Oʻzbekiston bugun ham Osiyo oʻyinlaridagi oʻrnini saqlab qoldi
Bugun delegatsiya aʼzolari 11 ta sport turlarida medallar uchun kurashadi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi Xitoyda boʻlib oʻtayotgan Osiyo oʻyinlarida 16 ta oltin, 16 ta kumush va 22 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 5-oʻrinni saqlab turibdi.
Bugun delegatsiyamiz aʼzolari 11 ta sport turlarida medallar uchun kurashadi.
Qoʻshnilarimizdan Qozogʻiston 13 oʻrinni saqlab turibdi. Qirgʻiziston 18 oʻringa (+6) koʻtarilgan boʻlsa, Tojikiston 21 oʻrin (-2) va Turkmaniston 29 oʻringa (-1) tushib ketdi.
Ayollar kurashi bahslarida hamyurtimiz Laylo Sobirova (-57 kg) yarim final yoʻllanmasiga ega boʻldi. Chorak finaldan bahslarga kirishgan sporchtimiz ushbu bosqichda tailandlik Sriprapa Kayevni 9:0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Endi u final yoʻllanmasi uchun yaponiyalik Sugumi Sakurai bilan bellashadi.
Afsuski, Aktenge Keunimjayeva (-53 kg) yaponiyalik Remina Yoshimotoga, Temurbek Nasimov (-130 kg) esa qozogʻistonlik Alimxan Sizdikovga imkoniyatni boy berdi. Agar yapon va qozoq kurashchisi finalgacha yetib borsa, hamyurtimiz bronza medali uchun kurashish imkoniyatini saqlab qoladi.
Bugundan slalomda eshkak eshish boʻyicha bellashuvlar boshlandi. Erkaklar oʻrtasida kanoe slalomida kechgan birinchi saralash bahsida hamyurtimiz Anvar Klevlev (92.44 soniya) eng yaxshi natija bilan keyingi bosqichga yoʻl oldi. Alibek Temirgaliyev esa kechki dasturda boʻlib oʻtadigan keyingi startda yana bir bor oʻz omadini sinab koʻradi.