“Vaqf” xayriya jamoat fondiga yangi rais saylandi
Ziyovuddin domla Mirsodiqov oʻz arizasiga binoan egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Isaxon Abdullayev “Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi vazifasiga saylandi. Bu haqda Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi xabar berdi.
Yangi rais 2023 yil 13 oktabr kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida “Vaqf” xayriya jamoat fondi Vasiylik Kengashi yigʻilishida saylangan. Ziyovuddin domla Mirsodiqov oʻz arizasiga binoan egallab turgan vazifasidan ozod etildi.
Maʼlumot oʻrnida, Isaxon Abdullayev Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tamomlagan. U 25 yillik ish malakaga ega boʻlib, diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, xayriya jamgʻarmalarini boshqarish va yordamchi xoʻjaliklar faoliyatini tartibga solish borasida katta natijalarga erishgan. Jumladan, u mehnat faoliyati davomida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi masʼul xodimi, Maxsus jamgʻarma raisi hamda Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamgʻarmasi ijrochi direktori kabi muhim lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan.
Tayinlovga qadar “Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi oʻrinbosari vazifasida ishlayotgan edi.