platina.uz
Jamiyat

Internetda yuz minglab oʻzbekistonlik foydalanuvchilarning maʼlumotlari tarqalib ketgani aniqlandi

Ularning aksariyati dolzarb ahamiyatga ega boʻlib, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari xavfsizligiga kibertahdidlarini keltirib chiqarmoqda.

Internetda yuz minglab oʻzbekistonlik foydalanuvchilarning maʼlumotlari tarqalib ketgani aniqlandi

Internetga 200 mingdan ortiq oʻzbekistonlik foydalanuvchilarning maʼlumotlari tarqalib ketgani xabar berildi. Bu haqda "Kiberxavfsizlik markazi" DUK xabar qildi.

DUK tomonidan olib boriladigan monitoring jarayonida 2023 yil 18 oktabr sanasida turli axborot resurslari, shu jumladan respublika hududida joylashgan tizimlarga tegishli boʻlgan foydalanuvchilar maʼlumotlari eʼlon qilinganligi aniqlandi.

Xususan, Telegram messenjerida eʼlon qilingan hamda buzilgan maʼlumotlar bazasini oʻrganish jarayonida mutaxassislar tomonidan 200 mingdan ortiq foydalanuvchi maʼlumotlari sizdirilganligi aniqlandi. Ularning aksariyati dolzarb ahamiyatga ega boʻlib, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari xavfsizligiga kibertahdidlarini keltirib chiqarmoqda.

"Soʻnggi paytlarda foydalanuvchining oshkor qilingan maʼlumotlar bazasining bunday holatlari tez-tez uchrab turibdi. Ilgari bunday maʼlumotlar sizib chiqishi faqat yopiq forumlarda yoki Darknet`da uchrab turar edi.
Shuni taʼkidlash kerakki, bunday holat turli sabablarga koʻra sodir boʻlishi mumkin, ularning asosiylari quyidagicha:

Zaif parol siyosati. Taxmin qilinadigan darajada zaif parollarni ishlatish va ularni bir nechta resurslar uchun qayta ishlatish kibergigiyena talablariga zid boʻlib, ularni buzib kirish xavfini oshiradi.

Ichki (Insayder) maʼlumotlar. Bu odatiy hollardan biri hisoblanadi, yaʼni tashkilotdan norozi boʻlgan xodimlar mijozlar bazasiga va boshqa muhim tizimlarga kirib, ulardan yashirincha gʻarazli maqsadlarda foydalanadilar", - deyiladi xabarda.

Markazning tavsiya qilishicha, foydalanuvchi maxfiy maʼlumotlarini himoya qilish va axborot tizimlarining kiberxavfsizligini taʼminlash uchun quyidagi choralarni koʻrishini tavsiya etiladi:

Har doim kamida 8 ta belgidan iborat kuchli parolni oʻrnating, katta va kichik harflar, raqamlar va maxsus belgilardan foydalaning (masalan, @,#, $,%,& va boshqalar). Shuningdek, osongina taxmin qilinadigan parol oʻrnatmaslik uchun murakkab parollardan tashqari har 2-3 oyda bir marta parolni yangilab turing, shu bilan birga avvalgisiga oʻxshash parolni oʻrnatishdan saqlaning.

Turli veb-saytlarda roʻyxatdan oʻtish uchun bir xil maxfiy maʼlumotlaridan foydalanmang, Shuningdek, bepul parol menejerlarini qoʻllamang va parollarni brauzerlarda saqlamang.

Shubhali veb-havolalarga oʻtmang yoki nomaʼlum dasturiy taʼminotni yuklab olmang.

Veb-sahifalarni ochganingizda login va parollaringizni kiritishdan oldin veb-saytning manziliga va veb-sahifada turli xildagi shubxali simvollar yoʻligiga eʼtibor bering va haqiqiyligiga ishonch hosil qiling. Shu bilan birga, kibergigiyenga rioya qilish boʻyicha har bir tashkilotda barcha xodimlar uchun muntazam treninglar oʻtkazilishi maqsadga muvofiq.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid