platina.uz

Chala va soxta psixologlar: jamiyatga bu soha qanchalik kerak?

Oʻzbekiston psixologlar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Hulkar Mahmudova bilan shu mavzu doirasida suhbatlashdik.

Intervyu
16-oktabr 2023 yil
Chala va soxta psixologlar: jamiyatga bu soha qanchalik kerak?

Avvallari psixologga murojaat qilgan kishilarga nisbatan munosabat boshqacha boʻlgan. Ammo bugungi kunga kelib, jamiyat ham bunga odatiy hol sifatida qarashni boshladi. Aholiga psixologlar kerakmi oʻzi? Oʻzbekiston psixologlar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Hulkar Mahmudova bilan shu mavzu doirasida suhbatlashdik.

Avvalo Psixologlar uyushmasi haqida maʼlumot bersangiz. Qachon tashkil etilgan? Maqsad va vazifalari nimalardan iborat? Qancha psixologlar roʻyxatdan oʻtgan? Roʻyxatdan oʻtish uchun qanday talablar bor? Roʻyxatdan oʻtganlarga roʻyxatdan oʻtganini isbotlovchi litsenziya beriladimi? Uyushmaga aʼzo boʻlgan psixologlarga qanday majburiyatlar qoʻyiladi?

— Oʻzbekiston psixologlar assotsiatsiyasi oʻz aʼzolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilot. Assotsiatsiya 2001 yil 18 yanvarda tashkil etilgan. Uning asosiy faoliyati 2010 yildan boshlangan. Assotsiatsiya faoliyatining asosiy maqsadi – Oʻzbekiston aholisi uchun markazlashgan psixologik xizmatni yaratish, mutaxassis-psixologlarni faol amaliy va ilmiy-amaliy faoliyatga jalb qilish, shuningdek, oʻz aʼzolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Hozirgi kunda assotsiatsiyada 300 dan ortiq aʼzolar mavjud boʻlib, unga yakka va jamoa tartibda aʼzo boʻlish mumkin. Assotsiatsiyaga 18 yoshga toʻlgan, psixologiya sohasida yoki psixologiyaga taalluqli taʼlim sohalarida amaliy faoliyat olib boruvchi Oʻzbekiston fuqarolar va xorijiy fuqarolar assotsiatsiyaning yakka tartibdagi aʼzolari boʻlishi mumkin. Yakka tartibdagi aʼzolar yozma ravishdagi shaxsiy arizalar asosida, jamoa aʼzolar esa mehnat jamoalari majlisi yoki jamoat tashkilotlarining boshqaruv organlari bayonnomasidan koʻchirma asosida qabul qilinadi. Assotsiatsiyaga aʼzolikka qabul qilish va aʼzolikdan chiqish boshqaruv qarori bilan amalga oshiriladi va boshqaruv tomonidan qabul qilingan assotsiatsiyaga aʼzolik toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadi. Boshqaruv tomonidan assotsiatsiya aʼzolariga belgilangan namunadagi aʼzolik biletlari beriladi.

Bugun kundan-kunga psixologlar soni ham oshib bormoqda. Hatto har 5 ta odamdan 2 tasi psixolog boʻlib chiqmoqda. Psixologlarga qanday talablar qoʻyiladi oʻzi, malakali psixolog boʻlish uchun oliy taʼlimda oʻqish kerakmi yoki 2-3 oylik kurslarda oʻqiganlar ham psixolog boʻlib ketaveradimi?

— Malakali psixolog boʻlish uchun oliy taʼlimni bitirish shart. Hozirgi kunda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshida tashkil qilingan 9 oylik kurslar (psixologlar tayyorlash) jamiyatda katta muammolarni keltirib chiqardi. Aslida bu kurslar maktab psixologlarining yetishmasligi sababli, maktab oʻqituvchilari qandaydir psixologik bilimlarga ega olishlarini va ularni oʻquvchilarda qoʻllash nazarda tutilgan boʻlsa, bu kurslar tijoratga aylanib ketdi. Uni bitirgan mutaxassislarga diplom, sertifikatlar berilib, bular ham psixolog mavqeiga ega boʻldilar. Shu diplom va sertifikatlar asosida psixolog sifatida ishlamoqdalar. Bu juda achinarli holatdir. Mana shunday mutaxassislarning yoki “psixolog”larning qoʻliga tushib qolish bu nafaqat amaliyotga, balki fanga boʻlgan ishonchni yoʻqotadi. Psixologiyaning amaliyoti litsenziyalashmagani va tegishli guvohnomalar yoʻqligi bu masalaga juda salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. 9 oylik kurslarni bitirib olib, men psixologman deganlar qancha. Ular faoliyati oqibatida zahmat chekkanlar qancha. Bu uchun butun psixologiya olami javob berishi kerak emas-ku. Shuning uchun butun dunyo amaliyotidan kelib chiqqan holda bizda ham “Aholiga psixologik yordam koʻrsatish” qonunini joriy qilish vaqti keldi. Unda aynan amaliyotchi psixologlarga talablar koʻyiladi va qonun doirasida ish olib boriladi. Bu hozirgi kunning dolzarb masalasidir. Chunki psixologik xizmat huquqiy-normativ hujjatlar bilan belgilab kuyilmagan, litsenziya berilmaydi va amaliyotchi psixologlar reyestri mavjud emas, ular faoliyatini nazorat qilish imkoni yoʻq. Hozirgi kunda bu borada assotsiatsiya tomonidan qonun loyihasi ishlab chiqilib, tegishli idoralarga taqdim etildi.

Hozir psixologlarning koʻpgina qismi ijtimoiy tarmoqlar orqali blog ochib, oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻymoqda. Psixologlarning odamlar ruhiyatiga taʼsirini hisobga olsak, bunday yondashuv toʻgʻrimi? Yaʼni istalgan odamga istalgan masalada omma oldida chiqishni kimdir nazorat qilishi kerak emasmi?

— Psixologiya sohasi bu shunday murakkab sohaki, u xuddi tibbiyot singari oʻz yoʻnalishlariga ega. Men doimo oʻquvchilarimga shuni taʼkidlaymanki, tibbiyotda agar boshingiz ogʻrisa, nevropatologga murojaat qilasiz, tugʻuruq jarayonida ginekologga, yurak xurujida kardiologga va hokazo. Aynan psixologiya sohasi ham shunday. Chunki bizda psixologiyaning hozirgi kunda 300dan ortiq yoʻnalishi bor. Bu yuridik psixologiya, tibbiyot psixologiyasi, yosh davrlar psixologiyasi, ijtimoiy psixologiya, pedagogik psixologiya va boshqalar. Xalqimiz psixologlarga murojaat qilishdan oldin ular mutaxassislarning qaysi yoʻnalish boʻyicha masʼulligini bilishlari lozim.

Toʻgʻri, hamma ham psixolog emas, lekin, hozirgi paytda psixologiya yoʻnalishida koʻp ommabop adabiyotlar mavjud. Agarda xalqimiz shu adabiyotlardan umumiy nuqtai nazardan foydalanishsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Chunki oldingizda kim, kim bilan muloqot qilyapsiz, uning oʻziga xos xususiyatlari qanday, qanday qilsangiz yoki qanday muamola qilsangiz, sizga ham, unga ham yaxshi boʻladi va shunga oʻxshash juda koʻp savollarga javob topish mumkin.

Bu savolingizga agarda tanqidiy koʻz bilan qaraydigan boʻlsak, shuni aytish mumkinki, albatta, boshqa davlatlarni taqqoslaganda psixologiya hozirgi paytda yetarli darajada rivojlanmagan. Bu sohada juda koʻp boʻshliqlar bor. Bu esa oʻz navbatida ham ilmiy, ham amaliy nuqtai nazardan kuzatilmoqda. Albatta, hali qiladigan ishlarimiz juda koʻp. Shu bilan birga, aholiga xizmat koʻrsatish borasida amaliyotchi psixologlarimiz samarali ishlarni olib bormoqdalar. Chunki amaliyotchi psixologlarimizning koʻpchiligi maxsus psixologik bilimdan tashqari (oliy maʼlumotdan tashqari) oʻz ustida ishlashni davom ettirib, Rossiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlarda malaka oshirib kelmoqdalar

Toʻgʻri, oliy oʻquv yurtlarida tayyorlanayotgan psixologlarning bilimi, malakasi, ixtisoslik koʻnikmalari zamon talabiga javob bera olmaydi, qolaversa, respublikamizda bu sohani muvofiqlashtiruvchi, rivojlantiruvchi, nazariy-metodologik bazasini yaratuvchi va amaliyotga yetuk mutaxassislarni tayyorlovchi psixologiya ilmiy-tadqiqot institutiga ehtiyoj juda kattadir. Bu masalaning birinchi tarafi, ikkinchisi, psixolog mataxassislarning joylarda yetishmasligi, buning sababi iqtisodiy muammolar bilan ham bogʻliqdir. Maktab psixologlarining ish haqi past, talabga javob bermaydi, psixolog lavozimida ishlashiga qaramasdan, faoliyati doirasi emas, balki turli tashkiliy vazifalar bilan mashgʻul boʻladilar. Masalan, 1000-1500 ta bola oʻqiydigan maktabda bitta psixolog ishlashi yetarli emas.

Mana, masalan, bir ayol eri va qaynonasining zulmidan yengil darajadagi depressiyaga tushib qolgan va psixologga murojaat qilgan. Bir oylik psixolog bilan muolajadan soʻng 3 yoshli bolasini boʻgʻib oʻldirgan. Buning natijasi nimadan iborat: psixologning yetarli darajada oʻz kasbiy bilimga ega emasligi, oʻz vaqtida muammoni hal qilmagani va ayolning holatiga oʻz vaqtida toʻgʻri xulosa bera olmaganidan dalolat beradi.

Xalqimiz ongida saqlanib qolgan stereotiplar, baʼzi milliy xususiyatlar siz qoʻygan muammoning mavjudligidan dalolat beradi. Lekin shunga qaramasdan, yil sayin psixolog mutaxassislarga ehtiyoj va murojaat oshib bormoqda. Demak, bu holatni ijobiy baholagan holda psixologiya yanada istiqbolli soha ekanini va rivojlantirish zaruriyati mavjudligini taʼkidlash mumkin.

Har qanday oqibatning asosi sababdir. Siz qoʻygan savol asosan oqibatlarni bartaraf etish bilan bogʻliqdir. Ana shuning uchun ham men psixologlarni inson ruhiyatining patronajlari deb nomlagan boʻlardim. Chunki inson ruhiyati muntazam ravishda parvarishga, eʼtiborga muhtojdir. Shu bois, bir inson dunyoga kelibdiki, bu ehtiyojdagi kemtiklikka yoʻl qoʻyish millatga xiyonat qilish bilan barobardir.

Odinaxon Dehqonova suhbatlashdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+