platina.uz
Siyosat

Mirziyoyev Si Szinpin bilan muzokara oʻtkazdi

Prezident XXR Raisini tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi. 

Mirziyoyev Si Szinpin bilan muzokara oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 oktabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev taklif va koʻrsatilayotgan samimiy qabul uchun Xitoy yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston rahbari XXR Raisini Xitoy tashkil topgan kun hamda “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusining oʻn yillik yubileyi bilan dildan qutladi.

– “Makon va yoʻl” tashabbusi qisqa tarixiy davr ichida umumiy taraqqiyot va ravnaqqa erishish yoʻlidagi hamkorlik uchun muhim, inklyuziv va ochiq platformaga aylandi.

Har tomonlama strategik sheriklikni yangi davrda rivojlantirish boʻyicha besh yillik dastur amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil may oyidagi Xitoyga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar izchil bajarilayotgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib, asosiy masalalar borasida tomonlar bir-birini qoʻllab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Keyingi yillarda Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobar, qoʻshma korxonalar soni uch barobar koʻpaydi. Joriy yil boshidan buyon oʻzaro savdo hajmi 36 foizga oshdi. Yil yakunigacha ushbu koʻrsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Tovar ayirboshlashni yaqin besh yilda 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha asoslar borligi haqida yakdil fikr bildirildi.

Xitoy kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida yuksak texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika tarmoqlarida, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa yoʻnalishlarda bir qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston yuqori qoʻshilgan qiymatli innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni birgalikda tashkil etish orqali yuqori texnologik loyihalarni koʻpaytirishdan manfaatdorligi bildirildi.

Xitoyning yetakchi banklari va “Ipak yoʻli” fondi bilan samarali hamkorlikka yuqori baho berildi.

Hududlararo aloqalar faollashgani qayd etildi. Yil boshidan Oʻzbekistonga Shinjon-Uygʻur avtonom hududi, Shensi, Shandun, Szyansu va Szyansi muzofotlari delegatsiyalari tashrif buyurdi.

Xitoyning kambagʻallikka qarshi kurashish tajribasini oʻrganish va joriy etish borasida samarali tajriba almashish va amaliy hamkorlik qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

Barcha kelishuvlar ijrosining borishini koʻrib chiqish maqsadida Hukumatlararo qoʻmitaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish taklif qilindi.

Yetakchilar madaniyat, taʼlim va turizm sohalarida qizgʻin hamkorlikni yuksak baholadilar. Xitoy 2023 yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili” deb eʼlon qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi.

Yaqinda Xanchjoudagi Ipak milliy muzeyida Oʻzbekistonning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Pekindagi “Gugun” saroyi muzeyida “Makon va yoʻl” tashabbusi doirasidagi Arxeologik hamkorlik koʻrgazmasida tarixiy merosimiz ekspozitsiyasi tashkil etildi.

Oktabr oyi oxirida Oʻzbekistonda Xitoy madaniyati kunlari, kelgusi yil bahorida esa Xitoyda Oʻzbekiston madaniyati kunlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda, ayniqsa yoshlar orasida xitoy tilini oʻrganishga qiziqish ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutining samarali faoliyati bunga katta hissa qoʻshmoqda. Xitoy tilini oʻqitishni va yosh olimlar oʻrtasidagi almashinuvni kengaytirish rejalari belgilab olindi.

Oʻzbekiston Prezidenti Toshkentda Xitoyning yetakchi Sinxua universiteti va Pekin universiteti filiallarini ochishni taklif qildi.

Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

“Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiya oʻzgarmas ekani tasdiqlandi.

Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida davlatimiz rahbari XXR Raisini tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi, deyiladi xabarda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid