Samarqandda Global Taʼlim forumi ish boshladi
Forumni Oʻzbekiston ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.

Samarqandda Global Taʼlim forumi ish boshladi. Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi 25-sessiyasi doirasida oʻtkazilayotgan ushbu tadbirda koʻplab xorijiy va mahalliy oliy oʻquv dargohlarining rektorlari ishtirok etmoqda.
Forumda turizmni barqaror rivojlantirish masalalari, "yashil" va xavfsiz sayohatlarni taʼminlash, turizm boʻyicha savodxonlikni oshirish, ayniqsa oʻquv muassasalarida turizm boʻyicha bilim berish muammolari muhokama qilinyapti.
Jumladan, UNWTO tashabbusi bilan tayyorlangan maxsus darslik taqdimoti oʻtkazilib, bu darslik asosida AQSh va Buyuk Britaniya oʻquv muassasalarida turizm fani boʻyicha mashgʻulotlar boshlanishi maʼlum qilindi.
Forumni Oʻzbekiston ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi. Vazir oʻz soʻzida Samarqand shahrining qadimdan Buyuk ipak yoʻlidagi eng yirik taʼlim markazi boʻlganini taʼkidladi. Jumladan, Samarqand timsoli boʻlmish Registondagi har uchala bino ham madrasa boʻlganini, bu yerda oʻz zamonasi uchun muhim va ilgʻor bilimlar berilganini eslatib oʻtdi.
Vazir oxirgi yillarda Oʻzbekistonda taʼlim va turizm rivojiga katta eʼtibor qaratilayotganini, natijada peshqadam oʻquv yurtlarining soni 16 tadan 30 taga, talabalar soni esa 4000 dan 12000 ga oshganini qayd etdi. Ayniqsa turizm sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash ham yangi bosqichga chiqqani qayd etdi.
Forumda soʻzga chiqqanlar sayyohlarga eʼtibor va mehmondoʻstlik Oʻzbekiston xalqi mentalitetiga xos qadimiy xislat ekanini alohida eʼtirof etishdi. Mamlakatda turizmni rivojlantirish uchun yetarli sharoit va salohiyat mavjudligini taʼkidlab oʻtishdi.
Forumda Maktab va maktabgacha taʼlim vaziri Hilola Umarova ham soʻzga chiqib, UNWTO tashabbusi bilan ishlab chiqilgan dastur asosida bu yil tajriba tariqasida Samarqand viloyatida 20 ta pilot maktab tanlab olinib, turizm fani oʻqitilishini eʼlon qildi.
Vazirning aytishicha, keyinchalik respublikaning boshka maktablarida ham bu innovatsion gʻoya amalga tatbiq etiladi.