Soliq qoʻmitasi Yandex.Go kompaniyasini bloklash haqida ogohlantirdi
Xizmat Oʻzbekistonda rasmiy soliq rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtmagani maʼlum qilingan.

Soliq qoʻmitasi ijtimoiy tarmoqlarda Yandex.Go xizmati haqida eʼlon qilingan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi va xizmat bloklanishi mumkinligini ochiqladi.
Joriy yilning sentabr oyida Ridetech International B.V. kompaniyasiga ikki oy muddatda oʻz faoliyatini qonun hujjatlari asosida tashkil etish boʻyicha quyidagi talablar qoʻyilgan:
1. Faoliyatni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtish va belgilangan soliqlarni toʻlash;
2. Soliq organlari axborot tizimi bilan integratsiyalashuvni taʼminlash va mijozlarga avtomatik shakllantiriladigan fiskal chek taqdim etish.
2023 yil 1 dekabrga qadar yuqoridagi talablar bajarilmagan taqdirda, Soliq qoʻmitasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga «Yandex.Go» kompaniyasining Oʻzbekiston hududida agregator sifatida foydalanib kelinayotgan elektron Platformadan foydalanishni bloklash boʻyicha rasmiy murojaat qilishini maʼlum qiladi.
Taʼkidlash joizki, Yandex.Go taksi xizmati haqida dastlab huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev yozib chiqqandi. Unga koʻra, xizmat Oʻzbekistonda rasmiy soliq rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtmagani maʼlum qilingan. Kompaniya pullari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijdagi hisob raqamlarga borib tushmoqda.
Kompaniyaning soliq toʻlamasdan Oʻzbekistondan mablagʻ olib chiqib ketayotganini iqtisodchi Otabek Bakirov ham tanqid qilgan.