Qashqadaryo hokimi qarzdorlik va ijtimoiy muammolar uchun yuz milliardlab pul ajratmoqda
Kurash federatsiyasi viloyat boshqarmasi xodimlari xarajatlari uchun esa 346,5 mln. soʻm beriladi.

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi qarori bilan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va yuzaga kelgan qarzdorliklarni qoplash maqsadida milliardlab mablagʻ ajratildi. Ushbu pullar Respublika byudjetidan ajratilgan 200 mlrd. soʻmlik ssuda mablagʻlari hisobidan ekani belgilab qoʻyilgan.
Jumladan, Viloyat hokimi stipendiyasi tanlovida gʻolib chiqqan talabalarga 55 mln. soʻm ajratiladi. Kurash federatsiyasi viloyat boshqarmasi xodimlari xarajatlari uchun esa 346,5 mln. soʻm beriladi.
Qarshi shahridagi "Alisher Navoiy" istirohat bogʻida va Mustaqillik koʻchasida bajarilgan ishlar sabab yuzaga kelgan qarzdorliklarni yopshi uchun 2 mlrd. soʻm, 10 -maktabni taʼmirlashdan soʻng vujudga kelgan qarzlar uchun 1 mlrd. soʻm ajratiladi.
Qarshi shahar perinatal markazidagi salomatlik yoʻlagi bogʻliq xarajatlarga 1 mlrd. 895 mln soʻm, Qamashi tumanidagi 200 oʻrinli ixtisoslashtirilgan maktabni rekonstruksiya qilish uchun 1,5 mlrd. soʻm taqdim etiladi.
Kengash qaroridagi birinchi ilova boʻyicha jami 769 mln, ikkinchi ilovada esa 22 mlrd. 312 mln soʻm berilishi koʻzda tutilgan.




