Odil Abdurahmonov yana bir lavozimni egalladi
U ayni paytda Prezident Administratsiyasida departament rahbari sanaladi.

Abdurahmonov Odil Qalandarovich ochiq ovoz berish yoʻli bilan Oʻzbekiston sogʻlom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasi raisi etib saylandi. U bir vaqtning oʻzida Prezident Administratsiyasi departamenti rahbari ham sanaladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimi Shohruh Xojiakbarovich Daliyev ochiq ovoz berish yoʻli bilan assotsiatsiya raisi oʻrinbosari etib saylandi va jamoaga tanishtirildi.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi direktori Saʼdullayev Alisher Zafarovich va “Befit Pro” rahbari Navroʻzov Jahongir Ergashbayevichlar ham assotsiatsiya raisi oʻrinbosarlari etib saylanishgan.
Ushbu assotsiatsiya Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 18 sentabrdagi qarori bilan tashkil etilgan.
Eslatib oʻtamiz, Odil Abdurahmonov oʻtgan yili yozda Oʻzbekiston prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi etib tayinlangandi.
Joriy yilgi tayinlovlarda esa Abdurahmonov Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari lavozimini egallagan.
Odil Abdurahmonov 1978 yilda tugʻilgan. Ilgari u prezident maʼmuriyatida bosh maslahatchi boʻlib ishlagan. U oʻz vaqtida Respublika bandlikka koʻmaklashish, mehnatni muhofaza qilish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish ilmiy markaziga ham rahbarlik qilgan.
2018 yil 31 iyuldan buyon Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimini egallagan.