Bloklangan soliq toʻlovchi, kamar taqmagan yoʻlovchi, uch millionlik Toshkent —haftaning muhim xabarlari

Platina.uz sayti yakuniga yetayotgan ushbu haftadagi eng muhim xabarlarni saralab chiqdi.

Jamiyat
15-oktabr 2023 yil
Bloklangan soliq toʻlovchi, kamar taqmagan yoʻlovchi, uch millionlik Toshkent —haftaning muhim xabarlari

Prezident Osiyo oʻyinlari gʻoliblarini tabrikladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo oʻyinlarida eng yaxshi natija qayd etgan Oʻzbekiston sportchilariga tabrik yoʻlladi.

"Osiyo qitʼasining 45 ta davlatidan 11 ming nafar sportchi ishtirok etgan bu musobaqalarda milliy terma jamoamiz aʼzolari oʻzlarining beqiyos mahorati, gʻayrat va matonatini, gʻalabaga boʻlgan yuksak intilish va irodasini namoyon etib, 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medalini qoʻlga kiritganlari har qanday tahsinga sazovordir", deyiladi tabrikda.

Toshkentda suv narxlari 3 baravar oshiriladimi?

"Toshkent shahar suv taʼminoti" poytaxt aholisi uchun bir metr kub suv narxini 1400 soʻm, oqova suv narxini esa 1000 soʻm etib belgilash boʻyicha shahar kengashiga taklif kiritgan.

Yuridik tashkilotlar uchun ichimlik suvi narxi 3000 soʻm, oqova suv narxi esa 2200 soʻm etib belgilanishi mumkin. Ammo bu masala hali sessiyada koʻrib chiqilmadi.

Oʻzbekistonda bloklangan TikTok soliq toʻlovchiga aylandi.

2021 yildan beri Oʻzbekistonda bloklangan va VPNsiz kirib boʻlmaydigan TikTok ijtimoiy tarmogʻi qoʻshimcha qiymat soligʻini toʻlaydigan boʻldi.

Tojikistonda "zaharli chang boʻroni".

Tojikiston poytaxti Dushanbeda zaharli qum boʻroni yuz berdi. Mutaxassislarning fikricha, iqlim oʻzgarishi sabab boʻlayotgan bunday boʻronlar Markaziy Osiyo boʻylab tez-tez uchrab, uning aholisiga zarar yetkazmoqda.

Kamar taqmagan yoʻlovchi jarimaga tortilmaydi.

IIV Yoʻl harakati xavfsizligi jamoat xavfsizligi departamenti yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining maʼlum qilishicha, mashina boshqarayotgan haydovchi va old oʻrindiqdagi yoʻlovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari shart, biroq haydovchi yonidagi yoʻlovchi kamar taqmaganda unga jarima qoʻllanilmaydi.

Eden Azar katta futboldan ketdi.

Chelsi va Madridning Real jamoalari sobiq futbolchisi Eden Azar katta futboldan ketdi.

U Ispaniyada u 2 karra la-liga gʻolibi, bir marta kubok sohibi, YeChL va UYeFA superkubogi sovrinlarini yutgan. Angliyada esa 2 marta chempion boʻlgan. Shuningdek, Azar 2018 yil Rossiyada oʻtgan jahon chempionatining bronza medali sohibi hamdir.

Toshkent shahri aholisi uch million kishidan oshdi.

Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2023 yil 1 oktabr holatiga Toshkent shahrida yashovchi doimiy aholi soni 3 mln. Kishidan ortgan. Poytaxt aholisi soni ilk bor 1960 yilda 1 million, 1985 yilda 2 milliondan oshgandi.

Shvetsiyada Qurʼonni yoqqan shaxs ilk bor jazoga tortildi.

Shvetsiyaning Linchyoping birinchi instansiya sudi Qurʼonni yoqqan, uni videoga olgan va internetda tarqatgan shaxsga hukm chiqardi. Bu Shvetsiyada etnik va diniy adovatni qoʻzgʻatish moddasi boʻyicha bunday harakat uchun chiqarilgan birinchi hukmdir. Ayblanuvchi jarimaga tortilgan.

Shavkat Mirziyoyev MDH sammitida mukofotlandi.

Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan MDH davlat rahbarlari sammitida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining Faxriy nishoni bilan taqdirlandi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+