Prezident anomal sovuqda koʻchada isinganlar mahallasiga bordi
Anomal sovuqda bu yerdagi aholi uyida gaz va chiroq yoʻqligidan koʻchada olov yoqib isingan va ovqat pishirgan edi.
Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahrining Chilonzor tumanida oʻtgan qishdagi anomal sovuqda issiqlik taʼminotida uzilishlar boʻlgan Oqtepa va Bogʻzor mahallalariga bordi.
Anomal sovuqda bu yerdagi aholi uyida gaz va chiroq yoʻqligidan koʻchada olov yoqib isingan va ovqat pishirgan edi. Davlat rahbari u yerda yangi ishga tushirilgan kogeneratsiya inshootini koʻzdan kechirdi.
Oqtepa va Bogʻzor mahallalarida 50 ta koʻp qavatli uy, 7 ta ijtimoiy muassasa va oʻnlab tadbirkorlik shoxobchalari bor. Ushbu holatning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun bu yerda bir vaqtning oʻzida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradigan kogeneratsion qurilmalar ishga tushirildi. Ular soatiga 4,6 MVt elektr energiyasi hamda 29 gigakaloriyadan ortiq issiqlik ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Turkiyaning Iltekno kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilgan loyihaga Germaniyadan gaz-porshenlar hamda Bosch qozonlari keltirib oʻrnatildi. Shuningdek, qozonxonadan isteʼmolchilargacha boʻlgan barcha issiqlik taʼminoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrali almashtirildi, har bir turar joy binosi va ijtimoiy obʼektlarda alohida issiqlik taqsimlash punktlari oʻrnatildi. Jami 13 ming metr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini yangi, izolyatsiyali quvurlarga almashtirish hisobiga toʻliq yopiq tizimga oʻtkazildi va yoʻqotishlardan himoya qilindi.
Loyihaning yana bir samarali jihati — issiqlik taqsimlash punktlari maxsus datchiklar bilan jihozlangan. Havo sovib yoki isib ketishiga qarab, uy ichidagi harorat moʻʼtadil saqlab turiladi.
Majmua ishga tushirilishi natijasida yiliga 5,3 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar 67 foiz kamayadi, oqova suv tashlanmalari esa umuman boʻlmaydi.
Bogʻzor va Oqtepa mahallalaridagi transformatorlar almashtirildi, elektr uzatish tarmoqlari yangidan tortildi. Bunga qoʻshimcha, koʻp qavatli uylar tepasiga quyosh panellari oʻrnatilmoqda.