Ketish imkoniyati tugʻilsa, qaysi davlatga ketgan boʻlardingiz?
Platina.uz mazkur savol bilan oʻzbekistonliklarga yuzlandi.

Inson doim orzular bilan yashaydi. Bu orzular ayni dam oʻzi yashayotgan muhiti, oʻrni, holatidan yanayam yaxshirogʻini istash natijasida paydo boʻladi. Masalan, qaysidir davlatga borish orzusi, bu koʻpchilikni eʼtiborsiz qoldirmaydigan orzu boʻlsa kerak.
Avvalroq biz “Chet elga qay maqsadda “surish” kerak: oʻqishmi, ishmi yoki sayohat?” mavzusida hayotining bir qismini, oʻqishini Turkiya bilan bogʻlagan yurtdoshimiz bilan suhbatlashgan edik. Xoʻsh, bu haqida aholimiz nima deydi? Platina.uz “Ketish imkoniyati tugʻilsa, qaysi davlatga ketgan boʻlardingiz? Nima uchun?” savollari bilan oʻzbekistonliklardan soʻrovnoma oʻtkazdi.
—Amerikaga ketgan boʻlardim. Hamma narsa qulay, Oʻzbekistondan koʻra yaxshiroq. Byudjet taraflama kuchli davlat, yaxshigina pul topsa boʻladi.
—Koreyaga, oʻsha yerda oʻqimoqchiman.
— Angliyaga. Oʻsha davlatga qiziqaman, ingliz tilini ham shuning uchun oʻrganyapman.
— Yaponiya. Tinch boʻlgani uchun.
— Ketmas edim. Shu yer yaxshi.
Shuningdek, javoblar ichida Germaniya, Fransiya, Polsha, Kanada, Rossiya, Dubay kabi davlatlar ham bor. Manzillar turlicha. Maqsadlar ham.
Soʻrovnomada eng koʻp nomi jaranglagan davlat bu Amerika boʻldi. 10 ga yaqin oʻzbekistonlik Amerika orzusida. Kimgadir muhiti yoqadi, kimgadir sharoiti, kimgadir taʼlimi. Ular ichida Grin kard lotoreyasida qatnashganlar ham bor. Keyingi soʻrovnomamiz ham aynan Grin kard haqida boʻladi. Xoʻsh, siz qaysi davlatga ketgan boʻlardingiz?
Odinaxon Dehqonova