"He onangni..." deyishga majbur qilishyapti
Bunday ishni qilmaslik uchun aql shart emas, farosat boʻlsa yetadi.

Dabdabayu asʼasaga oʻch xalqimiz koʻpincha mana shu vasvasa koʻyida bu dunyoda oʻzidan boshqa odamlar ham borligini unutib qoʻyadi. Gap yarim kechasi dangʻir-dungʻir, gumbur-gumbur qilib, onasini tugʻilgan kuni bilan tabriklaydiganlar haqida.
Tunda shirin uyquda yotsangiz, koʻchadan birdan baqiroq musiqa yangrab, "Bu mening onamdir" qoʻshigʻi quloqlarni qomatga keltiradi. Kunning eng sokin paytida yangragan bu kuy chastotasi bir necha kilometrlarga bemalol yetadi. Shirin uyquda yotgan chaqalogʻi chinqirigʻini eshitgan ota-ona ham hazil, ham chin aralash "He onangni..." deb yuboradi.
Bu kamlik qilganday ortidan gumbura-qasir mushakbozlik boshlanadi va darrov tugay qolmaydi. Mana shu ongsizlik uchun yana falon pul sarflangan. Bunday vasvasa odatda soat 00:00da boshlanadi, chunki kimningdir onasi tugʻilgan sana kirib keladi. Yoz oylarida juda avjiga chiqishini hisobga olsak, deyarli hamma derazalarini ochib uxlaydi.
Albatta, onalarimiz moʻʼtabar, ularni har qancha eʼzozlasak, koʻklarga koʻtarsak, shuncha kam. Ammo bir savobli ish qilaman deb, bu tomonda undan koʻproq gunohga botish qanchalik mantiqli? Qolaversa, onalarimiz-da bunday dabdabani istamaydi.
Bu holat ham diniy, ham dunyoviy tomondan qoralanadi.
Xususan, musulmon odam aslo qoʻshnilariga ozor bermasligi kerak. Bir ayoliki, kechasi bilan namoz oʻqiydi, nafl roʻzalar tutadi va falon yaxshiliklarni qiladiyu, lekin qoʻshnisiga ozor yetkazishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytganlarida, u zot alayhissalom: "U ayolda yaxshilik yoʻq. U doʻzax ahlidandir", dedi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimning qoʻshnisi uning yomonligidan omonda boʻlmasa, u jannatga kirmaydi", dedi. Birovning tinchini buzib, ozor bersa, tavba qilmay, kechirim soʻramay vafot etsa, u inson uchun endi jannat begona.
Xoʻsh, qonunlarimizda nima gap? Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda bunga alohida modda bor:
Tungi vaqtda (soat 23.00 dan 06.00 gacha) fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish, yaʼni baland ovoz bilan qoʻshiq aytish, musiqa chalish, tovush signallari berish, xonadonlarda, turar joylarning yoʻlaklari va eshiklarida, koʻchalarda ovozi baland qilib qoʻyilgan televizorlar, radiopriyomniklar, magnitofonlar va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalardan foydalanish, turar joy binolarida va ulardan tashqarida juda zarur boʻlmagani holda shovqin chiqaruvchi ishlar qilish, quyidagi miqdorda jarima solishga sabab boʻladi:
- fuqarolarga BHMning uchdan bir qismi;
- mansabdor shaxslarga BHMning uchdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha.
Hozir har bir hududda tinchlikni saqlash uchun ichki ishlar boʻlinmalari bor, navbatchilik ham qilishadi. Bunday shovqinni eshitmasliklari mumkin emas. Ammo huquqbuzarlikning oldini olish, uni toʻxtatish va huquqbuzarlarni jazolash haqida oʻylab koʻrishmaydi. Kimdir ariza bersin, degan bahonasi bor.
Qonunlarni qonun himoyachilari hurmat qilmagan va oʻz ishini bajarmagan makonda fuqarolar bilganidan qolmaydi. Masalan, istagancha kamera oʻrnatib qoʻysangiz ham, baribir qizilda oʻtaveradi, piyodani bosib ketaveradi, tezlikni tushirmaydi.
Adolat tarafdorlarining oʻzlari hech kimi yoʻq yosh qizlarni istagancha xoʻrlab, zoʻrlashi mumkin, ammo qonun ularni chetlab oʻtadi, chunki ularning oʻzlari qonun himoyachilaridir.
Bolalari zaharli dorilardan oʻlib ketsa-da, sohaga masʼul rahbarlarning oʻzlari shu ishga bosh boʻlib tursa, dodini kimga aytsin shoʻrlik ota-onalar!
Bunday misollar juda koʻp. Qonunlar toʻgʻri va oʻz oʻrnida ishlamas ekan, hamma uni hurmat qilib, boʻysunmas ekan, jamiyat va davlat bir-biriga ishonishi ancha qiyin boʻladi.
Bobur Jalolov