Ukraina mudofaasi: Gʻarbning harbiy yordami savol ostida qolishi mumkin
Ukrainadagi urush yana anchaga choʻzilishi mumkin. Tabiiyki, qarshi hujumni taʼminlash uchun juda koʻp moddiy va moliyaviy resurslar talab etiladi. Lekin Gʻarbning harbiy-siyosiy qoʻllab quvvatlashi avvalgidek boʻlmasligi ehtimoli bor. Gʻarb murakkab dilemma oldida turibdi...

2022 yil 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi dunyo geopolitik ob-havosida keskin oʻzgarish yasadi. Oʻtgan 19 oy ichida avvalgi ideallar va qarashlar tubdan oʻzgardi. Sovuq urush tugashi va SSSR qulashi ortidan yuzaga kelgan koʻpqutbli dunyo yana ikkiga boʻlinib qoldi: Ukraina, yaʼni xalqaro huquq tamoyillari tarafdorlariga, Rossiya, yaʼni maqsadga harbiy kuch erishish tarafdorlariga ajraldi. Toʻgʻri, betaraf tomonlar ham mavjud, lekin ular Rossiyaning ham, jahon hamjamiyatining ham gʻazabiga duchor boʻlishni istamagan xalqaro huquq subʼektlari xolos.
Gʻarbni koʻndirish oson kechmagan
Urushning ilk pallasida Rossiyaning oʻch olishidan qoʻrqib, Ukrainaga yordam qoʻlini choʻzmagan Gʻarb, keyinchalik rus harbiy va siyosiy elitasi “tushirgan qovunlar”ni koʻrib, ularning barcha gerdayish va maqtanishlari shunchaki propaganda mahsuli ekanini anglab yetishdi. Oʻgʻirlik, qoʻshib yozish va korrupsiyadan chirib bitgan, sirti yaltiroq, ichi yaltiroq Rossiya qudratidan hayiqmasdan, Ukrainaga barcha kerakli yordamni berishga kirishib ketishdi. Sal oldinga ketib aytish mumkinki, sobiq “Vagner” rahbari, marhum Yevgeniy Prigojinning 25 ming askar bilan naqd Moskvagacha borishga jurʼat qilgani va deyarli qarshilikka uchramagani ham Rossiyaning harbiy qudrati shunchaki afsona ekanini oshkor qilib qoʻydi.
Gʻarbni Ukrainaga yordam berishga koʻndirishda Vladimir Zelenskiyning oqilona va mohir yoʻl tutgani ham katta sabab boʻldi, albatta. Ruslarning Kiyevni 3 kunda olishiga hatto qudratli AQSh razvedkasi ham ishongan, Zelenskiyga xavfsiz evakuatsiya va siyosiy boshpana berish taklif etilgan bir paytda, Ukraina rahbari nafaqat prezident, aktyor, qiziqchi va tadbirkor, balki haqiqiy millat yetakchisi ekanini ham koʻrsata oldi: “menga qochish uchun taksi emas, qurollar bering”, dedi. Prezidentning qochib ketmagani, oʻzi va oilasi hayotini mamlakat kelajagi uchun tikkanini koʻrgan ukrainlar ham ruhlanib ketdi. Dushmanni naqd poytaxt ostonasidan oʻnlab kilometr uzoqqa uloqtirib tashladi.
Zelenskiy, shuningdek, oddiy psixologik usulni qoʻlladi: bu dunyoda hech kim birovning manfaati uchun biror ishga bosh qoʻshishni istamaydi. Oʻz manfaati majud boʻlsagina, harakatga tushadi. Davlatlar ham tirik organizmdek gap. Zelenskiy ularni Rossiyaga qarshi urush – Yevropa mudofaasi uchun urush ekaniga, Rossiyaning gʻalabasi – butun demokratik dunyoning magʻlubiyati ekaniga ishontira oldi. “Menga 10 ta kaska berib, oʻzingizni Ukrainaga katta sadaqa tutgandek kalondimogʻlik qilmang, bizga yordam berishingiz – oʻz xafsizligingiz uchun investitsiya ekanini unutmang”, degan edi Zelenskiy urush boshidagi nutqlaridan birida.
