Prezident suv xoʻjaligidagi vaziyatdan chuqur tashvish bildirdi
Oʻtgan yili isteʼmol qilingan 39 milliard kub metr suvning 36 foizi tuproq oʻzanli kanal va ariqlarda yoʻqolgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida suv muammosi kun sayin dolzarb boʻlib borayotgani taʼkidlandi. Prezident suv xoʻjaligidagi vaziyatdan chuqur tashvish bildirgan.
Soʻnggi ikki yilda suv xoʻjaligiga, jumladan suv tejovchi texnologiyalarga katta miqdorda subsidiya ajratilgan.
Lekin oʻtgan yili isteʼmol qilingan 39 milliard kub metr suvning 36 foizi tuproq oʻzanli kanal va ariqlarda yoʻqolgani koʻrsatib oʻtildi.
Bundan tashqari, yerlarning 70 foizi eski usulda sugʻorilgani bois, 5-6 milliard kub metr suv behuda sarflanib, kollektorlarga tashlanayotgani aytildi.
Bugungi kunda 2,5 million gektar maydonni sugʻorish uchun 5 mingdan ziyod nasos ishlatilib, yiliga 7 milliard kilovatt soat elektr sarflanadi. Lekin, 80 foiz nasoslar 35-40 yildan beri ishlatilib, oʻz resursini oʻtab boʻlgan.
Prezident suv xoʻjaligidagi bunday vaziyatdan chuqur tashvishdaligini qayd etib, soha mutasaddilariga qattiq eʼtiroz bildirdi.
Kanallarni beton qilish orqali yoʻqotishlarni kamaytirish, nasoslarni energiya tejamkoriga almashtirish, suv inshootlarida avtomatlashgan hisoblagich oʻrnatish yuzasidan topshiriqlar berildi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.