Oʻzbekiston energetika uchun Jahon bankidan 46,25 mln. dollar oladi
Ushbu mablagʻlar nimalarga sarflanishi ham ochiqlangan.

Oʻzbekiston hukumati va Jahon banki oʻrtasida innovatsion uglerod resurslari (iCRAFT) loyihasini moliyalashtirish uchun 46,25 million AQSh dollari miqdorida kelishuv imzolandi.
Kelishuvga Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Marokashda oʻtkazilgan yillik yigʻilishlari chogʻida erishilgan.
Ushbu mablagʻlar mamlakatning toza energiyaga oʻtishi, samaradorligini oshirish va energiya subsidiyalari boʻyicha islohotlarni qoʻllab-quvvatlovchi loyihani amalga oshirishga yordam beradi.
Jahon bankining uglerod aktivlari boʻyicha fondi (TCAF) tomonidan moliyalashtirilgan iCRAFT loyihasi Bankning emissiyalarni qisqartirish boʻyicha toʻlovlar orqali siyosat islohotini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan birinchi global tashabbusidir. U Oʻzbekistonga iqlim boʻyicha xalqaro majburiyatlarini bajarishga va energiya resurslaridan samarali foydalanishni yaxshilashga yordam beradigan fundamental islohotlarni amalga oshirishga koʻmaklashadi.
Loyiha butun dunyo boʻylab kelajakdagi shunga oʻxshash operatsiyalar uchun namuna boʻlib xizmat qiladi.
Oʻzbekiston energiyaga eng ehtiyojmand mamlakatlardan biridir. Subsidiyalar elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini past darajada ushlab turadi, natijada ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini qoplash uchun kam daromad keladi.
Hukumat loyiha mablagʻlarining bir qismini elektr energiyasi tariflari oshishida kambagʻal uy xoʻjaliklarini himoya qilish uchun ishlatish majburiyatini oldi.
“Biz Oʻzbekistonning energetika sohasini isloh qilish va yashil iqtisodiyotni barpo etish borasidagi izchil saʼy-harakatlarini olqishlaymiz, – dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova hujjatlarni imzolash marosimida.
iCRAFT loyihasi Parij bitimi doirasida Markaziy Osiyodagi iqlim va uglerod gazlarini moliyalashtirish boʻyicha birinchi kelishuv boʻlib, global issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish orqali global harorat koʻtarilishini cheklashga qaratilgan xalqaro shartnomadir.
Loyiha, shuningdek, Oʻzbekistonga uglerod gazi savdosi boʻyicha xalqaro tajriba bitimi orqali xalqaro uglerod bozorlariga chiqishga yordam beradi va mamlakat yashil iqtisodiyotga oʻtishni davom ettirish uchun qoʻshimcha ragʻbatlantiradi.