Prezident Belarusni ShHTga aʼzo qiluvchi memorandumni tasdiqladi
Afgʻoniston, Belarus va Moʻgʻuliston ShHTda kuzatuvchi davlatlar davlatlar sanaladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarusning Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) aʼzo davlat maqomini olish boʻyicha majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandumni tasdiqlash boʻyicha qarorni imzoladi. Hujjat Lex.uz milliy qonunchilik maʼlumotlari bazasida eʼlon qilindi.
ShHTda kuzatuvchi maqomida boʻlgan Belarus 2022 yil iyul oyida ushbu tashkilotning toʻlaqonli aʼzosi maqomi uchun ariza bergan, oradan bir yil oʻtib tashkilotning Nyu-Dehlida boʻlib oʻtgan sammitida bu borada majburiyat memorandumini imzolagandi.
“Belarus Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlat maqomini olish boʻyicha majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandum tasdiqlansin”, — deyiladi Oʻzbekiston rahbari qarori matnida. Hujjatga muvofiq, prezident respublika tashqi ishlar vazirligiga ShHT kotibiyatiga respublika tomonidan xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun ichki davlat tartib-qoidalarini bajarayotgani toʻgʻrisida bildirishnoma yuborish topshirildi.
ShHT 2001 yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilot boʻlib, unga Hindiston, Eron, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston kiradi. Afgʻoniston, Belarus va Moʻgʻuliston kuzatuvchi davlatlar, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, BAA, Turkiya va Shri-Lanka hamkor davlatlardir.