Ammo notoʻgʻri maʼlumotlarga qarshi kurash va feyklarni aniqlashning eng asosiy va yagona taomiyli – tanqidiy qarash hisoblanadi.
Abulfayz Sayidasqarov
Telegramda kuzatib boring!