platina.uz
Jamiyat

KGB ojiz qolgan jinoyat

Aytishlaricha, sobiq Sovet ittifoqi hududida bolalarning sirli ravishda yoʻqolib qolish holatlari oʻtgan asrning 70-yillari oxirida juda keng tus ola boshlagan.

KGB ojiz qolgan jinoyat

Yoʻqolgan va ekspluatatsiya qilingan bolalar xalqaro markazi ICMEC – (International Centre for Missing & Exploited Children) maʼlumotlariga koʻra, har yili AQShda esa 420 mingdan ortiq bola yoʻqolib qoladi. Buyuk Britaniyada esa 80 ming, Kanadada 40 ming, Avstraliyada 20 mingdan ortiq bola bedarak yoʻqoladi.

Rossiyada esa turli maʼlumotlarga koʻra har yili oʻrtacha 100 mingga yaqin odam bedarak yoʻqoladi va ular orasida bolalar (0-17 yoshdagilar) 30 foizdan oshadi. Koʻpincha 10-12 yoshgacha boʻlgan bolalar gʻoyib boʻlishadi va turli xil jinoyatlarning yoxud falokatlarning qurboni boʻlishadi.

“Baxtli bolalik”ni boy berganlar

Aytishlaricha, sobiq Sovet ittifoqi hududida bolalarning sirli ravishda yoʻqolib qolish holatlari oʻtgan asrning 70-yillari oxirida juda keng tus ola boshlagan. Militsiya bu masalani alohida nazorat ostiga olgan boʻlsada, bu fojia bilan bogʻliq ochilmagan ishlar koʻpayib keta boshladi. Bu davrda esa, zamondoshlar taʼrifi bilan aytganda, “donishmand jallod” Yuriy Andropov (1914-1984) SSSR huquqni muhofaza qilish idoralarining eng qudratlisi, jahonga mashhur maxfiy xizmat - KGB (Davlat xavfsizligi qoʻmitasi) rahbari boʻlib ishlar edi.

1967 yildan 1982 yilgacha KGBni boshqargan Yuriy Andropov juda katta vakolatlarga ega boʻlgan va 1970-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab, SSSRning ichki va tashqi siyosatiga faol aralasha boshlagan. Shu sababdan Andropov va boshqa sovet yuqori mansabdor shaxslari oʻrtasida oʻzaro kelishmovchiliklar ham paydo boʻlgan.

Andropovning, ayniqsa, militsiya tizimi faoliyatidan noroziligi ortib borayotgan edi. Poraxoʻr va nopok militsiya xodimlarining koʻpayib ketayotgani, jinoyat ishlarini yopish maqsadida haqiqiy jinoyatchilarni topishga qurbi yetmasdan, begunoh odamlarni qiynab boʻyniga qoʻyib, qamatib yuborish holatlari nihoyatda koʻpaygan edi. “KGBning bittagina qarindoshi bor – militsiya, lekin u ham boʻlsa fohisha” degan naql maxsus xizmat “oper”lari orasida oʻsha davrda paydo boʻlgan, deyishadi.

Ayrim manbalarga qaraganda, Yuriy Andropov militsiya faoliyatidagi bir muammoga - bolalarning yoʻqolib qolishi boʻyicha ochilgan jinoyat ishlarining “ochilish” foizi nihoyatda past ekkaniga eʼtibor qaratgan. Yoʻqolgan bolalarning na oʻligi, na tirigi topilmayotgani yuqori rahbariyatning qulogʻiga yetib borgach, Andropov mustaqil ravishda bu ish bilan qiziqa boshlagan. Garchi uning rahbarlik davri shundoq ham stressli voqealarga boy boʻlsada, (Vetnam urushi, Afgʻon urushi, “oʻzbeklar ishi”, KGB xodimlarining Gʻarbga qochib oʻtishi...) bolalarning sirli yoʻqolib qolishlari ahamiyat qaratishga arzigulik masala edi.

