platina.uz
Jamiyat

Mirziyoyev Qashqadaryoda: prezident shifoxonadagi holatni jiddiy tanqid qildi

Prezident dastlab “Sulton Tex Group” klasterining toʻqimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mirziyoyev Qashqadaryoda: prezident shifoxonadagi holatni jiddiy tanqid qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji bilan tanishish maqsadida 24 oktabr kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbari butun faoliyati davomida har bir soha boʻyicha bevosita joylarga chiqib, xalq bilan muloqot qilib, aholi hayotidan kelib chiqib ish yuritadi. Mamlakatimiz hududlariga tashriflardan asosiy maqsad — qishloq aholisining turmush darajasini koʻtarish, tumanlarni sanoatlashtirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash.

Bu jihatlar Qashqadaryo viloyatiga tashrifda ham namoyon. Davlatimiz rahbari dastlab “Sulton Tex Group” klasterining toʻqimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bu korxona umumiy qiymati 8 million 200 ming dollarlik loyiha evaziga oʻtgan yili ishga tushgan. Zamonaviy texnologiya va uskunalar samarasida yiliga 5 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari tayyorlash quvvati yaratilgan.

Eʼtiborlisi, klaster “yangi mahsulot — yangi davlat” prinsipi asosida eksportni yoʻlga qoʻygan. Bugungi kunda sifatli tovarlar Amerika Qoʻshma Shtatlari, Kanada, Polsha, Singapur, Rossiya kabi mamlakatlarga toʻliq eksport qilinmoqda. Daromad, ish unumdorligi ham shunga yarasha yuqori. Klasterda paxta yetishtirish va ishlab chiqarishning toʻliq zanjirida 3 mingga yaqin aholi mehnat qilmoqda.

Prezident korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi. Bunday loyihalarning viloyat iqtisodiyoti va aholi bandligidagi ahamiyati haqida fikr bildirildi. Mutasaddilarga bu sohada imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

— Aholi, ayniqsa, qishloq joylardagi odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratish islohotlarimizning asosi boʻlishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, Qashqadaryo viloyatida yurtimizdagi eng koʻp paxta yetishtiriladi. Lekin uni qayta ishlash, tayyor mahsulotga aylantirish hajmi kam. Masalan, mato toʻqish va boʻyash yoʻlga qoʻyilsa, tumanlarda qoʻshimcha 60 ming kishini band qilish mumkin.

Shu maqsadda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi “Sulton staylz” korxonasida ham tatbiq etilmoqda. Amaliy monomarkaz tashkil etilib, ishsiz aholini toʻqimachilik kasbiga oʻrgatish yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu jarayon ikki bosqichli boʻlib, avval xotin-qizlarga korxonadagi texnologiya va asbob-uskunalardan foydalanish, mehnat xavfsizligi qoidalari oʻrgatiladi. Keyingi bosqichda ular murabbiylarga biriktirilib, bevosita ish oʻrinlarida amaliy bilim va koʻnikmalarni egallaydi.

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chogʻida rejadan tashqari tarzda Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga bordi.

Uning binosi oʻtgan asrning 60-70-yillarida qurilgan. Shifoxona 228 bemor oʻrniga va poliklinika 250 qatnovga moʻljallangan. Hozirda tumandagi 243 ming aholiga xizmat koʻrsatadi. Lekin bu yerdagi sharoitlar shuncha qamrovga va zamon talabiga mos emas. Ayrim jihozlarni yangilashga zarurat bor.

Prezident tibbiy boʻlimlar va xonalarga kirib, asl ahvolni koʻzdan kechirdi. Bu yerga kelgan bemorlar bilan suhbatlashdi.

– Bugun Qashqadaryoga kelishimizdan maqsad viloyatning 3 yarim millionlik aholisi turmush sharoitini yaxshilash, ogʻirini yengil qilish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish. Yoʻldan oʻtib ketayotib, shifoxona qanday ekan, deb kirdim. Holatni oʻzim koʻrib, oddiy odamlar bilan koʻproq muloqot qilib, qaror qabul qilish – mening eng katta maqsad-muddaom. Avval ham aytganimdek, taʼlim bilan tibbiyot sifatli boʻlsa, odamlar rozi boʻladi. Koʻp joylarda shifoxonalarni yaxshi qildik. Lekin Qarshi tumanidagi sharoit menga maʼqul emas. Bugun koʻrganlarimdan xulosa qilib, bu yerda yangi shifoxona quramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga boʻlajak majmua oʻrni va loyihasi boʻyicha taklif kiritish vazifasi qoʻyildi. Kelgusida u eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi va dori vositalari bilan bepul taʼminlanadi. Tuman tibbiyot birlashmasida ishlaydigan bir guruh shifokor va hamshiralar xorijga malaka oshirishga yuboriladi. Shu tariqa bu maskan boshqa tuman shifoxonalari xodimlari uchun oʻquv-amaliyot markaziga aylanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid