Mirziyoyev: 2,4 millionta xonadonning egalik hujjati yoʻq

Oʻtgan uch yilda 96 foiz yerlarning elektron xaritasi yaratildi.

Jamiyat
27-oktabr 2023 yil
Mirziyoyev: 2,4 millionta xonadonning egalik hujjati yoʻq

Shavkat Mirziyoyev 27 oktabr kuni geologiya ishlarini kengaytirish, foydali qazilmalarning istiqbolli konlarini aniqlash va oʻzlashtirish rejalariga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishdi, shuningdek, yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarini yaxshilash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. 

Unda 2,4 mln. hujjatsiz uy-joylarga egalik huquqini berish boʻyicha qonun loyihasini yakuniga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish boʻyicha qoʻyilgan katta marralarga erishishda iqtisodiyotni mineral resurslar bilan taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Keyingi yillarda yurtimizda geologiya sohasini transformatsiya qilish doirasida uning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, ilmiy izlanishlar va kadrlar tayyorlash kuchaytirildi.

Taqdimotda sohada qilingan ishlar, foydali qazilmalarni aniqlash va oʻzlashtirishga xorijiy hamkor va investorlarni jalb qilish rejalari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda geologiya-qidiruv ishlari oldingi davrga nisbatan 3 barobar oshdi. 3D seysmorazvedka, aerogeofizika, kosmogeologiya, raqamli geologiya kabi ilgʻor usullarni joriy etish boshlandi. Geologiya fanlari universiteti tashkil etilib, hozirgi kunda 1,5 ming nafar yoshlar bilim va koʻnikmalarni egallamoqda.

Shuningdek, geologiya ishlari sohasidagi loyihalarga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qonunchilik bazasi takomillashtirildi va boshqa zarur sharoitlar yaratildi.

Buning hisobiga konlarni izlash va oʻzlashtirish bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlar soni 4 barobarga oshdi. Joriy yilning oʻzida geologiya ishlariga 180 million dollar xorijiy investitsiyalar kiritildi, amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati esa 2 milliard dollardan oshdi.

Soʻnggi yillarda kadastr sohasida ishlar amalga oshirildi. Jumladan, topografik oʻlchovlar uchun Kadastr agentligi maxsus samolyot va aerofotokamera, 112 ta dron bilan taʼminlandi. Sohani raqamlashtirish uchun 6 ta axborot tizimi va maʼlumotlar markazi ishga tushirildi.

Bularning hisobiga, oʻtgan uch yilda 96 foiz yerlarning elektron xaritasi yaratildi. 40 million gektar yer roʻyxatga olinib, soliq bilan bogʻlandi. Avval hisoblanmagan 790 mingta yangi va 520 mingta qoʻshimcha qurilma tizimga kirdi. Bular orqali byudjetga 1,1 trillion soʻmlik qoʻshimcha manba yaratildi.

Shuningdek, zaxiradagi 1,2 million gektar qishloq yerlariga kadastr qilingani hisobiga 675 ming aholi va fermerlarga 425 ming gektar yer boʻlib berildi.

Shu bilan birga, sohada hali qilinadigan ishlar ham koʻp. Xususan, 146 ming kilometr ichki yoʻllar va atrofidagi yerlarning hujjati yoʻq.

Suv xoʻjaligida ham shu ahvol. Suv havzalari, kanal va kollektorlar atrofidagi boʻsh yerlarni auksion orqali aholi va tadbirkorlarga berish mumkin. Lekin bugungi kunda 827 ming gektar suv fondi yerlaridan faqat 380 ming gektarining kadastr hujjatlari bor.

Shu bois yoʻl va suv fondi yerlari kadastrini yakunlab, ulardan foydalanishga sharoit yaratish boʻyicha koʻrsatma berildi. Bu orqali 1 million aholi bandligini taʼminlash mumkinligi taʼkidlandi.

Hisob-kitoblarga koʻra, respublikada 2,4 millionta xonadonning egalik hujjati yoʻq. Ularning qadastr hujjati qilinsa, odamlarga huquqiy, iqtisodiy zamin boʻladi. Shu bois hujjatsiz uy-joylarga egalik huquqini berish boʻyicha qonun loyihasini yakuniga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, aholi uzoq yillardan buyon uy-joy sifatida foydalanib kelayotgan, lekin hujjatda qishloq xoʻjaligi yerlari boʻlib qolayotgan 817 ming gektar yerni xatlovdan oʻtkazib, yer toifasini oʻzgartirish taklifi bildirildi.

Kadastr tizimida ish hajmi koʻpligi ham dolzarb masala. Bu yil 1,5 millionta kadastr xizmati koʻrsatilgan boʻlsa, shundan 600 mingtasi kadastr yigʻma jildi bilan bogʻliq. Tizimdagi 25 foiz xodim shu bilan band. Ularga ish yuklamasi ikki barobar koʻp.

Bu borada Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tajriba tariqasida xususiy kadastr muhandisi instituti joriy etildi hamda 165 ta xususiy kadastr muhandisi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Endi bu faoliyatga xususiy sektorni jalb qilish nazarda tutilmoqda. Odamlar istasa xususiy sektorga, istasa davlat idorasiga murojaat qilishi mumkin boʻladi. Buning uchun koʻchmas mulklar yangi “UZKAD” axborot tizimiga oʻtkaziladi, 2024 yil 1 iyuldan respublikaning barcha hududlarida xususiy kadastr muhandislari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, deyiladi matbuot xizmati xabarida. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+