Chunki Sovet Ittifoqi propaganda mashinasining sharofati bilan sovet fuqarolarining aksariyati oʻzlarini dunyodagi eng baxtli insonlar deb oʻylashar, bu baxtiyor mamlakatda bolalarga hech narsa xavf tugʻdirmaydi, deb ishonishar edi. Shunday bolaparvar va omon-omon zamonda, eng xavfsizlik mamlakatda bolalarning sirli ravishda yoʻqolib qolishi hech kimning kallasiga sigʻmasdi. Sovet Ittifoqi esa oʻz fuqarolari oldida ham, jahon hamjamiyati oldida ham oʻzining mukammal emasligini tan olishni istamagani bois, har qanday “nozik” maʼlumotni, jumladan, bolalarning yoʻqolib qolishi keng tus olganini sir tutgan. Sovet Ittifoqida voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar boʻyicha ishonchli statistik maʼlumotlarni topish hozir ham deyarli mumkin emas. Ular huquq-tartibot idoralari arxivlarida “maxfiy” muhri ostida dafn etilgan.

Bunga KGB eng koʻp hissa qoʻshgan albatta. Biroq Andropov ham bu masalada oddiy xalq bilan barobar boʻlib qolgandi: bolalarning nega koʻplab yoʻqolayotgani va umuman topilmayotganini, garchi u eng koʻp sirlarga egalik qiluvchi tashkiloti rahbari boʻlsa ham, aniq bilmas edi.

Taxminlar koʻp edi

Nihoyat Andropovning topshirigʻi bilan tayinlangan va tanlangan xodimlar militsiyadan ayri holda bu ish bilan baqamti shugʻullana boshlashdi.

Xodimlar gumon qilgan asosiy versiya bu – pedofil qotillar edi. Bu borada militsiya ochgan ishlar ham talaygina edi, albatta. Masalan, 1977 yilda eng buzuq sovet seriyali qotillaridan biri Anatoliy Biryukov oʻz qurbonlari - goʻdaklarni oʻldirish bilan shugʻullangani fosh etilgan. U bolalarni aravachalardan oʻgʻirlab, ularni jinsiy zoʻrlagan. Agar oʻgʻirlangan bola zoʻrlash natijasida vafot etmasa, ularni oʻldirgan. Bu manyak haqida shaxsan Brejnevga xabar berishgan. Biryukovni qoʻlga olish operatsiyasi Moskva jinoyat qidiruv boshqarmasi tarixidagi eng jiddiy operatsiyalardan biri edi. Biroq bu kabi pedofil qotillar sanoqli boʻlgan. Ular qoʻlga tushmasdan tunu-kun jinoyat jinoyat qilganda ham oʻn minglab bolagni gumdon qila olishi jismonan imkonsiz.

Shuningdek, 80-yillarning boshlarida Qozonlik kannibal (odamxoʻr) va jinsiy manyak Aleksey Sukletin oʻzining dahshatli kechki ovqatlari bilan butun mamlakatni shokka tushirgan. Uning yetti qurboni aniqlangan boʻlib, ular orasida 11 yoshli qizlar ham bor.

“Fisher” laqabi bilan tanilgan pedofil va qotil Sergey Golovkinning tarixini ham koʻpchilik eshitgan.

Bunday jinoyatchilarni koʻplab misol keltirish mumkin. Har holda Sovet Ittifoqida aqldan ozgan va jinoyat yoʻliga kirgan odamlar kam boʻlmagan. Biroq ularning hammasi yigʻilb kelganda ham, 50 mingga yaqin bolani “eplashi” mantiqqa zid keladi.

