“Siniq derazalar”: sezdirmay choʻgʻlanayotgan uchinchi jahon urushi
Navbatdagi siyosiy sharhimizda dunyoda choʻgʻ olayotgan urush oʻchoqlarining tobora koʻpayib, kengayib borayotgani, ularning hammasi goʻyoki Rossiya - Ukraina nizosini kutib oʻtirgandek boʻlayotgani haqida soʻz boradi.
Sotsiologiya va kriminologiyada “Siniq derazalar” nazariyasi bor. 1982 yilda sotsiologlar Jeyms Vilson va Jorj Kelling yaratgan ushbu nazariya “bir huquqbuzarlik boshqa huquqbuzarlikni keltirib chiqaradi”, degan maʼnoni anglatadi. Masalan, biror kimsasiz binodagi bittagina deraza oynasi siniq boʻlsa, koʻp vaqt oʻtmay, unda birorta ham butun deraza qolmaydi. Siniq oyna odamlarni boshqa derazalarni ham sindirishga undaydi. Yoki yerga axlat tashlangan va qarovsiz boʻlsa, yoʻlovchilar bunday joyga bemalol chiqindi tashlab ketishadi. Agar muhit toza va sarishta boʻlsa, hech kim birinchi boʻlib yerga qogʻoz tashlashga jurʼat qilmaydi. Qisqa qilib aytganda, kimdir qonunni buzsa yoki qonunga rioya etilmagan muhitda boshqalarning ham tartib-qoidaga amal qilmasligi ehtimoli oshib ketadi.
Xalqaro huquq maydonida ham shunga oʻxshash vaziyatni kuzatishimiz mumkin. Ikkinchi jahon urushi yakunlangach, davlatlar bunday fojeaga boshqa yoʻl qoʻymaslik maqsadida bir qator xalqaro huquq meʼyorlarini ishlab chiqishdi yoki mavjudlarini takomillashtirishdi. Davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olish, mavjud chegaralarni harbiy yoki boshqa kuch yordamida oʻzgartirishga chek qoʻyish, hatto urush sharoitida ham harbiy boʻlmagan fuqarolarning jabr koʻrishlarining oldini olish, xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqi kabilar shular jumlasidandir. Yaʼniki, xalqaro huquq maydonida oʻziga xos siyosiy munosabatlar etiketi, odob meʼyorlari shakllantirildi.
Biroq vaqt oʻtishi bilan muammo hamda mojarolarni kuch bilan hal qilishga urinish holatlari koʻpayib keta boshladi. Hatto oʻziga xos arbitr vazifasini oʻtashi kerak boʻlgan BMT ham bu masalalarni ijobiy hal etishga ojizlik qila boshladi. Yana “siniq derazalar” nazariyasiga qaytadigan boʻlsak, Rossiyaning “derazaga tosh otib sindirgani” boshqa siyosiy subʼektlarni ham ruhlantirib yubordi, desak boʻladi. Kimsan, BMT xavfsizlik kengashi doimiy aʼzosining oʻzi BMT qoidalarini buzgani boshqa agressorlarni ham “ruhlantirdi”. Qolaversa, butun Gʻarb Ukrainaga yordam berish bilan ovora boʻlib, chalgʻib turgan bir sharoitda oʻz maqsadlarini amalga oshirishga urinuvchi xalqaro munosabat subʼektlari koʻpaya boshladi.
Chunki aynan 2022 – Ukrainaga bosqin uyuushtirilgan yildan soʻng dunyo boʻylab xalqaro huquq meʼyorlari va erishilgan kelishuvlarni buzish “paradi” boshlandi, deyish mumkin. Jumladan, Xitoy Tayvanga boʻlgan eʼtirozlarini “eslab qoldi”. Yugoslaviya vorisi Serbiya Kosovoni boʻysundirishga kirishmoqda. Suriyada va Iroqda bezovtaliklar avjlandi. Ozarbayjon Togʻli Qorabogʻni harbiy yoʻl bilan qaytarib oldi. Isroil-Falastin mojarosi yanada oʻtkirlashdi.
Xususan, Isroilni oladigan boʻlsak, bu davlat BMTga ham, qandaydir siniq oynalar va Qrimni bosib olishiga ham qarab oʻtiradigan “odobli oʻquvchi” emas. Yarim asrdan ziyod vaqt davomida BMTning Isroilni “tartibga chaqiruvchi”, 1967 yilgi chegaralarga qaytishini talab qiluvchi rezolyayutsiyalarining birortasiga amal qilgani yoʻq. 2014 yilda bir falastinlik oʻsmirning yahudiy ekstremist dindorlar tomonidan oʻldirilishi falastinliklarni junbushga solgan va natijada XAMAS tomonidan Isroil hududidaga raketalar otilgan edi. Bunga javoban Isroil harbiylari Gʻazo sektoriga bostirib kirib, “Metin qoya” harbiy operatsiyasini boshlagan. Mojaro Misr vositachiligida toʻxtatilgan. Isroil tarafidan 60 kishi, falastinliklardan taxminan 2000 (!) kishi oʻlgan.
Bunga oʻxshash harbiy toʻqnashuvlar koʻplab kuzatilayotgan boʻlsa-da, joriy yilning 7 oktabrida XAMAS boshlagan keng koʻlamli hujum Isroil uchun kutilmagan hodisa oʻlaroq shokka solib qoʻydi. Harbiy sharhlovchi Davild Shaprning aytishicha, buni Isroil razvedka hamjamiyatining ulkan muvaffaqiyatsizligi deya baholash mumkin. Bu hujum butun mintaqa, hatto dunyo boʻylab ishonchli manbalari va xayrixohlari boʻlgan, AQSh va Yevropaning yirik va qudratli davlatlari bilan razvedka maʼlumotlari almashuvini yoʻlga qoʻygan Isroil razvedkasi uchun kutilmagan hodisa. Hatto XAMAS ichida ham bu razvedka agentlari borligi aytiladi baʼzi manbalarda.
Aslini olganda bu Isroil razvedkasining birinchi “qovun tushirishi” emas. 1973 yilda Misr va Suriya armiyasining 1967 yildagi 6 kunlik urushda Isroil bosib olgan yerlarni qaytarish maqsadida uyushtirgan hujumi ham Isroil razvedkasi uchun kutilmagan hodisa boʻlgan edi.
Oradan naqd 50 yil oʻtib, “yubiley” sanada (ehtimol ataylab shu sanaga bagʻishlagandir) XAMASning Isroilga qarshi “Al-aqso toʻfoni” amaliyotini amalga oshirgani ham Isroil razvedchilari kutmagan ish boʻldi, deyilmoqda. Qolaversa, bu hujum Isroil maqtanadigan “Temir gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimi unchalik samarador emasligini oshkor qilib qoʻydi. XAMAS tomonining aytishicha, Isroil hududiga 5000 raketa otilgan, Isroil tomoni esa 2200 raqamini keltirgan. Raketalarning koʻpchiligi Tel-Avivgacha yetib borgani havo mudofaasi tizimlarninig kuchsiz jihatlarini koʻrsatib qoʻydi.
Mazkur mojaroga javoban Isroil hukumati XAMASga qaqshatqich zarba berishni vaʼda qildi. Gʻazo sektori tinimsiz oʻqqa tutilmoqda. Binolar vayron etilmoqda. Quruqlikdagi harbiy harakatlar boshlanishi kutilmoqda. Isroil armiyasi Gʻazo sektoridagi XAMAS markazlariga keng koʻlamli hujum uyushtirayotganini maʼlum qildi. Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant Gʻazo sektorini toʻliq qamal qilishga buyruq berdi. “Gʻazoda na elektr, na oziq-ovqat, na yoqilgʻi boʻladi. Hamma taʼminot toʻsiladi”, degan Isroil mudofaa vaziri.
Biroq har qanday voqea va harbiy toʻqnashuvlarning sabablari va keltirib chiqaruvchi omillari bor, albatta.
Falastin xalqining yarim asrdan beri azob chekayotgani, Gʻazo sektorining 2015 yildan beri qamalda qolayotganidan tashqari, Isroil yangi hukumati falastinliklarga nisbatan yuritayotgan keskin siyosati ham bu falokatlar uchun trigger vazifasini oʻtadi, deyish mumkin. Siyosatshunos Abbos Gallyamovning aytishicha, oxirgi bir-bir yarim yildan beri Isroil hukumatini Benyamin Netanyahu rahbarligidagi radikal oʻng koalitsiya boshqarmoqda. “Umuman olganda ularni ekstremist, yahudiy millatchilari, deb atashadi. Ular falastin maʼmuriyatining jigʻiga tegib kelishdi. Yaʼni mana shunday vaziyat yuzaga kelishi uchun provokator vazifasini oʻtashdi. Agar eskalatsiya – keskinlashuv yoʻlidan borsangiz, bu eskalatsiya oqibatlariga duch kelasiz, albatta”, deydi siyosatshunos.
Biroq XAMASning ayni harakatlari oʻz maqsadlariga egaligi ehtimoldan xoli emas. Bir qarashda bu siyosiy-harbiy koʻrlikdek tuyuladi. Chunki Isroil tashkil topganidan beri harbiy qudratini rivojlantirish uchun katta kuch va mablagʻ sarflab keladi. Bu yurtda hattoki qizlar ham armiyada xizmat qiladi. Har bir fuqaro potensial askar sifatida roʻyxatda turadi. Urush yoki favqulodda holatlarda 400 ming rezervist yigʻilishi mumkin va shu kunlardagi vaziyatda bu amalga oshdi ham.
Buning ustiga butun Gʻarb AQSh boshchiligida Isroilga xayrixoh va har qanday ssenariyda unga yordam berishga tayyor. Hatto AQShdagi ayrim kongressmenlar Ukrainaga yordamni vaqtincha toʻxtatib, Isroilga harbiy va moliyaviy madad berishni koʻpaytirishni soʻramoqda.
Shunday bir sharoitda uyushmagan va harbiy qudrati haminqadar boʻlgan XAMASning hujumlari uzoqni koʻzlamagan amaliyotdek tuyuladi. Biroq falastinliklarning uzoq yillar davomida xoʻrlanib va qamalda saqlanib kelingani shunday spontan (aslida oldindan rejalashtirilgan) harakatlarga sabab boʻldi, deyish mantiqan toʻgʻri boʻladi. Buning ustiga oxirgi oylarda Isroil hukumatining musulmonlar uchun uchinchi muqaddas makon boʻlmish Aqso masjidiga chang solayotgani, bu yerga kirish goh cheklab, goh reydlar uyushtirayotgani, hatto ayrim yahudiy diniy ekstremistlarning Aqsoni portlatib, oʻrniga yahudiy ibodatxonasini quramiz, deyishayotgani falastinliklar sabr kosasiga tushgan oxirgi tomchi boʻldi, degan fikrlar ham yangramoqda.
XAMASning qurolli bosh koʻtarishiga sabab qilib, ayrim ekspertlar Rossiya, Xitoy, Eron, Turkiya kabi davlatlarni koʻrsatishadi. Hatto baʼzi konspirologlar bu hujumdan avvalo Isroilning oʻzi eng katta manfaatdor, bu hujum oqibatida Isroil dunyo hamjamiyati oldida oʻzini yanada jabrdiyda qilib koʻrsatadi, keyin esa falastinliklar hamda Falastin davlati tuzilishiga qarshi istagancha kurashish kart-blanshini qoʻlga kiritadi, deyishadi. Bu hujum ham Isroil razvedkasi uchun kutilmagan voqea boʻlmagan. Balki bilsa-da, oʻzini bilmaganga olib, taktik manyovr qilib, tegishli harakatsizlik orqali ataylab shunga yoʻl qoʻyib bergan, deya izohlashadi. Aks holda XAMASning birpasda bir necha harbiy obʼekt va aholi punktlarini hech bir qarshiliksiz egallab olganini boshqa qanday izohlash mumkin, deyishadi ular.
Yana boshqa taxminlarga koʻra, Hindiston va Isroil orqali oʻtishi kerak boʻlgan, Yevropa va Hind okeani portlarini bogʻlovchi muhim logistika yoʻli loyihasini barbod qilish uchun Isroilda beqarorlik keltirib chiqarish rejalashtirilgan. Goʻyo Turkiya va Eron bu yoʻlning aynan oʻz hududlaridan oʻtishini istashgani bois bu mojarodan manfaatdor deyishadi. Qolaversa, Xitoy ham Hindistonning azaliy raqibi sifatida bu loyihaga zimdan qarshi, degan fikrlarni ilgari surishadi.
Ikkinchi taxminga koʻra, Eron oʻziga azaliy dushman hisoblovchi Isroilga qarshi shunday amaliyotni rejashtirgan. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Isroilga hujumni tayyorlashda Eron razvedka xizmatlari ishtirok etgan boʻlishi mumkin. Nashr Falastinning XAMAS guruhi va Livandagi “Hizbulloh” shia harakatining yuqori martabali vakillariga tayanib maʼlum qilishicha, goʻyoki XAMAS jangarilarining Isroilga hujumi necha hafta oldin Eron razvedka xizmatlari koʻmagida rejalashtirilgan. Eron rasmiylari oʻtgan hafta Bayrutda falastinlik jangarilar bilan uchrashuv chogʻida ushbu hujumga “yashil chiroq yoqqan” emish. Bayrutdagi yigʻilishda Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi zobitlari ishtirok etgan. Ular avgust oyidan beri XAMAS bilan birgalikdagi harbiy amaliyot ustida ishlamoqda, deb yozgan The Wall Street Journal. Oq uy esa Tehronning hujumga aloqadorligini tasdiqlovchi dalillarni hali koʻrmaganini aytdi.
Biroq Eron Isroilga hujumni rejalashtirishga aloqadorligini inkor qilmoqda. Eronning BMTdagi missiyasi Tehron XAMAS jangarilarining Isroilga qarshi hujumini rejalashtirishda ishtirok etgani haqidagi xabarlarni rad etdi. "Biz Falastinni qatʼiy qoʻllab-quvvatlaymiz, ammo biz Falastinning javob choralarida ishtirok etmaymiz, chunki bu qarorlar faqat Falastinning oʻzi tomonidan qabul qilinadi", degan Eron vakili.
Harbiy sharhlovchi David Sharpning taxmin qilishicha, XAMASning asosiy maqsadi – oʻzini gʻolib qilib koʻrsatish va isroilliklarni garovga olib, Isroil qamoqxonalarida yotgan minglab falastinliklarga ayirboshlash boʻlgan.
Keyingi taxminlarga koʻra, bir guruh siyosiy kuchlar Isroilning Yaqin Sharq davlatlari bilan yaqinlashuviga qarshi chiqmoqda. Maʼlumki, shu paytgacha – 2020-2021 yillarda Isroil bir qator arab davlatlari bilan munosabatlarini yaxshilab, “Ibrohim kelishuvlari” deb nomlangan turkum tinchlik kelishuvlariga erishdi, deb ataladi. (Ibrohim alayhissalom har uchala monotesitik din – yahudiylik, nasroniylik va islom uchun ham hurmatli shaxs hisoblanadi – tahr.) Tez orada esa Isroil va Saudiya Arabistoni oʻrtasida ham shunday tinchlik shartnomasi imzolanishi kutilayotgan edi. Mazkur harbiy hujum esa yana arab va musulmon davlatlarining gʻazabini uygʻotib, Isroilning bu boradagi rejalariga putur yetkazish maqsadida tashkillashtirilgani aytiladi.
Yana boshqa taxminga koʻra, Rossiya Ukrainadagi urushdan Gʻarbni shu yoʻl bilan chalgʻitmoqchi. Kreml, agar Gʻarb Isroil bilan, unga yordam berish bilan ovora boʻlib qolsa, Ukrainaga yordam hajmi va eʼtiborini kamaytirishga majbur boʻladi, degan umidda mazkur harbiy amaliyotni rejalashtirish va moliyalashtirishda koʻmaklashgan, qabilidagi taxminlar ham mavjud. Shuningdek, Rossiya bu mojaroni qoʻzgʻab, musulmonlarning AQSh va Gʻarbga xayrixohligini yoʻqqa chiqarishni, yaʼni ularni gij-gijlab, oʻz tarafdorlarini koʻpaytirishni koʻzlayapti, degan taxminlar ham yuribdi.
Biroq, nima boʻlganda ham, bu qurolli hujum oqibatlari bor. Butun Yaqin sharq mintaqasi, hatto butun dunyo siyosatiga taʼsir koʻrsata oladigan, geopolitik vaziyatni oʻzgartiradigan tub burilishlar yasashi mumkin. Buni AQShdan boshqa ikki qudratli davlat – Xitoy va Rossiyaning mazkur hodisaga munosabatida ham koʻrish mumkin.
Jumladan, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi “muammoning yechimi “ikki xalq uchun ikki davlat” qarorini amalga oshirish va mustaqil Falastin davlatini barpo etishdan iborat”, deya bayonot berdi. Vazirlik vakilining taʼkidlashicha, xalqaro hamjamiyat Falastin muammosini hal etishdagi hissasini faollashtirish, Falastin va Isroil oʻrtasidagi tinchlik muzokaralarining tezroq tiklanishiga koʻmaklashish va mustahkam tinchlikni taʼminlash yoʻlini topishi zarur.