Albatta, Zelenskiyning tadbirkorlik, aktyorlik va “shou ranner” sifatidagi qobiliyatlari ham ish berdi. Ekspertlarning eʼtirof etishicha, Zelenskiyning eng katta yutugʻi shuki, u davlatlarning rahbarlaridan madad soʻramadi, balki afkor ommaning oʻziga murojaat qildi, xalqlarning qalbini junbushga keltira oldi. Xalq toʻlqindir, xalq kuchdir deganlaridek, Ukraina foydasiga shakllantirilgan ijtimoiy fikr oʻz samarasini bera boshladi. Zero demokratik davlatlarda xalq hokimiyati shunchaki qogʻozdagi chiroyli va balandparvoz gaplar emas, bu mamlakatlarda xalq oʻz rahbarlarining qarorlariga taʼsir qila oladi.
Gʻarb koʻmagi samara bermoqda
Zelenskiyning saʼy-harakatlari bekor ketmadi. Hozirda deyarli butun Yevropa davlatlari, Shimoliy Amerika va Avstraliya ham Ukrainaga begʻaraz va cheklanmagan yordam berishga tayyor. Bu davlatlarning diplomatik, siyosiy va harbiy yordami foyda bermoqda. Agressorning ishtahasini boʻgʻish, tishlarini sindirish va holdan toydirish uchun uyushgan holda eʼlon qilinayotgan sanksiya va cheklovlar ham oʻz samarasini bera boshladi. Urush boshida hech qanday muzokaraga rozi boʻlmagan, sanksiyalar bizga taʼsir qilmaydi, deya kerilgan Rossiya hukumati endi oʻzi kirib qolgan boshi berk koʻchadan qanday chiqishni bilmay hayron. Zoʻr berib muzokaralar stoliga oʻtirishni soʻrab yalinmoqda, faqat hozirgacha bosib olgan yerlarimga tegmasanglar bas, demoqda. Hatto dunyodagi eng manfur va “autsayder” davlatlar – Eron va Shimoliy Koreyadan qurol-yarogʻ tilanmoqda.
Lekin bu urushda Rossiya gʻalaba qozonsa ham, yutqizsa ham baribir – har ikki variant Rossiya uchun magʻlubiyat hisoblanadi. Normal xalqaro aloqalar va iqtisodiy munosabatlarsiz mamlakat ahvoli battar xarob boʻladi, bosib olgan yerlarini ham eplolmasdan, partizanlar urushi, xalqaro hamjamiyat nafrati va ogʻir sanksiyalar botqogʻiga botadi.
Yaqinda Rossiya aytgan bir bayonot ham Gʻarb yordamining katta natija berayotganini isbotlaydi: mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Ukraina bilan urush 2025 yilgacha choʻziladi, dedi. Buni xalqaro hamjamiyat Rosiyaning urushda gʻalaba qozonishdan umid uzgani hamda siyosiy vaziyat oʻzgarishi va ayniqsa Gʻarbning yordam berishdan charchab, hafsalasi pir boʻlishidan umid qilayotganining isboti deya qabul qilishdi. Garchi bunday bayonotlar shu yil boshidan beri oʻqtin-oʻqtin eʼlon qilinayotgan boʻlsa-da, bu galgisi koʻproq reaksiyalarga sabab boʻldi. Keyinroq esa Rossiya hukumati Shoyguning soʻzlari notoʻgʻri talqin qilingani, u 2025 yilda urush tugashini emas, balki shu yilgacha Rossiya oʻz harbiy qudratini “tegishli maqsadlarga erishish uchun” yetarli darajada kuchaytirishga muvaffaq boʻlishini hamda bu maqsadlarga erishish muddatini nazarda tutgan edi, deya tushuntirdi. Ammo vazir bu maqsadlar aynan nimalardan iborat ekanini izohlamagan.
Biroq Ukraina harbiylarining oʻz yerlarini qaytarib olish yoʻlidagi qarshi hujumlari 2 oydan beri intensiv tarzda amalga oshayotgan boʻlsa-da, oxirgi paytlarda biroz susayib qolgandek, samaradorligi pastdek koʻrinmoqda. Qolaversa, hademay kuz havosi avjiga chiqib, yomgʻirlar mavsumi boshlanadi hamda yoʻllarning loy boʻlib ketishi oqibatida askarlar va harbiy texnikalarning harakati uchun katta toʻsiq boʻladi. Ekspertlarning tan olishicha, 2 oylik harbiy amaliyotlar natijasida Ukraina qurolli kuchlari Rossiya front liniyasini yorib oʻtishda sezilarli muvaffaqiyatga erishmadi. Rossiya bosib olgan bir necha kichik qishloqlarning qaytarib olinishi esa urushdagi harbiy vaziyatga u qadar taʼsir qila olmaydi.
Yordamni davom ettirish oqilona emasmi?
Shunday bir sharoitda Ukrainaga yordam berish kampaniyasi borasida haqli savol tugʻiladi: bu urushga resurslar sarflash qanchalik oqilona boʻlyapti? Gʻarb va AQSh parlamentlari tarkibidagi muxolif kuchlar shunday savolni oʻrtaga tashlamoqda, ularning eʼtirozlari kuchaymoqda. Chunki Rossiya faqat harbiy harakatlar bilan cheklanib qolgani yoʻq. Xalqaro maydonda Rossiya imijini koʻtarish, Ukrainaga yordam oqimini susaytirish, ijtimoiy fikrni oʻzgartirish yoʻlida ham ulkan mablagʻlar sarflanib, katta-katta maxfiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Rossiyaning butun resurslari va kuch imkoniyatlari hozir birgina Putinning istaklarini amalga oshirishga qaratilgan. Natijada bir tanu bir jondek koʻrinadigan Yevropa Ittifoqi aʼzolari orasida ham umumiy maqsadlarga qarshi davlat rahbarlari mavjud. Masalan, parlament respubikasi boʻlmish Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qoʻshilmayotgani, Ukrainaga yordam uchun byudjetni shakllantirishga toʻgʻanoq boʻlayotgani bilan mashhur.
Umuman olganda, Yevropa Ittifoqi Rossiya bosqini boshlanganidan beri Ukrainaga 20 milliard yevro hajmda harbiy yordam koʻrsatdi. Shundan 5,6 mlrd. yevro mablagʻ Yevropa Tinchlik fondidan ajratilgan. Endilikda Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun 20 mlrd. yevrodan iborat maxsus jamgʻarma tashkil etishni rejalashtirmoqda. U 4 yilga moʻljallanadi. Bu jamgʻarma mablagʻlari nafaqat Ukraina uchun qurol-yarogʻ va harbiy texnika sotib olish, balki uning askarlarini oʻqitish-oʻrgatish dasturlari uchun ham sarflanadi. Shu bilan birga Yevroparlament 50 milliard yevrolik Ukraina jamgʻarmasini tashkil etishni maʼqulladi. Gap Ukrainada davlat byudjeti va turli dasturlarni qoʻllab-quvvatlash uchun moliyaviy zaxira haqida ketmoqda. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qurol sotib olish koʻzda tutilmagan.
Biroq AQSh prezidenti Jo Bayden 1 oktabr kuni muxolifatchi Respublikachilar partiyasi vakillarining bosimi bilan Ukrainaga yordam uchun mablagʻ ajratish koʻzda tutilmagan byudjeti loyihasini imzolagani Yevropa Ittifoqini ham xavotirga solib qoʻydi. Yevropa Ittifoqi AQShsiz katta yuk ostida qolishdan tashvishga tushmoqda. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borel Vashingtonni Ukrainaga yordam berishni toʻxtatmaslikka chaqirgan.
Asosiy donor Germaniyada norozilik kuchaymoqda
Ukrainaga qurol-yarogʻ yetkazib berishda Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida Germaniya, shubhasiz, yetakchi rol oʻynaydi. Kil Jahon Iqtisodiyoti Institutining hisob-kitoblariga koʻra, 2022 yil fevral oyidan buyon Germaniya Kiyevga deyarli 7,5 mlrd. yevrolik qurol-yarogʻ yuborgan. Keyingi oʻrinlarda Polsha, Gollandiya, Daniya va Shvetsiya turibdi. Ularning ulushlari 1 mlrd. yevrodan ortiq. Bular faqat harbiy texnika va qurol-yarogʻ uchun ajratilgan mablagʻ. Umumiy yordam – harbiy, gumanitar va moliyaviy yordam hajmi esa bundan ham koʻproq: Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Germaniya Kiyevga €10,6 mlrd. sarfladi. Oʻz navbatida Polsha – 4,2 milliard yevro, Niderlandiya – 4 milliard yevro, Fransiya – 1,4 mlrd. yevro ajratgan.
Biroq Germaniyada ham Rossiya maxfiy kuchlari va “uchinchi kolonnasi” katta taʼsirga egaligi bois, Ukraina uchun mablagʻ ajratish jarayonida doimo parlamentda qizgʻin nizo va bahslar yuzaga kelmoqda. Rossiyaparast muxolif kuchlar Ukrainaga yordamni toʻxtatishga chaqirmoqda.
Masalan, Germaniya parlamenti Bundestagdagi “Germaniya uchun muqobillik” fraksiyasi Germaniya hukumatining 2027 yilgacha Ukrainaga har yili 5 mlrd. yevro ajratish toʻgʻrisidagi qarorini qoʻllab quvvatlamasligini bildirgan edi. Undan avvalroq esa Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner Germaniya byudjeti Ukrainaga yordam masalasiga tobe boʻlib qolmoqda, deya bayonot berdi. Uning aytishicha, Ukrainada urush boshlanganidan beri 22 mlrd. yevrodan koʻp mablagʻ yoʻnaltirilgan.
AQSh byudjetida Ukratinaga yordam koʻzda tutilmadi
AQShda ham Ukrainaga yordam berish masalalarida ziddiyatlar kuchayib bormoqda. AQShning The Wall Street Journal nashri harbiy departament vakillariga tayanib yozishicha, Ukrainaga harbiy va boshqa yordam koʻrsatish uchun Pentagon hisoblarida 5 milliard dollardan sal koʻproq mablagʻ qolgan.
Bu pul, agar AQSh oʻtgan 6 oydagidek hajmda qurol-yarogʻ yetkazib berishda davom etsa, taxminan olti oyga yetadi xolos. Bu Rossiya bostirib kirganidan buyon AQSh joʻnatgan jami 43,9 milliard dollarning taxminan 11 foizini tashkil etadi.
Amerika kongressi mamlakat byudjetini Ukrainaga yordam uchun ajratiladigan mablagʻlarni hisobga olmagan holda tasdiqlagani Ukraina mudofaasi uchun katta muammolar tugʻdiradi.
Lekin vaziyat shundayki, Amerika Qoʻshma Shtatlari Ukraina Qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish boʻyicha uzoq muddatli dasturni amalga oshirishda foydalangan yana bir mablagʻ manbai – Ukraina xavfsizligiga koʻmaklashish tashabbusining byudjeti boʻshab qolgan. Bayden maʼmuriyati rasmiylari va senatorlar hafta oxirida Amerika qoʻllab-quvvatlashidagi pauza Kiyev uchun halokatli boʻlishi mumkinligini taʼkidlab, Kongressni qoʻshimcha moliyalashtirish boʻyicha qonun loyihasini tezroq qabul qilishga chaqirdi.
"Hech qanday sharoitda biz Amerikaning Ukrainani qoʻllab-quvvatlashini toʻxtatishga yoʻl qoʻya olmaymiz", degan AQSh prezidenti Jo Bayden. “Amerika ittifoqchilari, Amerika xalqi va Ukraina xalqini bizning yordamimizga ishonishingiz mumkinligiga ishontirmoqchiman. Biz ketmaymiz”, degan AQSh prezidenti.
Biroq Ukrainaga Amerika qurollari yetkazib berilganidan keyin AQSh Mudofaa vazirligi arsenalini toʻldirish uchun foydalaniladigan hisobda hozirda 1,6 milliard dollarga yaqin mablagʻ bor, bu mamlakat mudofaa qobiliyatini saqlab qolish uchun yetarli emas, deyishmoqda rasmiylar. Pentagon AQSh Kongressiga maktub yoʻllab, Ukrainaga ajratiladigan mablagʻni koʻpaytirishni soʻragan, chunki mudofaa vazirligi Kiyevga berilgan qurollarni almashtirish uchun mablagʻ yetishmayapti.
AQSh Mudofaa vazirligi Kongress qoʻshimcha mablagʻlarni qachon maʼqullashini bilmaydi, shuning uchun u oʻz zaxiralarini toʻldirish va pulni tejash uchun yangi uskunalarni muntazam yetkazib bermasligi mumkin. Senatorlardan birining yordamchisi aytishicha, bu holat kamida 17 noyabrgacha, yaʼni joriy moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi muhokamasi tugagunga qadar davom etishi mumkin. Kongressga maktub yoʻllagan AQSh Mudofaa vazirining moliya boʻyicha oʻrinbosari Maykl Makkord qonunchilarni “AQSh Kiyev uchun uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini tugatgani” haqida ogohlantirdi. Makkordning soʻzlariga koʻra, AQSh armiyasida raketalar va artilleriya snaryadlari kabi zaxiralarini toʻldirish uchun Kongress tomonidan ajratilgan 25,9 milliard dollardan atigi 1,6 milliard dollar qolgan. Uning aniqlik kiritishicha, Qoʻshma Shtatlar muhim havo hujumidan mudofaa tizimlari, oʻq-dorilar, dron va hujum qurollarini ishlab chiqarishni kechiktirishga yoki kamaytirishga majbur boʻladi.
Yordam toʻxtab qolmaydi
Bir soʻz bilan aytganda, Gʻarb Ukrainani qoʻllab quvvatlashda davom etaveradi. Faqat bundan buyon mazkur loyiha uchun paplament roziligini olish qiyinroq kechishi, hatto Rossiya provokatsiyasi va moliyalashtirishi ostida xufyona uyushtiriladigan “xalq” namoyishlari va mitinglarga olib kelishi mumkin. Yoxud Rossiyaga sotilgan davlat rahbarlari bu boradagi qaror va loyihalarga veto qoʻyishi mumkin xolos. Lekin bu hozircha Ukrainaga yordamni umuman toʻxtatib qoʻyish yetarli kuch va hajmga ega emas. Zero, Ukraina magʻlub boʻlsa, Rossiyaning ishtihasi yana ochilib ketadi, Putinning mavqei mustahkamlanadi. Bu esa Gʻarb xavfsizligi, demakki boshqa dunyo xavfsizligi uchun ham katta tahdid tugʻdiradi. Chunki Putinning maqsadi buyuk Rossiya imperiyasini tuzish boʻlib, u yangi yerlarni bosib olish va oʻz maqsadi yoʻlida har qanday qurbonlar hamda malomatlarga eʼtibor bermaydigan siyosatchi ekanligini isbotlab boʻlgan.
Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.