Prezident Osiyo oʻyinlari gʻoliblarini tabrikladi
Davlat rahbari 2024 yil Parijda boʻlib oʻtadigan 33-olimpiya oʻyinlarida ham yuksak choʻqqilar zabt etilishiga ishonch bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo oʻyinlarida eng yaxshi natija qayd etgan Oʻzbekiston sportchilariga tabrik yoʻlladi.
"Osiyo qitʼasining 45 ta davlatidan 11 ming nafar sportchi ishtirok etgan bu musobaqalarda milliy terma jamoamiz aʼzolari oʻzlarining beqiyos mahorati, gʻayrat va matonatini, gʻalabaga boʻlgan yuksak intilish va irodasini namoyon etib, 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medalini qoʻlga kiritganlari har qanday tahsinga sazovordir", deyiladi tabrikda.
132 nafar sportchi jami 71 ta medalni qoʻlga kiritib, oʻtgan Osiyo oʻyinlariga nisbatan rekord natijani qayd etishdi. Ular umumjamoa hisobida Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi oʻrin bilan musobaqani yakunladi.
"Yirik xalqaro sport bellashuvi – Osiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritgan tarixiy natijalaringiz bilan sizlarni yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangi-yangi zafarlar, oilalaringizga baxtu saodat tilayman", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari 2024 yil Parijda boʻlib oʻtadigan 33-olimpiya oʻyinlarida ham yuksak choʻqqilar zabt etilishiga ishonch bildirdi.