Makron Oʻzbekistonga keladi
Mazkur safar Fransiya prezidentlarining Oʻzbekistonga ikkinchi tashrifi boʻladi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 1 va 2 noyabr kunlari Qozogʻistonga, soʻngra Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan boradi, deyiladi Yelisey saroyi rasmiy bayonotida.
“Ushbu safarlar Markaziy Osiyoning ushbu ikki davlati bilan munosabatlarni chuqurlashtirish kontekstida amalga oshirilmoqda”, — deyiladi bayonotda.
Fransiya ikki davlatni islohot va modernizatsiya borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi, hamkorlikni diversifikatsiya qilishga yordam beradi, ularning mustaqilligi va suverenitetini, shuningdek, Yevropa bilan aloqalarni mustahkamlash istagini qoʻllab-quvvatlaydi, deya taʼkidladi prezident Makron maʼmuriyati.
“Fransiya va bu ikki davlat oʻrtasidagi yaqinlashuv iqtisodiy sohada, xususan, energetika, muhim xomashyo yetkazib berish, transport infratuzilmasi, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi-oziq-ovqat mustaqilligi va hatto mudofaa sohasida amalga oshirilmoqda”, - deya taʼkidladi Yelisey saroyi maʼmuriyati.
Taʼkidlash joizki, Makronning tashrifi avvalroq, uning Shavkat Mirziyoyev nomiga yoʻllagan tabriknomasida maʼlum boʻlgandi.
Mazkur tashrif Fransiya prezidentlarining Oʻzbekistonga ikkinchi tashrifi boʻladi. 1994 yilda Fransua Mitteran ilk bor mamlakatga kelgandi.