platina.uz
Jamiyat

Ibrohim Abdurahmonov aslida kim?

Xoʻsh, u aslida kim? Uning qishloq xoʻjaligiga aloqasi bormi? Quyida shu haqda batafsil toʻxtalamiz.

Ibrohim Abdurahmonov aslida kim?

Bugundan Qishloq xoʻjaligi vaziri etib tayinlangan Ibrohim Abdurahmonov bungacha oliy taʼlim va innovatsiya yoʻnalishiga javobgar edi. Xoʻsh, Abdurahmonov aslida kim? Uning qishloq xoʻjaligiga aloqasi bormi? Quyida shu haqda batafsil toʻxtalamiz.

U 1975 yil 19 fevral kuni Namangan viloyati Chust tumanidagi Gʻovasoy qishlogʻida tugʻilgan. 1997 yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) biotexnologiya fakultetini tugatgan. “Umid” jamgʻarmasi stipendiyasi sohibi boʻlib, 2001 yilda Texas qishloq xoʻjaligi va mexanika universitetini (AQSh) tamomlab, oʻsimliklar seleksiyasi boʻyicha fan magistri darajasini olgan. Soʻngra ilmiy faoliyatini davom ettirish uchun Oʻzbekistonga qaytib kelgan. Hozirdagi ilmiy unvoni – akademik.

Ibrohim Abdurahmonov 2012 yilda Oʻzbekiston genomika va bioinformatika markaziga asos solgan. Paxta genomikasi va biotexnologiyasiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 2010 yilda TWAS va ICAC mukofotlari sovrindori boʻlgan. 2017-2022 yillarda Innovatsion rivojlanish vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. 2022 yilda Xitoy xalqaro madaniy almashuvlar markazi (CICEC) hamda Global People jurnalining “Ipak yoʻli doʻstlik elchisi” unvoni bilan taqdirlangan. 2023 yilda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri etib tayinlangan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi hamda Jahon fanlar akademiyasi aʼzosi.

Ibrohim Abdurahmonov oʻz mehnat faoliyatini 1997-1998 yillarda Genetika va eksperimental oʻsimliklar biologiyasi institutida kichik ilmiy xodim, aspirant sifatida boshlagan. 2002-2012 yillarda Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklarning eksperimental biologiyasi instituti Genomik texnologiyalar markazi laboratoriyasining loyiha menejeri boʻlgan. 2002-2008 yillarda amerikalik olimlar bilan hamkorlikda paxta genomikasi boʻyicha tadqiqotlar bilan shugʻullangan. Bu tadqiqotlar natijasida yuqori sifatli, uzoq pogʻonali, serhosil va ertapishar, ildiz tizimi rivojlangan gʻoʻza navlarini olishning gen-nokaut texnologiyasi yaratildi.

2008 yilda molekulyar genetika yoʻnalishi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 2011 yilda Fanlar akademiyasi molekulyar genetika va molekulyar biotexnologiya kafedrasi professori unvoni berilgan. Ibrohim Abdurahmonov 2012 yilda Fanlar akademiyasi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasida yangi mustaqil tadqiqot markazi – Genomika va bioinformatika markazini tashkil etish jarayoniga rahbarlik qilgan va keyinchalik ushbu tashkilot rahbari etib tayinlangan. 2016 yilda mazkur markaz Fanlar akademiyasining eng yirik ilmiy muassasasi hisoblangan.

Ibrohim Abdurahmonov 2014 yil 26 oktabrda Maskat shahrida Jahon fanlar akademiyasi aʼzosi boʻldi. 2017 yilda Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

2017 yil 29 noyabrda Shavkat Mirziyoyev tomonidan Innovatsion rivojlanish vaziri lavozimiga tayinlangan. Abdurahmonov rahbarligida “2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi” va “2022-2026 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi” ishlab chiqildi va prezident qarori bilan tasdiqlandi. Prezidentning 2022 yil 7 iyuldagi farmoni bilan Ibrohim Abdurahmonov Paxtachilik kengashi raisi etib tayinlandi.

2022 yil oxirida Oʻzbekistonda hukumat tarkibi qayta tuzildi. Prezident farmoni bilan Ibrohim Abdurahmonov Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimiga tayinlandi.

Ibrohim Abdurahmonovning ilmiy faoliyati oʻsimliklar genomikasi, germplazma xarakteristikasi, genetik xaritalash, marker seleksiyasi, transgenomika, proteomika va bioinformatika boʻyicha tadqiqotlarga ixtisoslashgan. Abdurahmonovning bevosita rahbarligida dunyoda birinchi marta “muvozanatsiz bogʻlanish” usuli yordamida gʻoʻzaning elita navlarini koʻpaytirishda qoʻllaniladigan markerlar aniqlangan. Oʻzbekistonda yetishtiriladigan gʻoʻza navlarining molekulyar-genetik pasportlari ham yaratilgan.

Ibrohim Abdurahmonov Texas universiteti va AQSh Qishloq xoʻjaligi departamentidagi hamkasblari bilan hamkorlikda gʻoʻza genlarini (RNK interferensiyasini) «oʻchirish» hamda ushbu texnologiyani amaliyotda qoʻllash texnologiyalarini ishlab chiqdi. Ushbu gen-nokaut texnologiyasi yordamida yuqori sifatli, uzoq pogʻonali, serhosil va ertapishar, ildiz tizimi rivojlangan gʻoʻza navlari olindi.

U “Oʻzbekiston paxta germplazmasi resurslaridan foydalangan holda tola hosildorligi va sifat genlarini molekulyar xaritalash”, “Gʻoʻza fitoxromlari va gullash genlarini xarakterlash va molekulyar xaritalash”, “Fuzarioz vilti kasalligining miqdoriy belgi gen-lokuslarining molekulyar tavsifi va assotsiatsiyasi” kabi loyihalarga rahbarlik qildi va yaxshilangan gʻoʻza germplazmasini ishlab chiqishi” va “Gʻoʻza germplazmasining ildiz nematodasi, fusarium vilti kasalligiga potensial chidamliligini baholash va nomzod gen markerlarini ishlab chiqish” kabi ilmiy loyihalarga rahbarlik qilgan.

Professor Abdurahmonov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining biologiya, qishloq xoʻjaligi fanlari va veterinariya yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy unvonlar berishni muvofiqlashtiruvchi va attestatsiyadan oʻtkazuvchi Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi hisoblanadi. U, shuningdek, Xalqaro paxta genomi tashabbusi (ICGI) va Xalqaro paxta tadqiqot assotsiatsiyasi (ICRA) Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi hamdir.

Ibrohim Abdurahmonov Toshkent agrar universiteti, Oʻzbekiston milliy universiteti va Toshkent farmatsevtika instituti talabalari uchun molekulyar genetika, genetik muhandislik, biotexnologiya va inson genetikasi boʻyicha maxsus kurs olib boradi. Oliy oʻquv yurtlarida bakalavriat talabalari ishiga rahbarlik qilgan, bir qator nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalariga maslahatlar bergan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid