Prezident topshirigʻi: "qizil" mahallalarda ishlar davom etmoqda
Jumladan, sharoiti oʻta ogʻir boʻlgan 2 mingdan ziyod oilalarning turar joylari joriy va kapital taʼmirlab berildi.

Prezident topshirigʻiga asosan butun mamlakat boʻylab eng chekka va olis hududlarda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Ushbu topshiriqqa asosan Respublika ishchi guruhi shakllantirilib, uning tarkibiga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, tijorat banklari hamda viloyat hokimliklari, tashkilot va idora masʼullari kiritildi.
Oʻtgan bir yarim oy mobaynida Respublika ishchi guruhi boshchiligida tanlangan 70 ta “qizil” toifadagi mahallalarda uyma-uy xatlovlar oʻtkazilib, natijalari asosida har bir hudud kesimida muammolarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi va ishlar boshlab yuborildi.
Jumladan, sharoiti oʻta ogʻir boʻlgan 2 mingdan ziyod oilalarning turar joylari joriy va kapital taʼmirlab berildi, 459 tasida kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi.
Mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 554 ta ichki koʻchaga 78 km uzunlikda asfalt, 293 km yoʻl shagʻal, 16 km yoʻlga beton yotqizilib, 18 946 m2 piyodalar yoʻlagi barpo etildi.
Elektr taʼminotida 125 km uzunlikdagi yangi elektr tarmogʻi tortildi, 895 dona yoritish moslamalari oʻrnatildi, 46 ta yangi transformator oʻrnatilib, 163 tasi taʼmirlandi, 4 288 ta simyogʻoch ustunlar beton ustunlarga almashtirildi, 1 363 ta yangi qoʻshimcha temir-beton ustunlar oʻrnatildi.
Gaz taʼminoti boʻyicha 112 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi, 4 km uzunlikdagi yangi tabiiy gaz tarmogʻi tortildi, 128 km gaz tarmogʻi taʼmirlandi,
Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida 133 km uzunlikdagi yangi suv tarmogʻi tortildi, 9 km taʼmirlandi, 6 ta yangi ichimlik suvi inshooti oʻrnatildi va 16 tasi taʼmirlandi.
Koʻp qavatli uylar holatini yaxshilash uchun 20 ta koʻp qavatli uyning 243 m.kv tom qismi, 24 tasining kirish yoʻlaklari taʼmirlandi.
Aholi talabiga koʻra 2 mingga yaqin xonadonga qoʻshimcha 1,5 ming tonna koʻmir va 12 mingga yaqin suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi.
Sharoiti ogʻir boʻlgan aholi qatlamiga ijtimoiy yordam koʻrsatish masalalariga ham Respublika ishchi alohida eʼtibor qaratdi.
Xususan, 70 ta mahalladagi 4 mingga yaqin aholining bandligi taʼminlandi, 716 nafar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarga 2 mlrd. soʻmga yaqin turli yordamlar koʻrsatildi, 54 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 60 nafariga protez-ortopediya vositalari, 5,2 ming nafariga bepul dori-darmon vositalari, 137 nafariga tikuv mashinasi va 102 nafar fuqaroga asbob-uskunalar va mehnat qurollari olib berildi.
Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida 100 mingga yaqin fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, natijasiga koʻra ularning 703 nafariga davolanish uchun order, 40 nafarga sihatgoh, sanatoriya va profilaktoriyalarga yoʻllanma berildi, 31 nafar yakka yolgʻiz keksalarga hamda 190 nafar nogironlarga turli yordamlar koʻrsatildi.
Shu bilan birga aholi orasida kichik tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 581 nafar fuqaroga 10 mlrd. 645 mln. soʻmlik imtiyozli kredit, 245 nafariga 1mlrd 590 mln soʻmlik subsidiya olishiga koʻmaklashildi.
Mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yaxshilash maqsadida 4 mingdan ziyod tadbirlar tashkil etildi. Farzand tarbiyasi, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, kasanachilikni rivojlantirish, kitobxonlik targʻib qilish, sport tadbirlari “Uch avlod uchrashuvlari”ga bagʻishlangan tadbirlar shular jumlasidan. Tadbirlar natijasida 174 ta oiladagi notinch va nizoli holatlar bartaraf etildi.