Oʻzbekistonda bloklangan TikTok soliq toʻlovchiga aylandi
Ayni paytda Feysbuk, Instagram, Gugl, X (sobiq Tvitter) kabi tarmoqlar ham QQS toʻlaydi.

2021 yildan beri Oʻzbekistonda bloklangan va VPNsiz kirib boʻlmaydigan TikTok ijtimoiy tarmogʻi qoʻshimcha qiymat soligʻini toʻlaydigan boʻldi.
Soliq qoʻmitasi saytida QQS toʻlovchi xorijiy kompaniyalar qatoriga 4 va 5 oktabrdan TIKTOK PTE. LTD. (roʻyxatdan oʻtgan davlati Singapur) qoʻshildi.
Ayni paytda Oʻzbekistonda Feysbuk, Instagram, Gugl, X (sobiq Tvitter) kabi tarmoqlar ham QQS toʻlaydi. Ammo ular bloklanmagan, aniqrogʻi, bir marta bloklanib, jamoatchilik eʼtirozidan keyin ochib yuborilgan.
Xorijiy saytlar Oʻzbekistonda bloklanmasligi uchun ular oʻz serverlarini shu yerga joylashi kerak, chunki shaxsga doir maʼlumotlar haqidagi qonun talabida shunday yozilgan. Ammo yuqorida sanalgan tarmoqlarning birortasi, xususan, TikTok ham Oʻzbekistonga serverini olib kelmagan.
Yaʼni Feysbuk, Instagram, Gugl, X kabi tarmoqlar bloklanmagan holatda soliq toʻlaydilar, endi esa faqat TikTok bloklangan holatida ham soliq toʻlay boshladi.