platina.uz

Green Card vasvasasi: afsona va haqiqatlar

“Grin kard” haqida odamlar orasida turli mish-mish va afsonalar yuradi. Baʼzilari rost, ammo aksariyati asossiz. Biz ana shu afsonalarning ayrimlarini tahlil qildik.

Jamiyat
2-oktabr 2023 yil
Green Card vasvasasi: afsona va haqiqatlar

Har yili oktabr oyi kelishi bilan Oʻzbekistonda, balki butun rivojlanayotgan davlatlarda xalq orasida “Gin kard” (rasmiy nomi — United States Permanent Resident Card (Qoʻshma Shtatlarning doimiy istiqomat kartasi) olish vasvasasi boshlanadi. Aslida “Grin kard” olishning boshqa yoʻllari ham koʻp. Biroq eng oson va nisbatan bepul yoʻli albatta DV lotereyasida oʻynab, yutishdir.

AQShning millatlar xilma-xilligini taʼminlash boʻyicha Diversity Visa Program (“Turli millatga mansub immigrantlar vizasi”) dasturi Qoʻshma Shtatlarga oxirgi 5 yilda immigratsiya darajasi past boʻlgan mamlakatlardan 50 000 kishiga AQShda doimiy yashash uchun viza olish huquqini beradi. Oʻzbekiston ham AQShga immigratsiya darajasi kam davlatlar roʻyxatidan tushmay turibdi hozircha. 1986 yilda NP-5 dasturi sifatida paydo boʻlgan ushbu imkoniyat 1990 yildan beri hozirgi shaklda davom etmoqda. DV lotereyasi gʻoliblari kompyuter dasturi orqali tasodifiy usulda tanlanadi. Biroq bu oson yoʻl orqali yutuq chiqish ehtimoli har qanday lotereyadan yomonroq: uni har yili 11 milliondan ortiq odam oʻynaydi va ularning 50 ming nafariga viza ravo koʻriladi, xolos. Demak yutuq chiqish ehtimoli 200 tadan 1 ga teng.

Lotereya jarayoni odatda 4 oktabrdan boshlanib (bu yil ham shunday), bir oy davom etadi. Shu vaqt davomida koʻpchilik odamlarda yangi tashvish va yangi umidlar paydo boʻladi. Joriy yil may oyida AQSh hukumatining 2023 yil uchun lotereyasi javoblari chiqqan edi. Ushbu lotereya yutugʻining 5 ming 511 tasi oʻzbekistonliklarga nasib qilgan. Biroq Ukraina-Rossiya mojarosi, AQSh hukumati, xususan, davlat departamenti faoliyatidagi ayrim muammolar, qolaversa, viza olish uchun AQSh konsulligiga navbatga turgan talabgorlarning koʻpligi bois, koʻpchilik vizaga suhbatga ham kirishga ulgurmadi, umid va quvonchlari sarobga aylandi.

Oʻzbekistonliklarning “Grin kard”ga katta umid bilan qiziqishining sababi oddiy. Boisi, oʻtgan yillar davomida AQShga viza olganlarning nolegal tarzda qolib ketish holatlari shu qadar koʻp boʻlganki, AQSh hukumati oʻzbekistonlik viza talabgorlariga potensial huquqbuzar sifatida qaraydi. Qolaversa, rivojlanmagan davlat fuqarolariga viza berilsa, ularning AQShda qolib ketish ehtimollari juda katta. Maʼlumotlarga koʻra, 2022 yilda AQSh vizasidan rad javobi olganlar Tojikistonda – 57,93 foiz, Oʻzbekistonda – 47,04 foiz, Qozogʻistonda - 44,02, Qirgʻizistonda – 37,85, Turkmanistonda – 35,69 foizni tashkil etgan. Yaʼni AQShga borish uchun ruxsat soʻragan oʻzbekistonliklarning teng yarmiga rad javobi berilgan.

Biroq maʼlumotlarga koʻra, lotereyada yutganlar va immigratsion viza olishga muvaffaq boʻlganlar nisbatida Oʻzbekiston anchagina “omadli”, shu paytgacha bizda aksariyat gʻoliblarga viza berilgan.

“Grin kard” haqida odamlar orasida turli mish-mish va afsonalar hukmron. Baʼzilari rost, ammo aksariyati asossiz. Biz ana shu afsonalarning ayrimlarini tahlil qildik.

1-afsona: “Grin kard” lotereyasi uchun ariza toʻldirishni "professionallarga" ishonish kerak, bu gʻalaba qozonish imkoniyatini oshiradi.

Haqiqat: koʻpincha odamlar ariza toʻldirib berishni soʻrab, maxsus agentliklarga yoki maslahatchilarga murojaat qilishadi, lekin bu toʻgʻri yoʻl emas. Boshqalar siz uchun ariza toʻldirsa, xato qilmasligiga kafolat yoʻq. Arizani toʻgʻri toʻldirish esa eng birinchi va asosiy qadam hisoblanadi. Rasmiy saytda tekin toʻldirish mumkin boʻlgan ariza uchun boshqalarga ortiqcha pul toʻlaysiz xolos. Qolaversa, mahalliy firibgar “tadbirkor”lar orasida oʻrnatilgan anʼanaga koʻra, arizani toʻldirgan paytda oʻz elektron pochta manzillarini kiritishadi. Natijada, roʻyxatdan oʻtishni tasdiqlash raqamini qoʻshimcha toʻlovsiz berishdan bosh tortishadi. Sizga yutuq chiqqan taqdirda 300-1000 dollar miqdorida “suyunchi puli” talab qilishadi. Eng yomoni, ular siz haqingizdagi maʼlumot va suratingizni saqlab qoʻyishadi va har yili sizga aytmasdan ariza toʻldiraverishadi. Agar siz ham bundan bexabar holda ariza toʻldirsangiz, qoidaga koʻra har ikki ariza bekor qilinadi. Aniq bilingki, hech kim va hech qanday vositachi sizga yutish kafolatini bermaydi. Barcha arizalar bir xil jarayondan oʻtadi, gʻoliblar tasodifiy tanlanadi va imkoniyatlar hamma uchun tengdir.

2-afsona: ishtirokchi arizasini pochta orqali yuborishi mumkin, shunda yutish imkoniyati koʻpayadi.

Haqiqat: arizalar faqat davlat portali orqali qabul qilinadi va faqat onlayn ariza toʻldirish kerak.

3-afsona: yilning istalgan vaqtida lotereya uchun roʻyxatdan oʻtish mumkin.

Haqiqat: bir yil davomida istalgan paytda roʻyxatdan oʻta olmaysiz. Buning aniq vaqtlari mavjud. Koʻpincha oktabr oyiniig boshida boshlanib, noyabr oyining boshida yakunlanadi. Aniq sanalarni rasmiy veb-saytda topish mumkin.

4-afsona: lotereyada har qanday odam ishtirok etishi mumkin.

Haqiqat: garchi lotereya qoidalari imkonsiz narsani talab qilmasa ham, maʼlum talablar mavjud. Masalan, tegishli taʼlim darajasi. Yoki oxirgi 5 yil davomida kamida 2 yillik taʼlim yoki tajriba talab qiladigan kasbda 2 yil ishlagan boʻlishingiz talab etiladi.

Tugʻilgan joy ham rol oʻynaydi. Vizalar 6 geografik zonada taqsimlanadi, shuning uchun har bir mamlakatda yillik berilgan vizalar sonining 7% dan koʻp boʻlmasligi kerak. Agar soʻnggi 5 yil ichida biror mamlakatdan 50 mingdan ortiq fuqaro AQShga koʻchib kelgan boʻlsa, bunday hudud lotereyada qatnashishga qoʻyilmaydi.

