Rus tili boʻyicha xalqaro tashkilot tuzilyapti
Ushbu tashabbus ilk bor Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev tomonidan ilgari surilgandi.

Bishkekda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishida rus tilining maqomi muhokama qilindi, vazirlar rus tili boʻyicha xalqaro tashkilot tuzish tashabbusini maʼqulladilar.
Shuningdek, vazirlar 13 oktabr kuni MDH davlatlari rahbarlariga taqdim etiladigan hisobot uchun kelishilgan bir qancha hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqdilar.
Rossiya TIV rahbari Lavrovning soʻzlariga koʻra, tasdiqlangan hujjatlar orasida koʻp qutbli dunyoda xalqaro munosabatlar toʻgʻrisidagi bayonot, diniy eʼtiqod erkinligini qoʻllab-quvvatlovchi bayonot, raqamlashtirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bayonot va rus tilini millatlararo muloqot tili sifatida qoʻllab-quvvatlash haqidagi bayonot bor.
Bundan tashqari, yigʻilishda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida hamkorlikka oid hujjatlar hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Xalqaro rus tili tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim MDHning Bishkekda boʻlib oʻtgan sammiti yakunlari boʻyicha 13 oktabr kuni imzolanadi. Ushbu hukumatlararo tuzilmani tashkil etish tashabbusi ilk bor Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev tomonidan ilgari surilgandi.