Rossiya xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosari Dmitriy Medvedev esa bu mojaroda AQShni ayblagan. “Yom Kipur urushining 50 yilligi munosabati bilan XAMAS va Isroil oʻrtasidagi janglarning boshlanishi kutilgan voqea. Vashington va uning ittifoqchilari shu bilan shugʻullanishlari kerak edi. Isroil va Falastin oʻrtasidagi ziddiyat oʻnlab yillardan buyon davom etmoqda. Va AQSh u yerda asosiy oʻyinchidir. Ammo bu ahmoqlar Falastin-Isroil kelishuvi ustida faol ishlash oʻrniga, bizning oramizga kirib, neonatsistlarga bor kuchlari bilan yordam berib, ikki yaqin davlat orasiga nizo solmoqda. Amerikaning sayyoramizning hamma joylarida mojarolarni keltirib chiqarishga boʻlgan tentagona ishtiyoqini nima toʻxtata oladi? Aftidan, faqat AQShda fuqarolar urushi yuz berishi uni toʻxtata oladi”, deya keskin munosabat bildirgan Medvedev.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa “Falastin muammosini endi kechiktirib boʻlmaydi, Arab davlatlari ligasi bu yerda hal qiluvchi rol oʻynashi mumkin. Falastin muammosini faqat Falastin davlatini tashkil etish bilan hal qilish mumkin”, deya bayonot bergan. Shuningdek, “bu mojaroda AQSh muammoni hal qilishga harakat qilmayapti. Aksincha, Falastin davlatini tuzish va BMT rezolyutsiyalarini ijro etish mavuzusidan qochishga urinmoqda. Qolaversa, AQSh Isroil va Gʻazo sektori muammolarini hal qilish boʻyicha tinchlikparvarlik urinishlariga toʻsqinlik qilmoqda”, degan Lavrov.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Isroil tashkil topganidan beri davom etib kelayotgan bu eski muammoda SSSR doimo Falastin va arab davlatlari tarafida boʻlgan. Ayni paytda ham faqatgina Rossiya va Xitoy yana Falastin davlatini tuzishni kechiktirmaslikka chaqirmoqda. Shunday qilinsa, Yaqin Sharqda tinchlik oʻrnatiladi va biz bu tinchlikdan manfaatdormiz, demoqda. Ehtimol bu harakatlar Falastin davlatini tuzish jarayonini tezlashtirib yuborar yoki bu rejani ushalmas orzu sifatida butunlay qabrga tiqar, buni vaqt koʻrsatadi. Biroq yarim asrdan beri gʻildiragi sunʼiy toʻsiqlar loyiga tiqilib yotgan Falastin muammosini joyidan siljitish uchun yangi kuch oqimini shakllantiradi, degan ehtimollar ham yoʻq emas.
Albatta, XAMASning bu harakati natijasida Gʻazo sektori, umuman, falastinliklar boshiga mislsiz kulfatlar yogʻilishi ehtimolga yaqin. Shuningdek, arab va musulmon olamida Isroil fuqarolariga, yahudiylarga nisbatan munosabat yanada yomonlashuviga ham olib kelishi mumkin. Bugun Misrda ikki isroillik sayyoh va gid oʻldirilgani ham, afsuski, bunday munosabatlar ibtidosi boʻlishi mumkin.
Oʻz navbatida dunyodagi boy va qudratli davlatlar bu voqealar ortidan falastinliklarga yordam berishni toʻxtatishi va ularga sovuqqon va hatto rahmsiz munosabat pozitsiyasiga oʻtib olishlari kutilmoqda. Jumladan, Yevropa Ittifoqi ham butunlay Isroil tarafida ekanini, endi Falastin ulardan hech qanday moliyaviy yordam kutmasligi kerakligini maʼlum qildi. “Isroil va uning xalqiga qarshi terror va shafqatsizlik koʻlami burilish nuqtasidir. Yevropa Kengashi falastinliklar uchun eng yirik donor sifatida oʻzining 691 million yevro miqdoridagi yordam portfelini qayta koʻrib chiqmoqda”, degan Ittifoqning kengayishi va qoʻshnichilik siyosati boʻyicha Yevropa komissari Oliver Varxeli.
Albatta, Tolibon, Eron va Hizbulloh qurolli guruhlarining XAMASga yordam berishga tayyor ekanliklarini izhor qilishgani bu mojaro Yaqin Sharqda yana bir katta urush oʻchogʻi paydo boʻlishiga olib keladi, degan xavotirlar ham yoʻq emas. Biroq mintaqadagi vaziyatdan manfaatdor deya koʻriluvchi davlatlar rahbarlarining bu mojaro yuzasidan bildirgan bosiq va sovuq bayonotlariga qaraganda, mazkur harbiy mojaro ham tez orada yakun topadi hamda Isroil-Falastin muammosi degan qalin va eski kitobning yana bir sargʻaygan varagʻiga aylanadi xolos. Zero, bu muqaddas makonda notinchlik boʻlishidan manfaatdor tomonlar hamon qudrat ustida ekan, Falastin davlati tuzilishi va mintaqada osudalik hukmron boʻlishidan umid qilishga hali erta.
Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.
Telegramda kuzatib boring!