5-afsona: lotereyada yutgan hammaga “grin kard” beriladi.

Haqiqat: lotereya gʻolibi AQSh vizasini olish uchun ariza beruvchiga aylanadi. Faqat uni olish uchun zarur boʻlgan barcha bosqichlardan oʻtgandan soʻng, unga “Grin kard”, yaʼni doimiy istiqomat huquqi beriladi. “Grin kard”ni faqat AQShga kelgandan keyin olish mumkin.

6-afsona: gʻoliblarning AQSh immigratsion vizasini olishi kafolatlangan.

Haqiqat: afsuski, barcha lotereya gʻoliblari ham viza olmaydi. Har yili lotereya ishtirokchilarining 1% dan kamrogʻi gʻalaba qozonadi va tanlangan 80 000-100 000 gʻolibdan atigi 50 000 nafari “grin kard” oladi. Gʻolib boʻlganingizdan soʻng siz viza uchun kerakli hujjatlarni toʻplashingiz va rasmiylashtirishingiz, soʻngra AQSh konsulligida suhbatdan oʻtishingiz kerak.

Agar roʻyxatdan oʻtishda qoidabuzarliklar, ariza toʻldirishda xatolar, notoʻgʻri fotosuratlar aniqlansa yoki suhbatdan oʻtmasangiz, viza berish rad etiladi. Agar konsul hujjatlarni qalbakilashtirish va firibgarlikda gumon qilsa, siz haqingizda huquqni himoya qilish idoralariga xabar qilishi mumkin.

Yana bir muammo shundaki, konsullikda suhbatdan oʻtish jarayoni 30 sentabrgacha tugallanishi va viza berilishi kerak. Aks holda, lotereya imkoniyati oʻz kuchini yoʻqotadi. Ushbu suhbatdan oʻtish uchun ham vaqt boʻlishi kerak. Va agar suhbat uchun navbat tegmasa, Amerika orzusi kamida yana bir yilga kechikishi mumkin.

Maslahat: ariza toʻldirishdagi xatolik DV vizasini olish imkoniyatingiz uchun halokatli boʻlishi mumkin. Uni diqqat bilan toʻldiring va sinchiklab qayta tekshiring. Agar siz allaqachon gʻolib sifatida tanlangan boʻlsangiz, viza uchun DS-260 Immigrant Visa Electronic Application formasiga hujjatlaringizda koʻrsatilgan toʻgʻri maʼlumotlarni kiritganingizga ishonch hosil qiling.

7-afsona: “Grin kard”ni bepul berishadi.

Haqiqat: faqat lotereyada ishtirok etish uchun onlayn ariza berish bepul. Agar siz gʻolib boʻlsangiz, konsullik yigʻimi, immigratsiya yigʻimi, tibbiy koʻrikdan oʻtish va “Grin kard”ni chop etish uchun pul toʻlashishingiz kerak boʻladi.

8-afsona: “Grin kard” AQShda ish, hatto turar joy topishni kafolatlaydi.

Haqiqat: yoʻq, “Grin kard” faqat AQShda doimiy va qonuniy yashash hamda ishlash huquqini beradi xolos. Uni ham konsullik suhbatidan oʻtib, immigratsion viza olib, AQShga kirganingizdan keyin qoʻlingizga olasiz.

9-afsona: lotereya Samarqandda oʻynalsa, yutuq chiqish ehtimoli oshadi.

Haqiqat: toʻgʻri, Samarqand viloyatidan lotereya gʻoliblari koʻp chiqadi. Biroq bu Samarqand boʻlgani uchun emas, Samarqandda nihoyatda koʻp lotereya oʻynalgani uchun yutuqlar soni ham koʻp boʻladi xolos. Oddiy arifmetika!

Maslahat: lotereyani istagan joyingizda oʻynang. Yurtdoshlarimizning soddaliklari va bilimsizliklari shu darajada ayanchliki, har yili lotereya vaqtida mashina va taksilarda ataylab Samarqandga borib lotereya oʻynab kelishadi. Hatto Toshkentdagi “grin kardchi” firmalar “Samarqandga borib ariza toʻldirib kelinadi” yoxud “Samarqand uslubida ariza toʻldiramiz” kabi kulgili, aslida millat uchun ayanchli reklamalar ham berishadi.

Xoʻsh, nega Samarqanddan gʻoliblar koʻp chiqadi? Buning tarixi uzoq 80-yillarga borib taqaladi. Shu davrda SSSR xalqaro hamjamiyatning bosimlari va sanksiyalari natijasida, oʻzining yahudiy millatiga mansub fuqarolariga Isroil yoki Gʻarbga chiqib ketish ruxsatini bergan. Samarqandda esa yahudiylar koʻp yashagan. Ularning aksariyati Isroilga ham qanoat qilmasdan AQShga oʻtib ketishgan. Ular joylashib olgach, Samarqanddagi tanishlariga AQShga ketishga yordam bera boshlagan. Yahudiy boʻlmagan samarqandliklar ham AQShda koʻpaygach, ular oʻzqarindoshlari va tanishlarini chorlagan va hokazo. Viza olish qiyinlashgan 2000 yillarga kelib, “Grin kard” boʻyicha masalahat berib, odamlarning koʻproq xabardor boʻlishlariga hissa qoʻshishgan.

Oʻtgan 20 yil mobaynida Samarqandda “Grin kard” biznesi rostamana “kartel” konveyeriga aylandi. “Grin kard” nimaligini eshitmagan odamlarga ham ushbu lotereyani oʻynash taklif etiladi. Hatto odamlarning shaxsiy maʼlumotlari turli yoʻllar bilan olinib, ular oʻzlari bilmagan va istamagan tarzda arizalar toʻldiriladi. Yutuq chiqsa, “suyunchi puli” va boshqa turli xizmatlarga pul taʼma qilinadi.

Hatto ayrim shaxs va tashkilotlar, OTM, arxiv va korxonalarning kadrlar boʻlimi xodimi yoki shaxsiy maʼlumotlarni olish imkoniyatiga ega boshqa shaxslar bilan til biriktirib, talaba va xodimlarning shaxsiy maʼlumotlarini hamda suratlarini sotib olishadi. Odatda 1 odam maʼlumoti uchun 1 dollardan beriladi. Keyin ularning hammasi nomidan, oʻzlarini xabardor qilmagan holda “Grin kard” uchun ariza toʻldirishadi. Yutuq chiqsa, gʻolibni topib borib, pulini shilishadi.

Qarabsizki, tomorqasida ketmon chopib turgan, dunyodan bexabar Eshmatvoyning yoki Oypopukning uyiga may oyida (chunki shu paytda lotereya javoblari chiqadi) bir notanish yigit (yoki qiz) kelib, “Amerikaga qonuniy ketishni istaysizmi, yordam beraman” deydi. Keyin esa yutuq chiqqanini aytib, tegishli raqamni berish evaziga 5000 dollar soʻrab, savdolasha boshlaydi. Ayrimlar yutuq chiqqanidan xursand boʻlib, boshi gangib, 15000 dollar berib yuborgan holatlar ham uchrab turadi.

Nafaqat Samarqandda, balki Oʻzbekistonning boshqa viloyatlarida ham “Grin kard” biznesi avj olgan. Metro bekatlari, bozorlar, umuman odam gavjum boʻladigan joylarda yil — oʻn ikki oy “Grin kard”ga ariza toʻldirish uchun buyurtma qabul qilib, pul olishadi. Yutuq chiqsa, yana pul olishadi. Hujjatlar va suhbatni belgilab berish uchun yanada koʻproq pul olishadi. Bu ustamonlarni boʻynidan sudrab AQShga tortsangiz ham ketmaydi. Chunki oʻzlari shu yerda AQShda ishlayotgan vatandoshlaridan koʻproq pul topishadi.

Hozirda hatto professional sovchilar ham “Grin kard” realliklariga moslashib olishgan. Ular “grin kardchi”lardan yutuq chiqqan yigit yoki qizning maʼlumot va manzillarini sotib olishadi. Keyin esa kelin yoki kuyov qidirayotgan talabgorlarga bu maʼlumotlarni maʼlum haq evaziga tavsiya qilishadi. Hatto oʻzlari sovchilikka borishlari mumkin. “Sizda grin kard chiqqan bir gul bor ekan, bizda esa xotinining orqasidan Amerikaga ketishdan uyalmaydigan bir bulbul bor, taqdirlari qoʻshgan boʻlsa ehtimol...”, deya eshikdan kirib kelishadi. “Grin kard”asosiga qurilgan muhabbat esa AQShga borib olgach, parchalanib ketadi aksariyat hollarda. Shuningdek, yutuq chiqqanlar bilan katta pul evaziga fiktiv nikoh roʻyxatdan oʻtish, uning vizasi hisobidan AQShga ketish holatlari ham keng tarqalgan.

10-afsona: er va xotin ham lotereya oʻynasa, yutuq chiqish ehtimoli koʻpayadi.

Haqiqat: ha, toʻgʻri, bu oddiy arifmetika — agar er va xotin lotereyaga muvofiqlik mezonlariga javob berishsa, har biri ariza toʻldirishi mumkin. Agar ulardan biri lotereyada yutsa, ikkinchisi turmush oʻrtogʻi vizasi bilan AQShga keta oladi.

Umuman olganda, shaxsiy maʼlumotlar deyarli himoya qilinmaydigan, bu maʼlumotlarni boshqalarga ruxsatsiz, noqonuniy berish IMEI kod bahonasida shaxsiy maʼlumot yigʻuvchi MChJ, mahallalar va hokazolar tufayli Oʻzbekiston “grin kardchi”lar oltin konining oʻzginasi.

Aslini olganda ham, “Grin kard” vasvasasi oltin vasvasasiga oʻxshaydi. Oltin vasvasasi davrida, xususan, 1849 yilda Kaliforniyada (AQSh) oltin qazib olish boshlanganida, millionlab odamlar “falon joydan oltin chiqibdi”, degan birgina xabar ortidan, uy-joy va oilalarini tashlab, katta pullar sarflab, sovuq va nam, xavfli va nomaʼlum joylarga safarga chiqishgan. Ularning 2-3 foizi oltin topib, boyishga muvaffaq boʻlgan xolos. Qolganlari esa yoki noumid qaytgan, yoki turli qiyinchilik, xastalik va yirtqich hayvonlar hujumidan oʻlib ketishgan. Yoxud oltinini olishni koʻzlagan qaroqchilar qoʻlida jon bergan. Oltin vasvasidan eng koʻp foyda qilgan odamlar esa shu safarlarni uyushtirishga bosh-qosh boʻlgan, oltin izlovchilarga yoʻlboshchilik qilgan, ularga turli ish qurollari, kiyim-kechak va oziq-ovqat sotgan odamlar hisoblanadi. Hatto 1853 yilda sotilmay qolgan brezent materialidan “denim” (keyinroq Levi’s deb atalgan) ilk jinsi shimlarini tiktirib sotgan yahudiy tadbirkor Levi Straus ham aynan oltin vasvasasi tufayli boyib va mashhur boʻlib ketgan. “Grin kard” vasvasasida ham turli vositachi firmalar va ayrim sovchilar katta foyda koʻrishadi xolos. Qolganlar esa Amerika orzusining yorqin, ammo isitmaydigan yolqinidan mast boʻlib yuraverishadi...

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+