Albatta Gʻarbdan “ilhomlangan” holda, boy va qudratli shaxslarning bolasini oʻgʻirlab, pul talab qilish jinoyatlari SSSRda ham paydo boʻlgan. Sovet Ittifoqida birinchi marta odam oʻgʻirlash (kidnapping) - ota-onalardan pul undirish maqsadida bolalarni garovga olish jinoyati 1984 yilda maʼlum boʻlgan. Jinoyatchilar “yangi avlodi”ning birinchi qurboni kichik Kishechniy qishlogʻining (Dzerjinskiy tumani) voyaga yetmagan fuqarosi Ruben Gasparyan boʻldi. Uni oʻgʻirlab ketgan zoʻravonlar bola uchun 150 ming rubl talab qilishgan, bu oʻsha paytlarda tasavvur qilib boʻlmas mablagʻ boʻlgan. Oʻsha paytda oʻrtacha oylik maosh – 100 rubl boʻlgan. Xususiy biznesga ruxsat berilmagan. Katta pul faqat xufyona “tadbirkorlar”, qonunbuzar savdo tizimi xodimlari yoki poraxoʻr amaldorlarda boʻlgan xolos.

Bu birinchi odam oʻgʻirlash ishi shov-shuvga sabab boʻldi. Ikki yildan soʻng – 1986 yilda Qozogʻistonning Olmaotada yana bir maktab oʻquvchisi oʻgʻirlab ketildi. Bu safar garovga olingan bolaning hayoti uchun 15 ming rubl talab qilishdi. Har ikki holatda ham jinoyatchilar qoʻlga olinib, garovdagi bolalar qutqarilgan. Biroq Andropov 1982 yilgacha KGBni boshqargani bois bu jinoyat turiga hali guvoh boʻlmagan.

Bolalar yoʻqolishining yana bir versiyasi – xorijga xufyona bola sotish ham oʻrganib chiqildi. Biroq bu ham imkonsiz edi. SSSRda xorijga chiqish – eng mashaqqatli ish boʻlgan. Chegaralar tom maʼnoda “qulf”da turgan.

KGB xodimlari hatto xufyona fohishaxonalar, pedofil va gomoseksuallarning tor “davralari”ni ham sinchiklab tekshirib chiqishgan. Biroq bolalar qayerga gʻoyib boʻlayotgani haqida biror asosli dalil va izoh topa olishmagan.

KGBni IIBga qarshi qoʻygan vaziyat

Andropov asabiylasha boshlagan, umuman pastdagi rahbarlar ham topshiriqni bajar olmayotganidan halovatini yoʻqotgan edi. Andropovning militsiyaga boʻlgan nafrati kundan kunga ortib borayotgan edi. Uning nazarida militsiya yoki noprofessionalligi bois bu muammoga yechim topa olmas, yoki qandaydir sirni ataylab KGBni yashirishga urinardi.

Umuman olganda, 1970-yillar oxiridayoq Andropov SSSR Ichki ishlar vaziri Nikolay Shyolokov bilan teskari boʻlib qolgan edi. Shyolokovga Andropovning militsiya ishiga “burun suqishi” yoqmasdi. “Tinchgina josuslaringni tutib yuravermaysanmi, militsiya ishiga aralashib nima qilasan” degan ohangda muomala qilardi. Ular oʻrtasidagi birinchi tortishuv Kremlni kim qoʻriqlashi yuzasidan kelib chiqqan deyishadi. Bu kurashda IIV gʻalab qilgani Andropov koʻnglida oʻchmas jarohat boʻlib oʻrnashdi.

Biroq KGB rahbari qanchalik qudratli boʻlmasin, Iki ishlar vaziriga hech narsa qila olmaydi. Chunki Shyolokov Brejnev bilan bolalikdan doʻst boʻlishgan, IIV rahbari lavozimi ham shu sababdan unga berilgan edi. Shuningdek, Shyolokov Brejnev atrofidagi qudratli amaldorlar bilan ham “qalin” edi.

Georgiy Podlesskix va Andrey Tereshonokning «Qonundagi oʻgʻrilar: hokimiyatga iddao» (Vorы v zakone: brosok k vlaste. “Xudojestvennaya literatura” nashriyoti, Moskva, 1994) kitobida yozilishicha, 1980 yilda roʻy bergan bir hodisa esa Andropovning intiqom kurashi uchun yaxshi “foyda” keltirdi: Moskva metropoliteni militsiyasi xodimlari bilmasdan mast holda ushlangan KGB mayorini oʻldirib qoʻyishadi. Bu tor doirada katta shov-shuvga sabab boʻladi. Natijada Andropov Brejnevdan KGB uchun yanada kengroq imkoniyatlar oldi. Militsiyaning quyushqondan chiqib ketayotgani, halollik va qonunga rioya etish borasida talabga javob bermayotganiga Brejnevni ishontira oldi hamda KGB da alohida boshqarma tuzib, amaldorlar (partiya rahbarlari, jumladan “obkom”lar bundan mustasno albatta) va IIV xodimlari ustidan nazorat oʻrnatish vakolatini qoʻlga kiritdi. IIV xodimlari bilan ishlaydigan boʻlinmalar tashkil etilib, maxsus xodimlar tayinlandi. Ular militsiya tizimi ichida jinoyatchilik profilaktikasi bilan shugʻullanishar edi.

Kutilmagan maʼlumotlar

Bolalarning sirli gʻoyib boʻlish sababi esa hamon ochilmagan edi. Nihoyat KGBning qudrati hamda vakolati oshib borgach, eng “nozik” – diniy soha xodimlariga teranroq nazar tashlay boshladi. Maʼlumki ateizm, yaʼni xudosizlik davlat mafurasining elementi boʻlgan SSSRda goʻyoki din davlatdan ajratilgan boʻlsada, aslida din davlat tomonidan kuchli nazorat qilingan. Avvalida sovetlar dinga va dindorlarga qarshi ayovsiz kurashgan boʻlsada, keyinchalik xalqaro hamjamiyat oldida SSSRda inson huquqlari, xususan vijdon erkinliklari taʼminlangan, deya daʼvo qilish maqsadida Ikkinchi jahon urushidan keyin bir qancha diniy tashkilotlar tiklangan yoki qayta tuzilgan. Davlat tomonidan tuzilgan va goʻyoki nodavlat hamda mustaqil boʻlgan cherkovlar hamda diniy boshqarmalarga sovetlarga sadoqatli va ularning buyrugʻini bajaradigan diniy arboblar rahbar etib qoʻyilgan. Ular qatʼiy nazorat ostida va koʻrsatib berilgan yoʻldan yurgan holda faoliyat yuritishgan. Kommunistlar dinga xalqni boshqarishga yordam beruvchi dastaklaridan biri sifatida qarashgan va undan samarali foydalanishgan.

Tabiiyki, cherkov xodimlari din nomi bilan xalqni davlat manfaatlari uchun yoʻlga solishlari evaziga ularga ham xufyona erkinlik va imtiyozlar ham berilgan albatta. Ularning uncha-muncha mayda jinoyatlari va “erkaliklariga” koʻz yumilgan. Lekin shunga qaramasdan, Andropov bola oʻgʻirlishi masalasini hal qilish uchun hatto cherkovni ham “tit-pit” qilishni topshirgan.

Nihoyat kechga yaqin, boshqarma boshliqlaridan biri Andropov stoliga mashinkada yozilgan 4 ta qogʻozni qoʻyadi. Bu “diniy liniya”ga javob beruvchi “oper”lardan birining hisoboti edi. Qogʻozga koʻz yugurtirgan Andropov savol alomati bilan boshqarma boshligʻiga qaraydi. U esa “hammasi rost” degandek bosh irgʻab qoʻyadi.

Elita hayron qolmadi

Ayrim manbalarning guvohlik berishicha, oradan biroz vaqt oʻtgach, dastlabki dalillar yigʻilgach, Anropov partiya elitasining muhim aʼzosi sifatida Politbyuro yigʻilishlaridan birida misli koʻrilmagan bir iddao bilan chiqadi: aniqlanishicha, yoʻqolgan bolalarning aksariyati cherkovlarga olib kirilgach, boshqa qaytib chiqmagan. U paytlarda kuzatuv kameralari boʻlmagani bois, tunu-kun xufyona kuzatuvlar va boshqa usullardan yigʻilgan maxfiy maʼlumotlarga qaraganda, goʻyoki cherkovni niqob qilgan satanist (shaytonparast) guruhlar bolalarni oʻgʻirlash uchun buyurtma berishgan Bolalarni oʻgʻirlab kelib, ular cherkov yertoʻlalarida qiynoqqa solib, zoʻrlashgan. Chunki stress va azob holatida odam tanasida koʻp miqdorda adrenalin ajralib chiqib, keyin qonda uning hosila moddasi – adenoxroma shakllanar ekan. Adenoxromaga esa kayf beruvchi narkotik va eng asosiysi tanani yashartiruvchi modda sifatida qaralgan. Xullas bir hofuch pedofil va shaytonparastlar, sotqin amaldorlar, jumladan yetimxonalarning rahbarlari bilan til biriktirib, shunday jinoiy konveyerni yoʻlga qoʻyishgan.

Albatta Yevropada cherkov xodimlarining pedofiliyaga oid jinoyatlari 1950 yillardan buyon ommaviy tus olgan. Xor ansambli va xizmat uchun olingan yosh bolalar cherkov rahbarlari tomonidan zoʻrlanishi yaqinga kelib fosh etildi. Birgina Fransiyaning oʻzida 3200 ga yaqin bola katolik cherkovi xodimlarining shunday jirkanch jinoyati qurboni boʻlishgani oʻz isbotini topgan.

Biroq, yuqorida aytilganidek, SSSRda, 80-yillarda bunday holat roʻy berishi mumkinligini tasavvur ham qilib boʻlmasdi. Albatta Andropov bu ishning katta gʻalva qoʻzgʻashini yaxshi tushunar va amaliy harakatlarni boshlash – jinoyatchilar tizimini aniqlash va ularni jazoga tortirishdan avval Politbyuroning ruxsatini olish shartligini yaxshi tushunar edi.

Politbyuroning Brejnev boshchiligidagi aʼzolari - kamida 70 ga kirgan, naftalin hidi anqib turgan, ammo hali egardan tushgisi kelmaydigan chol va kampirlar davrasi Andropov oʻrtaga tashlagan maʼlumotlarni indamay eshitishgan, yolgʻondan biroz hayrat alomatlarini izhor qilishgan va... bu kabi ichki masalalarga aralashmaslikni maslahat berishgan! “Butun dunyo kapitalistlari SSSRni yoʻq qilish uchun tish qayrayotgan bir paytda” KGB oʻz kuchini qandaydir choʻpchakchi dindorlar va vayrona cherkovlarga sarflashi nomaqbul ekanini alohida uqdirishgan.

Aytishlaricha, shu bilan ish yopildi. Nomiga bir ikki kishi jazoga tortilgan boʻlsada, “yopigʻliq qozon yopiqligicha” qoldi.

Andropov politbyuro yigʻilishidan chiqib, qora “Chayka”siga oʻtirar ekan, nega Politbyuroda yoshlar yoʻqligini endi tushungandek boʻldi. Bu qariyalar nutq soʻzlash paytida oʻlib qolmaslik, koʻproq hokimiyat tepasida qolish uchun hatto bolalar oʻgʻirlanishiga ham koʻz yumishlari, begunoh bolalarning qonidan ham seskanmasliklari uni boshqa hayratga solmadi.

Sehrli tayoqcha ish bermadi

Biroq satanistlar yetkazib beradigan adenoxroma ish bermadimi, yoki uning “tozasini” Hollivud va amerikalik millionerlarga sotishganmi, ishqilib, 1982 yilda SSSR rahbari Leonid Brejnev 74 yoshida oʻlib qoldi. 18 yil davlat tepasida turib, hatto gapirishga ham qiynalib qolgan Brejnevga hech narsa foyda bermadi.

Uning oʻrniga Andropovning oʻzi SSSR rahbari, yaʼni KPSS Ijroiya qoʻmitasi Bosh kotibi etib saylandi. U mazkur kursida 15 oy oʻtirgan boʻlsada, aslida 8 oy tuzukroq rahbarlik qildi xolos. Cherkov mojarolaridan keyin uning sogʻligi toʻsatdan yomonlasha boshladi. Bosh kotiblik paytida Andropovni kuch-quvvat uni tark eta boshladi. Buyragi yaxshi ishlamasligi bois, qonini tozalatish uchun muntazam shifoxonaga borib, gemodializ qildirar, buning uchun kunora bir necha soat vaqt ketar edi. Buni odamlardan yashirishga urinishsa ham, Bosh kotibning koʻpincha bilagi bintlangan holda yurishi uni sotib qoʻyardi.

KGB oliy lavozimiga Andropovning oʻrniga Viktor Chebrikov tayinlangach, satanistlar mojarosi butunlay unutildi. Lekin Andropov baribir gʻolib chiqdi. “Metin qalqoni” – Brejnev oʻlgach, IIV rahbari Shyolokov unga koʻrsatilgan bosimlar va ayblovlarga chiday olmasdan oʻz joniga qasd qildi.

Bu voqealar qanchalik haqiqatga yaqin yoki afsona ekanini hozir isbotlash qiyin. Dalil va isbotlar esa vaqt deb atalmish qalin chang ostida qolgan. Hatto keyinchalik satanistlar va ularning elita hamda hokimiyat vakillari bilan aloqalari shunchaki konspirologik nazariyalar ekani, feyk maʼlumotlarga asoslangan, shov-shuv uchun tarqatilgan feyk xabarlar ekani dalillar bilan isbotlanmoqda. Adenoxroma ham unchalik noyob modda emasligi, buning uchun satanistlar bolani qiynab, qonini toʻkishlari shart emasligi aniqlandi. Uni laboratoriya sharoitlarida sintez qilish mumkin. Qolaversa, adenoxroma moddasi yashartirmasligi, ruhiy xastalarga, qoni tez quyiladigan bemorlarga shifo bermasligi, hatto narkotik vazifasini ham eplay olmasligi isbotlangan.

Lekin shamol boʻlmasa daraxtning uchi qimirlamaydi, deyishganidek, hozir ham odam qonini xush koʻruvchilar bor. Odam organlarini xufyona olib qoʻyuvchi jinoiy guruhlar ham mavjud. Satanistlar ham bor. Biroq bolalarni shaytonga qurbon qilish marosimlari mavjudligi hamon isbotlanmagan ham, rad etilmagan ham.

Andropov va adenoxroma mojrosidan 40 yil oʻtgan boʻlsada, bolalarning oʻgʻirlanish jinoyatlari kamaygani yoʻq. Birgina Rossiyada har yili 200-300 bola toʻlov taʼma qilib garovga olinadi. Bolalar, shuningdek, jinsiy zoʻravonlik, fohishabozlik, odam savdosi va qullikka majburlash maqsadida ham oʻgʻirlanadi. Bundan tashqari oxirgi paytlarda donorlik, ichki aʼzolarini olib qoʻyish maqsadida ham bola oʻgʻirlashlar avjiga chiqqan.

Rossiya IIV bergan maʼlumotlarga koʻra, faqatgina Moskva shahrining oʻzida har yili 1500 - 3000 bola yoʻqoladi. Rossiya boʻyicha har yili 15-30 ming voyaga yetmagan shaxslar gʻoyib boʻladi.

Rossiyada 2018 yildan beri yoʻqolgan 2000 ga yaqin bolaning faqat 93 nafari topilgan xolos...

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid