platina.uz
Jamiyat

Yana metro, pandus, liftlari yoʻq bekatlar va uni “bezab” turadigan chelaklar

AOKAda oʻtgan matbuot anjumanida Platina.uz masʼullarga ushbu savollar bilan yuzlandi.

Yana metro, pandus, liftlari yoʻq bekatlar va uni “bezab” turadigan chelaklar

Metro bekatlarida nogironligi bor va maxsus aravachadagilar metroga tushishi uchun ularga asosiy metro yoʻnalishi bekatlarida sharoitlar yaratilmagan. Undan tashqari chiroyi bilan maqtaladigan metropolitenimizni yomgʻirli, qorli kunlarda chakki oʻtgan joylarga qoʻyilgan chelaklar yanada “chiroyli” qilib turadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtgan matbuot anjumanida Platina.uz masʼullarga ushbu savollar bilan yuzlandi.

— Nogironligi boʻlgan fuqarolar va kolyaskasi bilan metroga tushmoqchi boʻlgan onalar uchun asosiy metro yoʻllari Chilonzor, Oʻzbekiston va Yunusobod yoʻllarida tushish lifti yoki panduslar yoʻq. Platina.uz saytida bu muammoni qayta-qayta koʻtaryapmiz, javob yoʻq. Qachon metro bekatlarida panduslar yoki lift quriladi?

Abdutohir Abduqodirov, “Toshkent metropoliteni” DUK bosh muhandisi:

— Toʻgʻri, bu savol hozir juda dolzarb boʻlgan savollardan biri va buni uzoq rejaga qoʻyganimiz yoʻq. Bu yoʻnalishlar SSSR davrida qurilgan va bekatlar qurish rejasida panduslar yoki liftlar koʻzda tutilmagan. Bekatlarda bir tomonda pandus qilingan. Masalan, Chilonzor bekatining 8 ta chiqish zinasi bor, shularning bir tarafiga metropoliten xodimlari oʻzimiz pandus qilganmiz. Har bir bekatda imkon darajasida panduslar qilinmoqda va bu davom etmoqda. Ammo yerusti metroda bu sharoitlar yaratilgan. Bir narsani aytib oʻtishim kerak, 1977 yilda qurilgan bekatlarda eshiklar oʻlchami 80 sm. aravalarga kichiklik qiladi. Yunusobod va Turkiston bekatlarida bu narsani inobatga olib 90 sm eshiklar oʻrnatganmiz. Bu ishlarni davom etamiz va kerakli sharoitlarni yaratamiz.

— Kuz keldi, yogʻingarchiliklar boshlanadi, oldimizda qish turibdi. Hech kimga sir emas, yomgʻirli, qorli kunlar boshlanishi bilan metroda va metroga tushish tunnellarida chelaklar paydo boʻlib qoladi. Chakki oʻtishini boshqa yoʻllar bilan yoʻqotsa boʻlmaydimi? Yoki biz uni metropoliten bekatlariga “akksessuar” sifatida tanlab olganmizmi?

Abdutohir Abduqodirov, “Toshkent metropoliteni” DUK bosh muhandisi:

— Savol oʻrinli, bu borada muayyan ishlar olib boriladi. Yozda ham yashil maysalar sugʻorish vaqtida ham chakki oʻtishlar boʻladi. Bu chelaklarni vaqtinchalik narsa deb hisoblaymiz. Yoʻlovchilar ustiga suv tommasligi uchun kerakli ishlarni qilib boramiz. Bu borada judayam yuqori saviyada ishlar olib borilmoqda. Biz Moskva tajribasini foydalangan holda yangicha usulga oʻtamiz. Bu qish mavsumida shu holatda ketib turadi. Keyingi yil qishdan oʻzgarishlar boʻladi.

Maʼsul aytayotgan panduslar bor. Afsuski, xoʻjakoʻrsinga qurilgan, aksariyati oʻta tikka va ulardan foydalanib boʻlmaydi. Panduslarning kengligi ham aravachaga mos emas. Chelaklarimiz esa bu mavsumda ham tunnel va metrolarimizni “bezab” turarkan.

Fazilat Soib

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid