Tibbiyot va fiziologiya boʻyicha Nobel mukofoti sohiblari aniqlandi
Oʻtgan yili bu mukofotni shvetsiyalik olim qoʻlga kiritgandi.

2023 yil uchun fiziologiya va tibbiyot boʻyicha Nobel mukofoti Pensilvaniya universiteti (AQSh)dan Dryu Vaysman va Katalin Karikoga berildi, ularning ishlari koronavirusga qarshi mRNK vaksinalarini yaratishga asos boʻlgandi.
Bu haqda 2 oktabr, dushanba kuni Shvetsiya poytaxtida ushbu mukofotni topshiruvchi Stokgolmdagi Qirollik Karolinska tibbiy-jarrohlik instituti maʼlum qildi.
Tibbiyot boʻyicha Nobel mukofoti jami 113 marta berilgan boʻlib, 2022 yilgacha 225 nafar gʻolib aniqlangan.
Shvetsiyalik biolog Svante Pabo 2022 yilgi tibbiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgandi. U yoʻq boʻlib ketgan gominidlar genomi va inson evolyutsiyasi sohasidagi kashfiyotlari uchun gʻolib boʻldi.
2021 yilda amerikalik tadqiqotchilar Devid Julius va Ardem Pataputyan fiziologiya va tibbiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlishgandi. Ular inson tanasining harorat va teginishni his qilishiga imkon beruvchi retseptorlarni kashf etgan.