platina.uz
Tahlil

Dengizimiz yoʻq, ammo turistlarni yoppasiga jalb qilishning boshqa yoʻli bor

Xoʻsh, butun dunyoda turizm zoʻrgʻa oʻnglangan, hatto davlat subsidiyalariga tayangan bir sharoitda Oʻzbekiston qanday qilib 3 baravar koʻp natijani qayd etdi?

Dengizimiz yoʻq, ammo turistlarni yoppasiga jalb qilishning boshqa yoʻli bor

Xalqimizda “yurgan daryo, oʻtirgan boʻyra”, degan maqol bor. Musofir boʻlmaguncha musulmon boʻlmaysan, deyishadi ham baʼzan. Demakki, xalqimiz azaldan sayru sayohat va bordi-keldilarni olqishlagan. Mehmonlarga koʻrsatiladigan izzat-ikrom va mehmondoʻstlik xislatlari ham bejizga mentalitetimizdan mustahkam oʻrin olmagan.

Yurtimiz azaldan sayyohlaru savdogarlar eʼtiborini oʻziga jalb etib kelgan. Buyuk ipak yoʻlining yurtimiz zaminidan oʻtgani ham buning isboti. Hatto sobiq sovet ittifoq davrida SSSRga uyushtiriladigan sayyohlik turlarining kattagina qismi Samarqandu Buxoroga toʻgʻri kelgan.

Mustaqillikka erishganimizdan keyin turizmga eʼtibor kuchaya boshladi. Boy tarixga va chiroyli, qulay tabiat muhitiga ega Misr, Gretsiya, Ispaniya, Tailand kabi mamlakatlarda turizm davlat byudjetiga tushadigan daromadlarining aksariyat qismini tashkil etishi ham bu sohani yanada rivojlantirishimiz uchun jonli va qatʼiy turtki boʻla oladi.

Afsuski, turizm milliy daromadining kattagina, hattoki aksar qismini tashkil etadigan mamlakatlarda bor 2 ta muhim omil bizda mavjud emas. Bular – dengiz va doimiy subtropik iqlimdir. Oʻzbekistonda sohillari, iliq hamda tiniq suvi sayyohlarni jalb etadigan dengiz yoʻq. Iqlimimiz ham yurtimizning aksariyat hududlarida keskin kontinental – yozda haddan ziyod issiq, qishda esa oʻta sovuq harorat hukmron. Xoʻsh, bunday sharoitda sayyohlarni nima bilan jalb eta olamiz?

Oʻtgan hafta Samarqandda oʻtgan tarixiy voqea – BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasida koʻpgina dolzarb masalalar qatorida turistik salohiyat va undan foydalanish muammolari ham muhokama etildi. Unda turizm rivojlangan davlatlardan biri – Kolumbiya delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Kolumbiya delegatsiyasining vakili, Kolumbiyaning Rossiyadagi elchisi Ektor Arenas Neyraning aytishicha, Oʻzbekiston butun sivilizatsiyalar kesishmasida, Sharq va Gʻarb orasida, Yevropa va Osiyo oʻrtasida joylashgan. Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish uchun eng muhimi tarixga, ushbu madaniyatlar tarixiga eʼtibor qaratish kerak.

Kolumbiyani misol qilishimiz sababi shuki, bu mamlakat ham turistik salohiyati jihatidan Oʻzbekistonga oʻxshab ketadi: Kolumbiya, xususan, oʻtgan yilda turizm xizmatlari orqali 2 mlrd. dollar daromad qilgan (Oʻzbekiston - 1,4 mlrd.ga yaqin), 3 mln.dan ziyod sayyoh tashrif buyurgan (Oʻzbekistonga – 5 mln.ga yaqin.)

Albatta, taqqoslash uchun keltirilgan raqamlar yillik yoki oʻrtacha koʻrsatkichlar emas. Chunki 2020 yildagi COVID-19 pandemiyasi, qolaversa ayrim geopolitik nizolar va urushlar barcha sohalar qatori turizmga ham katta zarba berdi. UNWTO ekspertlari bu zarbalardan oʻnglanishi va hech boʻlmasa 2019 yilgi darajaga chiqishi uchun jahon turizmiga kamida 2 yil kerak boʻlishini, 2023 yilga kelibgina 2019 yilgi darajaning 80 foiziga chiqishi mumkinligini prognoz qilgandi.

UNWTO prognozlariga koʻra, turizmning oldingi qaddiga qaytishi dunyoning turli mintaqalarida turlicha kechishi, faqat 2 hududda – Yevropa va Yaqin Sharqda 2023 yilda pandemiyadan avvalgi daromad va sayyohlar oqimi tiklanishi mumkin edi.

Bu prognozlar albatta qisman oʻzini oqladi. Oʻzbekiston esa hatto 2019 yildagidan ham yaxshiroq koʻrsatkichni qayd etdi. Birgina 2021 yildagi sayyohlar oqimi koʻrsatkichi bir yildan keyin 2,8 baravar oshdi.

Xoʻsh, butun dunyoda turizm zoʻrgʻa oʻnglangan, hatto davlat subsidiyalariga tayangan bir sharoitda Oʻzbekiston qanday qilib 3 baravar koʻp natijani qayd etdi? Bunda albatta targʻibot ishlarining roli katta. Xorijliklar uchun viza olish boʻyicha talab va toʻsiqlarning yumshatilishi, turizm sanoati bilan bogʻliq infratuzilmaning kengaytirilib, rivojlantirilgani muhim rol oʻynadi. Biroq Oʻzbekistonning turistik salohiyatlarini targʻibot-tashviqot qilish masalalari ham eʼtibordan chetda qolmayotgani ayni muddao boʻlmoqda. Ayniqsa, xorijiy davlatlarda Oʻzbekistonning turistik imkoniyatlarini “koʻz-koʻz” etuvchi “turizm elchilari”ni tayinlash amaliyoti ham katta foyda bermoqda. Shunday elchilardan biri, aniqrogʻi, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotsonning aytishicha, u Oʻzbekturizm tashkilotidagi hamkasblari bilan hamkorlikda turizmning barqaror va bardavom rivojlanishi uchun tegishli strategiya ishlab chiqishda qatnashgan. Shuningdek, turizmni ommalashtirish borasida oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Chunki Oʻzbekistonda turizm salohiyati yetarlicha ulkan. Biroq koʻpincha xorijliklar hatto Oʻzbekiston haqida ham eshitishmagan. Shu bois imkon qadar koʻproq odamlarni Oʻzbekiston va uning turistik salohiyati haqida xabardor qilish lozim va turizm elchilari bu borada faol boʻlishlari maqsadga muvofiq. Bu yurtda nimalarni tomosha qilish mumkin, qanday taassurot va sayyohlik imkoniyatlari mavjud, nega dam olish uchun boshqa manzilni emas, aynan Oʻzbekistonni tanlash kerak, degan savollarga javob boʻlishi lozim.

Albatta oxirgi yillarda Oʻzbekistonda ekoturizm, ziyorat turizmi, rekreatsion (dam olish maskanlari, sanatoriy va kurortlar), tibbiy va ichki turizm shakllari yoʻlga qoʻyilib, sayyohlik oqimining koʻpayishi va pirovardida bu sohadan tushadigan daromadlarning ortishi taʼminlanmoqda.

Samarqandda BMT Butunjahon turizm tashkilotining (UNWTO) 25-sessiyasi doirasida oʻtkazilgan tadbirlarda turizmni barqaror rivojlantirishning yangi shakllari ham muhokama qilindi. Jumladan, Oʻzbekistonda MICE turizmni keng ommalashtirish boʻyicha amaliy takliflar va loyihalar koʻrib chiqildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, MICE turizm kompaniya va korxonalarning oʻz xodimlari uchun xizmat safarlari va oʻquv-trening mashgʻulotlarini xorijiy davlatlarda oʻtkazishi bilan bogʻliq jarayonlarni oʻz ichiga oladi.

MICE qisqartmasi quyidagi sohalarni qamrab oladi:

  • Meetings — korporativ uchrashuvlar;
  • Incentives — xodimlar uchun timbilding va motivatsion turlar;
  • Conferences — biznes konferensiyalar, sʼezd, forum va seminarlar;
  • Events — kompaniya hududi va u joylashgan shahar va davlatdan tashqarida oʻtkaziladigan korporativ bayramlar.

Yaʼni, MICE turizm bu – kompaniya xodimlarini, hamkorlarini va mijozlari koʻnikma va tajribalarini rivojlantirish, ragʻbatlantirish va oʻqitishga qaratilgan tadbirlarni boshqa shaharda yoki chet elda oʻtkazish jarayoniga oid turizm shaklidir.

Zamonaviy biznes turizm industriyasi Gʻarbda paydo boʻlgan. Shu bois MICE turizmning asosiy markazlari AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Germaniya, Fransiya, Avstriya va Ispaniya hisoblanadi. Sharqda esa bu turizm shakli borasida Xitoy yetakchilik qilmoqda.

Hozirda MICE turizm industriyasi uchun har yili milliardlab dollar sarflanadi va Oʻzbekiston kabi katta turistik salohiyatga har qanday davlat uchun yangi bir investitsion jozibali yoʻnalish boʻla oladi.

Xoʻsh, MICE turizm boshqa shakldagi sayyohlik turlaridan nimasi bilan farq qiladi?

Avvalo MICE turizm mavsumiylik xususiyatiga ega emas. Maʼlumki, iqlim oʻzgarishi va fasllar almashuvi turizmda mavsumiylikni keltirib chiqaradi. Masalan, hech kim yozda BAA yoki Turkiyada dam olmaydi. Qishda borishadi. MICE turizmi esa korporativ-biznes sayohatlari bilan bogʻliqligi bois, iqlim yoki faslga bogʻliq emas. Bu holat mehmonxona, koʻngilochar hamda ovqatlanish nuqtalarining doimo mijoz bilan band boʻlishini taʼminlaydi.

Ikkinchidan, MICE turizm yuqori rentabellikka ega. Ushbu shakldagi sayyohlikka talluqli biznes sohasi vakillari oʻrta va yuqori daromad oluvchilar qatorida boʻlgani bois katta foyda keltiradi. Bunday sayohatlarning maqsadi – biznes hamkorlar, mijozlar va boshqa ishtirokchilarni hayratda qoldirishdan iborat boʻlib, kompaniya oladigan foyda koʻpincha sayohatning muvaffaqiyatiga bogʻliq. Qolaversa, biznes sayohatchilarning aksariyati yuqori va oʻrta darajadagi kompaniyalar rahbarlari boʻlgani bois, qimmat va yuqori sifatli xizmatlarni talab qilishadi. Agar konferensiya va koʻrgazmalar madaniy koʻngilochar dasturlari bilan birga taqdim etilsa, restoranlar, mahalliy sayyohlik joylari, transport, yodgorlik doʻkonlari va boshqalar bundan katta naf koʻrishadi.

Uchinchidan biznes safarlari va sayohatlar oldindan rejalashtiriladi. Bu esa kutilmagan spontanlikni istisno qiladi va oldindan tayyorgarlik koʻrish va shunga qarab turizm xizmatlari koʻrsatishni rejali va barqaror boʻlishini taʼminlaydi.

Toʻrtinchidan, aksariyat hollarda biznes safarlarida jamoaviy ruh mustahkamlanadi, xodimlar uchun oʻzaro inoqlashuv va oʻzaro tajriba almashish imkoniyati tugʻiladi.

Beshinchidan esa ham sayohat, ham tijorat deganlaridek, ham ish bilan shugʻullanish, ham, dam olib, istirohat qilish imkoniyatlari uygʻunlashtiriladi.

Bundan tashqari, biznes sayyohlar ijtimoiy fikr va tegishli imijni shakllantirishga hissa qoʻshishadi. Mashhur odamlar boʻlgan va dam olgan joylar tabiiyki boshqa sayyohlarni ham oʻziga jalb qiladi.

Shuni taʼkidlash kerakki, Oʻzbekistonda MICE turizmni rivojlantirish uchun deyarli barcha sharoitlar mavjud. Jumladan, Oʻzbekiston xorijiy kompaniyalar uchun biznes uchrashuv va tadbirlarni oʻtkazish borasida koʻplab zamonaviy mehmonxona, restoran va biznes-markazlarni tavsiya eta oladi. Bu yerda madaniy va faol hordiq chiqarish uchun ajoyib imkoniyatlar yaratilgan. Qolaversa, MICE turizmini rivojlantirishga hozirgacha anchagina taraqqiy topgan ekoturizm, etnik, tarixiy va ziyorat turizm yoʻnalishlari ragʻbatlantiruvchi omil vazifasini oʻtay oladi.

Oʻzbekiston ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov UNWTO 25-sessiyasida soʻzlagan nutqida aytganidek, Oʻzbekistonda turizmni barqaror rivojlantirish maqsadida zarur infratuzilmani shakllantirish va rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, koʻplab mehmonxona va restoranlar, yangi yoʻllar qurilmoqda. Mavjudlari yangi talablar asosida rekonstruksiya qilinmoqda. Turizmni barqaror rivojlantirish uchun amaliy qadamlar qoʻyilyapti. Yangicha turizm shakllari, jumladan, etnik, ekoturizm va MICE turizmni yoʻlga qoʻyish hamda rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Albatta, bularning barchasi “qattiq” infratuzilma hisoblanadi. Ammo MICE turizmni rivojlantirishda “yumshoq” infratuzilma ham muhim hisoblanadi. Yaʼni sohada bilimga ega mutaxassislarni yetishtirish va aholining sayyohlik xabardorligini va madaniyatini oshirish masalalarida amaliy qadamlar qoʻyilgan. Jumladan, 2022 yilda Toshkent shahrida “Oʻzbekistonda MICE turizmining rivojlanishi: istiqbollari va xorij tajribasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, Qoʻqonda MICE turizmni rivojlantirish mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Bu kabi ilmiy anjumanlardan tashqari soha boʻyicha mutaxassislar yetishtirish masalasiga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, soʻnggi uch yilda ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari soni 16 tadan 30 taga, talabalar soni esa 4100 nafardan 11500 nafarga koʻpaydi. Ilmiy xodimlar va mutaxassislar soni ham ortdi.

Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va hukumat qarori bilan 2018 yilda Samarqand shahrida «Ipak yoʻli» xalqaro turizm va madaniy meros universiteti tashkil etildi.

Xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yetakchi mehmonxona brendlari bilan qoʻshma dasturlar allaqachon boshlangan. Bu kabi hamkorliklar orqali 10 ta namunaviy xonadan iborat mehmonxona va mehmondoʻstlik muassasasi tashkil etildi. U yerda talabalar uchun amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi.

Oʻzbekistonda ayni paytda turizm va mehmondoʻstlikka ixtisoslashgan 12 ta kollej va texnikum faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ularda MICE turizm boʻyicha ham bilim beriladi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi 20 ta mahalliy maktabda oʻquvchilarning Oʻzbekiston va xorijdagi turizm hamda madaniy meros haqidagi bilimlarini shakllantirishga qaratilgan turizm soatlari tajriba sifatida oʻtilmoqda. Keyinchalik bu tajribani Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Oʻzbekistonning boshqa turistik yoʻnalishlaridagi maktablar oʻquv dasturlariga kiritish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, oʻtgan hafta Samarqandda UNWTO bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan Xalqaro turizm akademiyasi ishga tushirildi. Akademiya nafaqat talabalar va Oʻzbekiston turizm sanoati, balki UNWTOga aʼzo boshqa koʻplab davlatlarning turizm sanoati uchun ham foydali boʻlishi tabiiy.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid