Falastin-Isroil mojarosi Putin uchun yangi imkoniyat boʻlishi mumkin

Bu mojaroda barcha fikrlar oʻz yoʻliga-yu, lekin ikkita qudratli kuchning fikrlari hammaning diqqat nazarida turibdi. 

Maqola
26-oktabr 2023 yil
Falastin-Isroil mojarosi Putin uchun yangi imkoniyat boʻlishi mumkin

Bundan 20 kuncha avval dunyo geopolitikasida tub oʻzgarishlar yasagan voqea roʻy berdi: Isroilning yarim yasrlik zugʻumi va zulmiga chiday olmagan falastinliklar bosh koʻtarishga yana bir bor jurʼat qilib koʻrishdi.

Gʻazo Sektoridagi XAMAS harbiylari timsolida roʻy bergan bu qurolli hujum dunyodagi insonlarni yana ikkiga boʻlib qoʻydi. Kimdir Falastin tarafda, kimdir Isroilning yonini olmoqda.

Ehtimol, arablar Falastin tarafda, degan fikrlar ham bordir. Biroq, arablarning oʻzilari toʻqigan hazilomuz maqol bor: “Arablar hech qachon kelishmaslikka kelishib olishgan”. Hamma arab davlatlari ham avvalo oʻz manfaatlaridan kelib chiqib, bayonotlar bermoqda va harakat qilmoqda. Masalan, BAAning BMTdagi vakili XAMAS hujumlarini qattiq qoralashini maʼlum qilish bilan cheklandi.

Shu oʻrinda “BMT qayoqqa qarayapti” deyishingiz ham mumkin. Hozircha Isroil tomoni BMTga ham “oʻdagʻaylab” bermoqda. BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh "XAMASning Isroilga hujumi besabab boʻlmadi, Falastin xalqi 56 yildirki boʻgʻuvchi ishgʻol ostida. Ular oʻz yerlarini doimiy ravishda olib qoʻyishayotgani va zoʻravonlikka uchrayotganini koʻrishdi; ularning iqtisodiyoti boʻgʻildi; ularning odamlari koʻchirildi va uylari vayron qilindi.

Ularning mushkul ahvoliga siyosiy yechim topish umidlari soʻnib bormoqda", degan. Bosh kotib XAMASning hujumini ham qoralagan. Biroq “ushbu mojarodagi hech qaysi taraf xalqaro huquqdan ustun boʻla olmaydi” degan. bu Isroilning BMTdagi doimiy vakilining gʻazabini qoʻzgʻatdi. U Bosh kotibni noxolislikda ayblab, undan isteʼfoga chiqishni talab qildi. Hatto Isroil BMT vakillariga viza berishni toʻxtatishini bildirdi. Bu haqda Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan bayonot bergan. BMT Bosh kotibi Guterrishning Falastin-Isroil mojarosi boʻyicha pozitsiyasi bunga sabab qilib koʻrsatilmoqda. Shu oʻrinda eslatib oʻtish joiz, avvalroq Isroil tashqi ishlar vaziri BMT Bosh kotibi bilan uchrashishdan bosh tortgan edi.

Albatta, AQShni ham butunlay Isroilni qoʻllaydi, mintaqada faqat isroilliklar hukmron boʻlishini istaydi, deyish qiyin. Avtoritar davlatlardan farqli oʻlaroq, AQSh ichki va tashqi siyosati juda murakkab va koʻplab omillarga bogʻliq. Masalan AQSh prezidenti Jo Baydenning zudlik bilan Isroilga harbiy-texnikaviy va moliyaviy yordam koʻrsatishga undashi ayrim kongressmenlarga yoqmadi. Ular norozilik sifatida isteʼfoga chiqishdi. Avvalroq Bayden Kongressdan Ukraina uchun 61,3 mlrd. dollar, Isroilga 14,3 mlrd. dollar ajratishni soʻragan edi. Bu ikki mamlakat va boshqa ayrim mintaqalar uchun AQSh byudjetidan 100 mlrd. dollardan ziyod mablagʻ ajratish rejalashtirilmoqda.

Politico nashrining yozishicha, Baydenning milliy xavfsizlik uchun umumiy hisobda 106 mlrd. dollar soʻrayotgani hozircha munozaralarga sabab boʻlmoqda.  Senatdagi respublikachilar oʻrtasida bu qarorni qoʻllash boʻyicha hozircha yakdil fikr yoʻq. Prezidentning bu talabi hatto rad etilishi ham mumkin. Biroq AQShdagi moliyaviy hamda media dastaklar isroilparastlar qoʻlida ekani, AQSh hukumatiga taʼsir qiluvchi qudratli yahudiy lobbistlari mavjudligi oqibatida Amerika hukumati yarim asrdan buyon Isroilning qonli shoʻxliklariga koʻz yumishga, hatto uni himoya qilishga majburligi inobatga olinsa, bu talab qondirilishi ham mumkin.

Bundan tashqari, taqdir hazillarini qarangki, AQShning biror prezidenti salgina boʻlsada Falastinga yon bossa - masalan, mustaqil Falastin davlatini tuzish uchun bel bogʻlasa - darrov biror tuhmat va mojarolarga duchor boʻlgan yoki oʻldirilgan. Bayden va Obamadan oldingi AQSh prezidenti Donald Tramp ham garchi kuyovi yahudiy millatiga mansub boʻlsada, Falastin davlatini tuzishga chaqirgan edi. Faqat Tramp status-kvoni saqlab qolish shartini qoʻydi. Yaʼni, Falastinga tegishli ekani BMT rezolyutsiyalari bilan mustahkamlab qoʻyilgan yerlarning Isroil tomonidan noqonuniy anneksiya qilib olingani qismlari, shuningdek, Isroil koʻchirib kelgan aholi uchun qurilgan uylar joylashgan hududlar Isroilda qolishi kerakligini talab qildi. Agar shunday boʻlsa, men oʻzim Falastin davlati tuzilishiga kirishaman va oʻzim birinchilardan boʻlib uni davlat sifatida tan olaman degan edi. Biroq 1948 yilda bu hududda ikkita davlat Isroil va Falastin davlati boʻlishiga koʻnmagan, Isroilni davlat sifatida tan olmagan Falastin uchun bu taklif unchalik qiziq tuyulmadi.

Bu mojaroda barcha fikrlar oʻz yoʻliga-yu, lekin ikkita qudratli kuchning fikrlari hammaning diqqat nazarida turibdi. Birinchisi - Putin timsolidagi Rossiyaning pozitsiyasi boʻlsa, ikkinchisi Xitoyning nuqtai nazari. Xitoy mojaro boshidanoq oʻt ochishni toʻxtatish, begunoh qurbonlar va nohaq qon toʻkilishining oldini olish kerakligini, bu mojaroga Falastin davlati tuzilishi bilan yechim topilishini taʼkidlab keladi. Chunki Xitoy endi nafaqat iqtisodiy jihatdan qudratli davlat, balki siyosiy kuchga ham egaligini koʻrsatmoqchi. Xitoy vositachi sifatida Saudiya Arabistoni va Eron munosabatlarini yaxshilashga hissa qoʻshgani, Rossiya-Ukraina mojarosida ham vositachi boʻlishga urinayotgani ham shu fikr isboti. Falastistin-Isroil muammosida ham Xitoy vositachi boʻlishga tayyorligini u yoki bu tarzda bildirib kelmoqda. Bu oʻrinda albatta Xitoyning nafaqat geopolitik va siyosiy manfaatlari, balki iqtisodiy manfaatlari ham ustuvor. Masalan, Xitoy tomoni Yaqin Sharq va Osiyodagi ayrim davlatlar va kompaniyalarga, jumladan, Eronga sanksiyalar qoʻllanilishiga doimo qarshilik qilib kelyapti. Chunki ayni paytda mintaqadagi koʻplab iqtisodiy loyihalar Xitoy sarmoyasi va kompaniyalariga borib taqaladi. “Shoxiga ursang, tuyogʻi zirillaydi”, deganlaridek, bunday sanksiyalar bevosita Xitoyning iqtisodiy manfaatlariga ziyon yetkazib qoʻyishi mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, Xitoy Falastin-Isroil mojarosida ham oʻzi uchun siyosiy-iqtisodiy dividendlar borligini anglaydi. Qolaversa, mintaqada tinchlik boʻlishi va bu tinchlik Xitoy aralashuvi bilan yuzaga kelishi uning manfaatlariga toʻla mos keladi.

Bu mojaroda Putin tutgan pozitsiya ham alohida eʼtiborga molik. Putin ham avval boshdan bu muammoni faqat Falastin davlatini tuzish va uning xavfsiz rivojlanishini taʼminlash orqali hal qilish mumkinligini taʼkidlab kelyapti. Qizigʻi shundaki, Rossiya hukumati Gʻarbdagi hukumatlarga oʻxshab, XAMAS hujumlarini qoralab bayonot bermadi. Isroilga hamdardlik ham bildirmadi. Hatto Rossiya elchisi XAMASni terrorchi deb hisoblamasliklarini ham aytdi. Bu albatta turli talqinlarga sabab boʻlmoqda. Hatto bu mojaroda Putinning qoʻli bor, degan taxminlar ham mavjud. Bunga dalil sifatida XAMAS otgan ayrim raketalarning AQShda ishlab chiqarilgani koʻrsatilyapti. Bu raketalar AQSh tomonidan Ukrainaga berilgan va keyin Rossiyaga qoʻliga tushib qolib, ular XAMASga topshirilgan boʻlishi mumkin, deyilmoqda. XAMAS hujumlari aks etgan videolavhalarda rus tilida soʻzlashilgan holatlar ham bor, degan iddaolar oʻrtaga tashlanmoqda.

Albatta siyosatda ham “dushmanimning dushmani – mening doʻstim” degan tamoyilga ham amal qilinadi baʼzan. Masalan, aksariyat musulmonlar Falastin xalqi qurbon boʻlayotganidan ruhiy iztirob chekayotgan bir sharoitda Ozarbayjon rasman Isroil tarafida turibdi. Chunki Togʻli Qorabogʻ mojarosida Isroil Ozarbayjon tarafida boʻlgan. Hozir esa tabiiyki, Armaniston Isroilga emas, garchi musulmon boʻlsada Falatinga xayrixoh boʻlyapti.

Rossiya esa azaldan, hatto SSSR davridanoq AQShni oʻziga raqib, deb bilgani bois, Isroilga yon bosmaydi. Chunki Isroil AQSh tomonida. Hatto 60-yillardagi mojarolarda ham SSSR baʼzan ochiqchasiga, baʼzan xufyona Falastin va arab davlatlari tarafida boʻlgan. Ulardan moddiy va harbiy texnikaviy yordamini ayamagan. Ayni paytda ham bunday munosabat siyosiy inersiya tarzida davom etib kelyapti.

Albatta Ukrainadagi qondosh va dindoshlari oʻlayotganiga sovuqqon qarayotgan Putin qalbini Falastindagi qurbonlar vayron etyapti, deyish qiyin. Barcha zamonlarda boʻlgani va barcha hukmdorlarga xos boʻlgani kabi Putin ham avvalo oʻz manfaatini koʻzlashi tabiiy. Putin XAMAS hujumini uyushtirmagan taqdirda ham, bu vaziyat uning uchun zoʻr sovgʻa boʻldi, deyish mumkin. Zero shundoq ham Ukrainaga yordam berishdan charchayotgan Gʻarb uchun Isroilni ham yelkasiga ortmoqlab olish endi ogʻirlik qiladi. Hukumat rahbarlari har qancha chiransa ham, xalqda norozilik kayfiyati kuchaya boshlaydi. Buning oldini olish uchun hozir Isroil propagandaga katta kuch beryapti. Turli davlatlarda XAMAS va falastinliklarni aybdor qilib koʻrsatuvchi aksiya va namoyishlar uyushtirilmoqda. Masalan, Avstraliyadagi bir ziyofatda 200 ta tarelka boʻsh qoʻyildi. Tel-Avivda esa siyosiy performans sifatida yuzlab qonga boʻyalgan ayiqchalar terib qoʻyildi. Yevropaning yana bir davlatida esa koʻpgina boʻsh bolalar aravachalari maydonga terildi. Ular garovga olingan va oʻldirilgan isroillik bolalarni anglatar emish.

Qisqa qilib aytganda, avvalo bu mojaro Ukrainaga yordamni susaytirishi mumkin boʻlsa, ikkinchidan, Putinning xalqaro maydondagi obroʻsini koʻtarishga xizmat qilishi mumkin. Putin yana “eski va qadrdon” davrlardagi kabi yeng shimarib, oʻrtaga tushib, urushqoq bolalarni yarashtirib qoʻyishi mumkin. Qarabsizki, yana kim qahramon – Putin qahramon! Bu uning avvalgi qilmishlarini ham unutishga yordam berishi, Yaqin Sharqdagi pozitsiyasi mustahkamlanishiga yordam berishi mumkin. Buning ustiga BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzosi sifatida har qanday oʻziga nomaqbul BMT relzolyutsiyasiga veto qoʻyish huquqiga ega. Masalan, Braziliya kiritgan rezoyutsiyaga Rossiya qoʻshilmadi.

Rossiya Falastin-Isroil munosabatlarini normallashtirish, oʻt ochishni toʻxtatishga qaratilgan oʻz rezolyutsiyasi loyihasini kiritdi. Uni Xitoy, BAA, Gabon va Mozambik qoʻllab-quvvatladi. Albaniya, Braziliya, Gana, Malta, Shveysariya va Ekvador betaraf qolishdi. AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Yaponiya esa qarshi ovoz berishdi. Natijada rezolyutsiya loyihasi rad etildi. AQShning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfildning izoh berishicha, Rossiya rezolyutsiyasida XAMAS harakatlari qoralanmagan emish. XAMASning bayonot berishicha, Rossiyaning BMT rezolyutsiyasida Gʻazo sektorida oʻt ochishni batamom toʻxtatishga qatʼiy chaqiriq boʻlishini talab qilayotgani falastinliklar uchun juda muhim

Buning ustiga, Falastindagi XAMASdan oʻzga ikkinchi kuch – Gʻarbiy Sohilga “xoʻjayinlik” qiluvchi FATH tashkilotining aytishicha, Rossiya Falastin mojarosida vositachi boʻlishi mumkin. FATX matbuot kotibi Munzir Xayek shunday bayonot bergan. Uning soʻzlariga qaraganda, Falastin Rossiyaning mazkur mojaroni hal qilish yoʻlidagi rolini qadrlaydi.

Xullas, Falastin-Isrolil mojarosining yangi bosqichida Putin hal qiluvchi rol oʻynashga intilyapti. Agar 2014, hattoki 2022 yildan avvalgi holatda Rossiya bu mojaroda “maydonni birov”ga bermasligi mumkin edi. Ammo Qrim va Ukriana voqealaridan keyin Rossiyaning xalqaro maydondagi obroʻsi tushib ketgani pand beryapti. Biroq bu mojaro nafaqat dunyoda geopolitik jarayonlarga kuchli taʼsir qilishi, balki xalqaro munosabatlar maydonidagi oʻyin qoidalarini ham oʻzgartirib yuboryapti. Bunday vaziyatda esa “kuzir” kimning qoʻlida borligini oldindan aytish qiyin. Hozircha deyarli hamma davlat qoʻlidagi qartalarini tashlab boʻldi. Endi yurish navbati Putinga.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi. 

 

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+